«Real» — «Selta» 5:2
Gollar: Mbappe (37), Vinisius (48), Endrik (108, 119), Valverde (112) — Bamba (83), Alonso (90+1, penalti).
«Real» – Lunin, Fran Garsiya (Bellinghem, 90+2), Ryudiger, Asensio, Vaskes, Seballos (Kamavinga, 70), Tchuameni, Modrich (Valverde, 79), Vinisius (Rodrigo, 105), Mbappe (Endrik, 79), Dias (Guler, 70).
«Selta» – Vilyar, Mingesa, Karreyra (Servi, 75), Alonso, Starfelt, Xavi Rodriges (Mankillo, 90), Svedberg (Duran, 56), Moriba, Beltran (Sotelo, 56), Alvares (Bamba, 67), Iglesias (Fer Lopes, 75).
Ogohlantirishlar: Asensio (90+1), Vilyar (96), Alonso (101), Starfelt (101), Endrik (109), Iglesias (111).
«Real» o‘tgan haftada Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»dan beshta gol o‘tkazgandi. Madridlik muxlislar qatorasiga ikkinchi mag‘lubiyatni ko‘tara olmasdi, qolaversa, Ispaniya Kubogidagi raqib nisbatan kuchsiz bo‘lgan «Selta» edi.
Chempionlar maydonga eksperimental tarkibda tushdi. Lunin boshlang‘ich tarkibdan joy egalladi, Kurtua esa o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmagandi. Mendi, Valverde, Kamavinga, Bellinghem va Rodrigo zaxirada qoldirildi, Asensio ilk daqiqalardan o‘ynadi. Himoyadagi kadrlar muammosiga qaramay, unga asosan kubok o‘yinlarida imkoniyat berilmoqda. «Barsa» bilan o‘yinda muvaffaqiyatsiz harakatlangan Tchuameni ham startdan joy oldi. Tarkiblar e’lon qilinganida va u har to‘pga teginganida hushtakbozlik qilindi.
O‘yinning dastlabki qismi ancha sokin kechdi. Raqiblar nimanidir kutayotgandek u qadar xavfli bo‘lmagan hujumlar uyushtirishdi. Muxlislar ko‘z o‘ngida o‘zini oqlashga uringan Tchuameni 14-daqiqada uzoq masofadan zarba yo‘llab ko‘rdi. Darvozabon Vilyar esa xotirjamlik bilan to‘pni egallab oldi. Jamoalar xuddi Ispaniya kubogi 1/8 finalida emas, YeChL yarimfinalida o‘ynayotgandek ehtiyotkorlik bilan harakatlanishda davom etishdi.
«Real» to‘pga egalik qildi va uni yo‘qotganida faollik bilan pressing uyushtirdi. «Selta» uchun bu muammo tug‘dirmadi. Jamoaning pozitsion mudofaasi xatoga yo‘l qo‘ymadi. Mbappe va Vinisius dribling ishlatib bir raqibdan o‘tishi bilan ikkinchisi qarshi olaverdi. 36-daqiqagacha faqat Braim Vilyarni chinakamiga ishlashga majbur qildi.
Ammo «Real» baribir hisobni ochdi. Lekin bu ancha bahsli ko‘rinish oldi: Svedberg raqib jarima maydoni ichida Lunin bilan kontaktdan keyin yiqildi, hakam penalti belgilamadi va qarshi hujumda gol urildi. Mbappe markaziy doira atrofida to‘pni egallab oldinga yurdi, darvozaga yaqinlashdi va to‘pni yerlatib olis burchakka aniq yo‘naltirdi.
Holbuki videotakror Lunin qoida buzgani va uning darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasini belgilanishi kerak bo‘lganini ko‘rsatdi. Bu epizod uzoq muhokama qilinadi. Ayniqsa u titulga ta’sir etsa.
48-daqiqada «Real» yana gol urdi. Mbappe Diasga diagonal pas uzatdi. U esa Vinini to‘p bilan ta’minladi, braziliyalik vinger yaqin burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. «Selta» taslim bo‘lmadi va javob qaytarishga urindi, ammo «Real»ga qarshi o‘yinda 0:2 hisobidan chiqib ketish juda mushkul vazifa edi.
Vinisius parashyut uslubidagi zarbasi bilan hisobni yiriklashtirishi mumkin edi. Starfelt bunga rozi bo‘lmadi va bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib qoldi. 77-daqiqada esa Kilian va Vinisiusning kombinatsiyasidan keyin Guler zarba berish nuqtasiga chiqib bordi va aniq zarba yo‘lladi. Ammo unga to‘p uzatgan Vinida bir santimetrlik ofsayd qayd etildi.
83-daqiqada esa Kamavinga tomoshabinlarni ekranga qaytardi — Eduardu to‘pni yonidagi Tchuameniga uzatmoqchi edi, ammo jamoadoshi oldinga qadam tashlab bo‘lgandi va Duran to‘pni egallab olib, jarima maydoni markazida turgan Bambaga yetkazib berdi, hisob qisqardi.
«Real» baribir hisobni ushlab qoladigandek edi. Ammo Asensio qo‘shimcha daqiqalarda jarima maydoni ichida Bambani yiqitdi. Alonso esa belgilangan penaltini aniq ijro etdi.
Valverde, Bellinghem, Guler, Endrik — o‘yinga zaxiradan tushgan bu futbolchilar qo‘shimcha bo‘limlarda g‘alabani ta’minlashdi. Braziliyalik yosh hujumchi 108-daqiqada turkiyalik jamoadoshidan to‘pni qabul qilib olib, o‘girildi va chap oyog‘ida olis burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Vilyar sakrashiga ham hojat qolmagandi — zarba ideal chiqdi.
«Selta»da yana hisobni qisqartirish uchun vaqt juda kam edi. Buning o‘rniga ular yana ikki gol o‘tkazib yubordi: Valverde Tchuameni tashlab bergan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, o‘z uslubida uzoqdan zarba yo‘lladi, so‘nggi daqiqalarda esa Endrik texnikasini namoyish etgan holda tovoni bilan hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
«Manchester Yunayted» — «Sauthempton» 3:1
Gollar: Diallo (82, 90, 90+4) — Ugarte (43, avtogol).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, de Ligt, Yoro (Maguayr, 83), Fernandesh, Garnacho, Mazraui (Eriksen, 83), Maynu (Antoni, 46), Ugarte (Kolliyer, 54), Amad Diallo, Hoylund (Zirkze, 53).
«Sauthempton» – Remsdeyl, Harvud-Bellis, Bednarek (Vud-Gordon, 83), Bri, Fernandesh (Armstrong, 73), Uoker-Piters, Aribo (Dauns, 73), Ugochukvu (Onuachu, 83), Sugavara, Sulemana, Dibling (Smollboun, 63).
Ogohlantirishlar: Dibling (45), Fernandesh (45+1), Martines (52), Dauns (79).
«Manchester Yunayted» APLda qatorasiga to‘rt turda g‘alaba qozona olmagandi. Va shusiz ham og‘ir vaziyatini yomonlashtirib yuborib, 15-o‘ringa tushib ketgandi. Ammo «MYu»da nihoyat chempionatda g‘alaba qozonish imkoniyati paydo bo‘ldi. Uyda autsayder «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda bo‘lmasa yana qachon?
«MYu» bosh murabbiyi Ruben Amorim boshlang‘ich tarkibda syurpriz qilmadi. Faqat Alexandro Garnacho dekabr oyi boshlaridan buyon ilk bor ilk daqiqalardan o‘ynadi, qolgani — odatdagidek. Ammo bu mankunianliklarga o‘yin startida tashabbusga egalik qilishga imkon bermadi. «Sauthempton» kutilmaganda tetik, jahl va qat’iyat bilan harakatlandi. Yangi murabbiy Ivan Yurichning imzosi sezilib turdi: yuqori pressing, doimiy harakatda bo‘lish va jon berib o‘ynash. Va o‘yindagi ilk xavfli vaziyatni aynan mehmonlar yuzaga keltirdi: 12-daqiqada Kamal Suleyman «MYu» jarima maydoniga yorib kirib, zarba berdi. Andre Onana o‘zini ko‘rsatishiga va jamoasini qutqarishiga to‘g‘ri keldi.
Kamerunlik darvozabon bo‘lim davomida «Sauthempton»dagi hamkasbiga qaraganda ko‘proq ishlashi talab etildi. 27-daqiqada esa bir hujumning o‘zida ikkita seyv amalga oshirdi: avvaliga himoyachilar ortidan yerlatib yo‘llangan zarbaga reaksiya ko‘rsatdi, keyin esa yaqin masofadan yo‘llangan takroriy zarbani ko‘kragi bilan to‘sib qoldi. Agar kamerunlik posbon bo‘lmaganida «MYu» turnir jadvalida hozirgi o‘rnidan ham pastroqda joylashgan bo‘lardi.
Barcha birinchi bo‘lim golsiz durang bilan yakunlashiga tayyorlanayotganida hisob ochildi. 42-daqiqada mehmonlar burchak zarbasi ishladi. Mateush Fernandesh standart vaziyatni ijro etdi, to‘p jarima maydoni bo‘ylab uchib, «MYu» yarimhimoyachisi Manuel Ugartening yelkasiga tekkan holda darvoza to‘riga yo‘l oldi. Onana to‘pga qo‘lini qo‘yishga ulgurdi, ammo to‘p chiziqni kesib o‘tib bo‘lgandi. Mehmonlar foydasiga 1:0 — «Old Trafford»dagi muxlislar karaxt ahvolga tushdi.
«Sautghempton» APLning bu mavsumidagi yagona g‘alabasini noyabr boshida «Everton» ustidan qo‘lga kiritgandi. Shundan keyin — 10 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriya qayd etildi. Endi esa «Manchester Yunayted» maydonidan uch ochko olib qaytish imkoni yuzaga keldi. Top-klublarga (APLda «Liverpul», kubok o‘yinida «Arsenal») qarshi «MYu» munosib harakat qilmoqda, kuchsiz jamoalarga qarshi esa Robin Gudga aylanmoqda. Ammo Ruben Amorim shogirdlarida kambek uchun hali 45 daqiqa bor edi.
Ikkinchi bo‘lim boshi esa yana «Sauthempton» ustunligida kechdi. Jamoa yana gol urishi mumkin edi, ammo 58-daqiqada Suleyman yo‘llagan zarbadan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa «MYu»da zaxiradan tushgan Antoni navbatdagi «shou»sini namoyish etdi. U Garnachoning qanotdan uzatmasidan keyin yaqin masofadan darvozani ishg‘ol eta olmadi, to‘p to‘g‘ri Ramsdeylning qo‘liga bordi.
Mezbonlar javob golini urish uchun oldinga borishdi, ammo har safar mehmonlar yoki himoyada yaxshi harakatlanishdi, yoki omad ularga kulib boqdi. Vaqt o‘tgan sari «Sauthempton» hisobni ushlab qolishiga ishonch orta boshladi va jamoa qarshi hujumlarda «Manchester Yunayted»ni jazolab, o‘yin masalasini hal qilishga urindi. Mehmonlar bir omilni hisobga olishmadi, mezbonlarda Amad Diallo degan futbolchi bor edi.
82-daqiqada «MYu»ning yangi yulduzi tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Ivuarlik futbolchi Zirkzeyedan to‘pni qabul qilib oldi va raqiblarni aldab o‘tib, jarima maydoniga kirib bordi. Dialloning birinchi zarbasidan keyin to‘pni Uolker-Piters to‘sib qoldi, ammo to‘p Amadning o‘ziga qaytib keldi va u ikkinchi urinishda darvozani ishg‘ol qildi. Diallo qatorasiga ikkinchi turda gol urdi: u o‘tgan turda «Liverpul» bilan o‘yinda ham (2:2) hisobni tenglashtirgandi.
O‘yin oxirigacha ko‘p vaqt qolmagandi. «Manchester Yunayted» g‘alaba uchun oldinga tashlandi. Amad Kristian Eriksen bilan ajoyib kombinatsiya uyushtirdi. Ivuarlik futbolchi o‘ng qanot bo‘ylab harakatlanib, to‘pni daniyalik sherigiga oshirdi va jarima maydoni ichiga yugurib, qaytarib berilgan to‘pga bir teginishda g‘alaba golini urdi.
Qo‘shimcha daqiqalarda esa Amad het-trikni rasmiylashtirdi. U raqib jarima maydoni ichida bosim uyushtirib, Harvud-Bellisdan to‘pni olib qo‘ydi va uni bo‘sh darvoza tomon yumalatib yubordi. 2022 yil Krishtianu Ronaldu ketganidan buyon ilk bor «qizil iblislar» jamoasi futbolchisi bir o‘yinda uch gol urishi ro‘y berdi.
Muhim g‘alabadan keyin «MYu» oxirgi besh tur ichida ilk bor uch ochko qo‘lga kiritdi va turnir jadvalida 12-o‘ringa ko‘tarildi. «Sauthempton» esa yaxshi o‘ynaganiga qaramay, yana ochko ololmadi. Klub chempionshipga qaytib ketishi muqarrar bo‘lib bormoqda.