Kim g‘olib: Isroil yoki Hamas? 

Jahon 19:33 / 17.01.2025 12423

Isroil va Hamas 15 oylik urushdan keyin sulh tuzish, garovdagi isroilliklarni falastinlik mahbuslarga almashish hamda isroillik harbiylarni G‘azo sektoridan olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelishuv hali kuchga kirmagan bo‘lsa-da, bu urushning yakuni bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda asosiy faza yakuni sifatida ko‘rilmoqda. «Meduza» jurnalist Marianna Belenkayadan kelishuv bo‘yicha dastlabki yakunlarni sarhisob qilishni so‘radi.

— Kim g‘olib?

— Murakkab savol, chunki urush hali yakunlanmadi. Va biz u qachon tugashini ham bilmaymiz. Ammo bu raundda, menimcha, Hamas g‘olib bo‘lmoqda. Kamida u asablar jangida g‘olib keldi. Aslida, Hamasning yo‘qotadigan narsasi yo‘q, Isroilda esa bor.

— Bu yerda asimmetriya bor: Isroil g‘alaba qilishi uchun urushning belgilangan maqsadlariga erishishi lozim, Hamasdan esa shunchaki omon qolishi talab etiladi.

— Ha deyish ham, yo‘q deyish ham mumkin. Hamas mavjudligini saqlab qolmoqda va istalgan pallada tiklanishi mumkin, ammo uning harbiy infratuzilmasi vayron qilingan. Gap u qanchalik ishlay olishi va G‘azo sektorini nazorat qila olishida.

Aftidan, hozircha unda buning uchun imkoniyat qolmoqda. Albatta, 7 oktyabrga qadar bo‘lgani kabi emas. Ammo hozircha Hamas G‘azo sektoridagi hokimiyat bo‘lib turibdi. Isroil esa sektordagi vaziyatni tubdan o‘zgartirmoqchi edi.

— Nega o‘xshamadi?

— Chunki Hamasning harbiy infratuzilmasini yakson etish va uni sektordagi siyosiy kuch sifatida tugatish bo‘yicha dastlabki qo‘yilgan vazifa urushning boshqa bir maqsadiga — garovdagilarni ozod etish maqsadiga ters kelardi.

Bir qo‘l bilan jang qilib, ikkinchisi bilan o‘z odamlaringni ozod etishga urinish imkonsiz. Ehtimol, bunga harbiy amaliyot o‘tkazish orqali erishishdan umid qilingandir. Chindan ham kimlarnidir olib chiqa olishdi, ammo sanoqli kishini.

Garovdagilardan ayrimlari Isroil harbiylarining xatolari tufayli halok bo‘lishdi. Qolaversa, Isroil qo‘shini yaqinlashgan hududlarda saqlangan mahbuslar o‘ldirilishi xavfi bo‘lardi. Bunday pretsedent ham qayd etilgan — garovdagilarning olti nafari halok bo‘lgan.

Bunday sharoitlarda harbiy harakatlar olib borish juda qiyin. Garovdagilar omili yo‘q bo‘lgan Livanda barchasi ancha tezroq va intensivroq kechdi — va u yerda ham Isroil «Hizbulloh»ni to‘liq yo‘q qila olmagan. Ammo bu yerda bunday maqsad qo‘yilmagandi ham.

— Ya’ni Hamas g‘alaba qozondi, chunki Isroil o‘z oldiga maqsadlarni noto‘g‘ri qo‘ygandimi?

— Isroilda boshqa maqsadlar qo‘yish imkoni ham yo‘q edi. Garovdagilarni ozod etish maqsadi qo‘yilmasligi mumkin emasdi. Va Hamas bilan ham nimadir qilish talab etilardi. Bu ziddiyat avvalboshdan yuzaga kelgandi.

Boshqacha strategiya tanlash mumkinligini aytib bahslashish mumkin. Isroil G‘azo sektorida urush oxiriga kelib nimaga erishmoqchi bo‘lgani borasida aniq strategik qarash bo‘lishi kerak bo‘lganini aytish mumkin. Gumanitar masalalarni boshqacharoq hal qilish mumkin edi. Ammo biror ish o‘xshamaganining biror sababi bor edi: siyosiy, harbiy — bir vaqtning o‘zida hammasining aralashmasi.

Ammo Hamasga jiddiy zarar yetkazildi: u endi oldingidek emas. Unda, albatta, qayta tug‘ilish imkoniyati bo‘ladi. Qolaversa, imij nuqtayi nazaridan ular buning barchasini o‘z g‘alabasi sifatida talqin etishi mumkin. Hamas va shu kabi guruhlar hech qachon mag‘lubiyatini tan olmaydi, ular kamdan kam hollarda buni mulohaza qilishadi. Isroil jamiyati esa doimo barchasini sarhisob qiladi. Va bu ham Hamas nima uchun osonlik bilan o‘z g‘alabasini e’lon qilishidagi muhim omildir. Og‘ir yo‘qotishlarga qaramay, u o‘zini qaytadan tiklaydi.

Isroil jamiyati esa bu vaqtda og‘ir ahvolda, u parchalangan va tushkunlikka tushgan.

— Bu urush butun Yaqin Sharqni qaytadan yig‘ishga turtki bo‘ladi, deyish mumkinmi?

— Shubhasiz, ha. Bu urush zanjirli reaksiyani boshlab berdi. «Hizbulloh»ga ulkan zarba berildi. Natijada, Eronning mintaqa bo‘yicha ambitsiyalari ancha pasaydi. Mintaqa Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga tortilishiga sal qoldi. Hozircha bundan qochishga muvaffaq bo‘lindi — ammo butunlaygami degan savol ochiq qolmoqda. Hech bo‘lmaganda, bir necha yil oldin tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan voqealar sodir bo‘ldi.

Qolaversa, dunyo husiychilar haqida bilib oldi. Ilgari ular qandaydir e’tibordan chetda qolgandek edi. Endi esa guruh Qizil dengiz orqali o‘tgan global savdoni deyarli butunlay to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Suriya ham bor. «Hizbulloh» Isroil bilan urush tufayli Asadga yordamga borolmadi. Iroq bilan nima bo‘lishini hali bilmaymiz. Ko‘p yillar davomida Suriya hududida bo‘lgan iroqliklarning guruhlari uyga qaytgan — ular endi o‘zini qanday tutadi? Savollar ko‘p.

— Bundan kelib chiqadiki, Isroil, yutqazgan bo‘lsa ham, bir yarim yil oldingidan yaxshiroq strategik holatdami?

— Aniq shunday deb bo‘lmaydi, mintaqada barchasi juda nozik. Eronning ta’siri susaydi — lekin Turkiyaning ta’siri kuchaydi va biz bu hali nimaga olib borishini bilmaymiz.

Eslatishni istardimki, amerikaliklar Saddam Husaynni ag‘darganida va Iroq ko‘p yillarga mintaqaviy sahnani tark etganida, bu aynan Eron ta’siri kuchayishiga olib kelgandi. Endi biz shunga o‘xshash narsaga guvoh bo‘lyapmiz: yangi o‘yinchilar birinchi planga chiqmoqda. Nafaqat Turkiya, balki Saudiya Arabistoni va Amirliklar ham faollashgan.

Bularning barchasi, bir tomondan, Isroilning foydasiga xizmat qilishi mumkin. Bu Eronning ambitsiyalarini kichraytirib, Avraam kelishuvlari kengaytirilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo aksi bo‘lishi ham mumkin: arab davlatlari Falastin davlatini tuzishga erishish uchun Isroilga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Shunday ekan, Isroil bu jangni Hamas shu qadar kuchli bo‘lgani uchun emas, o‘z qo‘llari bog‘langani tufayli yutqazgan bo‘ladi. Urushga keladigan bo‘lsak — u hali yakunlanmadi. Falastin-Isroil mojarosi ham.

Ko‘proq yangiliklar: