Bayden giyohvand moddalar ishi bo‘yicha qamalgan qariyb 2,5 ming kishining jazosini yengillashtirdi

Jahon 19:11 / 17.01.2025 861

AQSh prezidenti Jo Bayden giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun qamalgan qariyb 2,5 ming kishini afv etdi. Amerika yetakchisining bu boradagi bayonoti Oq uy saytida e’lon qilindi.

«Bugun men zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirmay, giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib, amaldagi qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydigan darajada uzoq muddatga hukm etilgan 2,5 mingga yaqin kishining jazosini yengillashtirmoqdaman», — deydi Bayden.

Ta’kidlanishicha, ushbu harakat tarixiy xatolarni tuzatish, hukm chiqarishdagi nomutanosiblikni bartaraf etish va munosib odamlarning panjara ortida uzoq vaqt o‘tirganidan keyin o‘z oilalari hamda jamoalariga qaytishiga imkon berish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Afv etish to‘g‘risidagi qaror Bayden AQSh prezidentligi lavozimidan ketishiga bir necha kun qolganida qabul qilinmoqda. 20 yanvar kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi.

Dekabr oxirlarida AQSh prezidenti federal sudlar tomonidan o‘limga hukm qilingan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirgandi. Jo Bayden ularning jazosini muddatidan oldin shartli ozod etilish imkoniyatisiz umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirgan. Shundan so‘ng afv etilganlarning ikki nafari prezident qaroridan norozi bo‘lib, sudga shikoyat arizasi kiritgan.

Undan oldinroq AQSh prezidenti Jo Bayden o‘g‘li Hanterni afv etgandi. Hanter Baydenga qarshi noqonuniy qurol saqlash va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ish ochilgan edi. Oq uy rahbari amerikaliklar ota va prezidentning o‘g‘lini afv etish qarorini tushunishlariga umid bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: