Vazirlar Mahkamasining «Davlat mulkini ijaraga berish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan «Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining oshxonalari E-auksion tizimida o‘tkazilgan tanlov asosida ijaraga beriladi.
Quyidagi talablarga javob beradigan ijaraga oluvchilar tanlovda ishtirok etishlari mumkin:
- tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgan;
- umumiy ovqatlanish bo‘yicha kamida 6 oy davomida faoliyat yuritayotgan;
- oshxona faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha maxsus jihozlarga ega bo‘lgan;
- shartnoma va sud hujjatlari bo‘yicha zimmasida ijara hamda soliq to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan.
Bunda ijaraga oluvchi arizasiga ushbu talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari va tegishli ma’lumotlarni ilova qiladi.
Tanlovda g‘olib deb e’tirof etilgan ijaraga oluvchi bilan ijara shartnomasi shu davrdagi o‘quv yili uchun tuziladi.
Majburiyatlarini muddatida va to‘liq bajarib kelayotgan ijaraga oluvchi bilan shartnoma muddati keyingi o‘quv yillariga uzaytirilishi mumkin.