Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi

O‘zbekiston 10:17 / 12.11.2024 6847

Farg‘onada tanishini o‘g‘irlik maqsadida o‘ldirgan ayolga hukm chiqarildi.

Sud materiallariga ko‘ra, ayolning kredit qarzdorligi bo‘lgan. U jabrlanuvchi bilan avvaldan tanish bo‘lgan va uyida pul jamg‘armasi borligini bilgan.

Sud jarayonida ta’kidlanishicha, mahkum jabrlanuvchining kun tartibini — qachon uyni tark etishi, qachon qaytishini o‘rgangan. Qayd etilishicha, ayblanuvchining xatti-harakatlari ayolda shubha uyg‘ota boshlagan. U, xususan, qizini uyda yolg‘iz vaqtida unga eshikni ochmaslik haqida ogohlantirgan.

Jinoyat 21 may kuni, jabrlanuvchining qizi maktabga ketganida sodir bo‘lgan. Ayol tanishining uyiga kelib, jabrlanuvchiga 20 martadan ortiq pichoq urgan, so‘ng jinoyat izlarini yashirish uchun uy atrofiga rastvoritel suyuqligini to‘kib, o‘t qo‘ygan.

Ayol uydan chiqib ketayotib, marhum uy sotib olish uchun yig‘ib yurgan 2000 dollar va tilla taqinchoqlarni olib ketgan.

U uyiga kelgach, qonli kiyimini almashtirgan va pichoqni soyga uloqtirgan. Shu kuni u 12 million so‘m miqdoridagi kreditining bir qismini yopgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahri sudi ayolni 15 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: