«Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2025 yil 1 maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari (2,25 million so‘m) miqdoridagi bir martalik nafaqa puli «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 apreldan «Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar esa – oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning oktyabr oxirlarida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar soni har 100 ming aholiga hisoblaganda 68 nafarni tashkil etishini ma’lum qilgandi. «Bu ko‘rsatkich Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar orasida eng past darajada», degandi u.
Joriy yilning fevral boshlarida esa O‘zbekistonda jazo muddatini o‘tayotgan mahkublar tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qib, belgilangan imtihonni topshirsa jazo muddati 3 kungacha qisqartirilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.