Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi

Jahon 23:35 / 13.11.2024 3280

Florensiya rasmiylari 12 noyabr kuni Italiya hukumati «Katta yettilik»ga a’zo davlatlarning turizm vazirlarini qabul qilgan bir paytda «haddan ziyod tuzim»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni qabul qildi, deb xabar beradi ABC News.

Qayd etilishicha, mer Sara Funaro kabineti 10 ta banddan iborat rejani ma’qullagan. Ulardan biriga ko‘ra, ekskursiya gidlariga Florensiya tarixiy markazida ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, shahar ma’muriyati kvartiralarini ijaraga berish vaqtida bino devoriga kalit uchun mo‘ljallangan qutilarni o‘rnatayotgan uy egalariga qarshi kurashish niyatida. Hukumatning fikricha, bu kabi moslamalarning o‘rnatilishi shaharning tarixiy ko‘rinishini buzmoqda.

ISTAT Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Italiyaga o‘z tarixidagi eng ko‘p turist tashrif buyurgan: 134 million kishi kelgan, 451 million odam esa mehmonxonalar yoki boshqa turar joylarda to‘xtab o‘tgan.

Mehmonxonadan tashqari maskanlarda qolishni tanlagan tashrif buyuruvchilar soni 2022 yil bilan taqqoslaganda 17 foizga oshgan.

Italiya BMTning Jahon sayyohlik barometri reytingida xalqaro turistik yo‘nalishlar bo‘yicha Fransiya, Ispaniya va AQShdan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Statista tadqiqotlarida keltirilishicha, 2023 yilda turistik sohaning Italiya YaIMdagi ulushi 10,5 foizni tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: