Bundan bir necha kun oldin “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi a’zolari Tojikistonda joylashgan Rog‘un GESi borasida o‘z hisobotlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra Rog‘un GES to‘g‘onini juda baland qilib qurish xavf tug‘diradi. Shu sababli koalitsiya Tojikistondan uni maksimal balandlikkacha qurmaslikni so‘ragan. Tashkilot o‘z hisobotini Rog‘un GES qurilishida asosiy sarmoyador bo‘lib kelayotgan Jahon bankiga ham yuborgan.
Ma’lumot uchun, Rog‘un GESning dastlabki generatorlari 2018 yilda, keyingilari 2019 yilda ishga tushirilgan. Qo‘shni davlat hozirda GESni to‘liq bitkazish uchun sarmoyadorlarni izlamoqda. Rog‘un GES to‘liq bitsa, balandligi 335 metr bo‘ladi va u jahondagi eng baland to‘g‘onlardan biriga aylanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda Yer yuzida 800 mingdan oshiq katta va kichik to‘g‘onlar bor. Elektr energiyaga, ayniqsa “yashil energiya”ga talab oshib boraverar ekan, kelajakda tog‘li hududlarda baland to‘g‘onlar qurilishi davom etaveradi.
Biroq bunda to‘g‘on quriladigan joydagi yer jinslari, hududning seysmik holati chuqur o‘rganilishi kerak. Aks holda Italiyadagi Vayont to‘g‘onida sodir bo‘lgan hodisa kabi ayanchli halokat sodir bo‘lishi mumkin.
Dunyodagi eng baland to‘g‘on
Vayont to‘g‘oni 1961 yilda Alp tog‘larining Italiya shimolida joylashgan qismida, Pyave daryosi irmog‘ining oldi to‘silib qurilgan.
To‘g‘on qurilishi uchun tog‘ daryosining tor daradan oqib o‘tadigan joyi tanlangan. Bu hududda yer jinsi juda bo‘sh bo‘lib, tez-tez yer ko‘chib turardi.
Biroq loyihachilar buyurtmachilarni to‘g‘on oxirigacha to‘ldirilmasa hech qanday muammo yuzaga kelmaydi deb ishontirishadi. Shundan so‘ng qurilish boshlanadi.
Vayont to‘g‘onining balandligi avvaliga 150 metr bo‘lishi reja qilingandi. Keyinchalik reja o‘zgaradi va balandlik 200, ko‘p o‘tmay 250, oxirida 260 metr bo‘lishi belgilanadi. Bu balandlik Vayontning o‘sha paytda dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘lishi uchun yetarli edi.
To‘g‘on bitgandan so‘ng unga 168 mln metr kub suv yig‘ish va 200 megavatt elektr energiya ishlab chiqarish mumkin edi. Suv omborini to‘ldirish 1960 yil fevral oyida boshlanadi.
Suv ombori chetidagi tog‘da paydo bo‘lgan yoriq
To‘g‘on to‘ldirilar ekan, suvning balandligi 170 metrga yetganda mas’ullar suv ombori chetidagi tog‘ ko‘kragida uzun yoriq paydo bo‘lganini sezib qolishadi. Yoriq kuzatuv ostiga olinganda har kuni u 3,5 santimetrga kattalashayotgani aniqlanadi.
1960 yil kuzda suv ombordagi suv sathi 180 metrga yetganda uning qirg‘oiga tutash joyda yer ko‘chadi va 700 ming metr kub yer jinsi suv omboriga tushib ketadi.
Shunda mutaxassislar Italiya hukumatini Vayont to‘g‘onidan foydalanishni to‘xtatishni va suv omboridagi suvlarni pastga asta-sekinlik bilan oqizib yuborishni so‘rashadi. Biroq hukumat bu ogohlantirishlarga e’tibor bermaydi. Bu paytda dastlab kuzatilgan yoriq kattalashishda davom etardi.
1962 yilda mutaxassislar yoriq haqida batafsil hisobot tayyorlashadi. Unda agar pastga qarab siljiyotgan ulkan yer bo‘lagi suv omboriga sekin tushsa hech qanday zarar yetkazmasligi, mabodo tez tushsa juda ayanchli halokat yuz berishi mumkinligi aytilgandi.
Hukumat bu hisobotni ham e’tiborsiz qoldiradi. Chunki ular ulkan yer bo‘lagi suv omboriga asta-sekinlik bilan tushadi deb o‘ylashayotgandi.
Hukumatdagilar har ehtimolga qarshi, ya’ni favqulodda holat sodir bo‘lganda suv omboridagi suvning sathini tezroq pasaytirish uchun qo‘shimcha dranejlar qurilishi kerak deb hisoblashardi.
O‘sha paytda yer ko‘chishi tezligini pasaytirish yoki uni butunlay to‘xtatish uchun suv omboridagi suv sathini pasaytirish kifoya edi. Biroq unday qilinmaydi.
Buning o‘rniga ular suv omboridagi suv sathini bir necha marta maksimal ko‘tarib, keyin pasaytirishadi. Bir so‘z bilan aytganda ko‘rinib turgan real xavf bilan sichqon-mushuk o‘yinini o‘ynashadi.
Ular suv sathini pasaytirish o‘rniga avval uzun yoriq tepasi bo‘ylab elektr liniyasi tortishadi. So‘ng simyog‘ochlarga chiroqlar o‘rnatib, yoriqni kecha-yu kunduz kuzata boshlashadi.
Shuningdek, bir nechta tajribalar o‘tkaziladi. Bir necha marta suv omborini to‘ldirib bo‘shatishadi. Ana shunda suv ombori to‘ldirilganda yerning siljishi tezlashadi. Aksincha, suv sathi kamayganda tezlik ham pasayadi.
Shundan so‘ng mutaxassislar pastga siljiyotgan ulkan yer bo‘lagini nazorat qilish mumkin degan xulosaga kelishadi va so‘nggi sinovni o‘tkazishga qaror qilishadi.
Ular suv sathini yana ko‘tara boshlashadi va bu jarayon 1963 yil iyun oyigacha davom etadi. O‘shanda suv sathi 240 metr balandlikkacha yetadi. Ulkan yer bo‘lagi yana harakatga keladi va har kuni pastga qarab yarim santimetrdan siljiy boshlaydi.
Halokat
O‘sha yil sentabrda suv sathi 245 metrga yetganda yerning pastga qarab siljishi tezlashadi va u pastga qarab kuniga 3,5 santimetr tezlikda surila boshlaydi. Hukumat darhol suv ombordagi suv sathini pasaytirish kerakligi bo‘yicha topshiriq beradi.
Biroq bu safar suv sathi pasayganda ham yerning siljish tezligi pasaymaydi, aksincha oshadi. 1963 yil 9 oktyabr kuni yerning siljish tezligi sutkasiga 20 santimetrga yetadi. O‘sha kuni soat mahalliy vaqt bilan 22:38 ni ko‘rsatayotgan paytda yer ko‘chishi sodir bo‘ladi.
260 mln metr kub tog‘ va yer jinslari soatiga 90 kilometr tezlikda harakatlanib 45 soniya ichida suv omboriga ko‘chib tushadi.
Halokat sodir bo‘lgan paytda suv omborida 115 mln metr kub suv bo‘lgan. Yer ko‘chishi tufayli sodir bo‘lgan to‘lqin tufayli eng avval bir necha o‘n nafar to‘g‘on ishchilari halok bo‘lishadi.
O‘shanda ulkan yer bo‘lagi kelib tushganda paydo bo‘lgan to‘lqinning balandligi 300 metrga yetadi va ko‘chib tushgan yerning qarama-qarshi tomonida joylashgan qishloqni suv bosadi. Barcha uylar suv ostida qolib, qishloq ahli halok bo‘ladi.
Halokat asoratlari
Baland to‘lqin hosil qilgan suv to‘g‘on ustidan oshib o‘tadi va soatiga 80 km tezlikda harakatlanib pastdagi vodiyni bosadi. O‘nlab qishloqlar suv ostida qoladi.
Suv omboridan otilib chiqqan suvning Longarone shahriga yetishiga bor-yo‘g‘i 4 minut kifoya qiladi. O‘sha paytda shahar aholisining aksariyat qismi uyda edi. Avvaliga shaharda chiroq o‘chadi. So‘ng Longaroneni ulkan sel bosadi. Oqibatda sel shaharni butunlay vayron qiladi.
Umumiy hisobda halokatda 200 ming odam jabrlanadi. Ularning aksariyati uy-joyidan ayrilgandi. Halok bo‘lganlar soni esa turlicha keltiriladi. Bir manbada 3000 ming kishi halok bo‘lgani aytilsa, boshqasida 2000 yoki 2500 kishi halok bo‘lgani keltiriladi.
Suvsiz qolgan Vayont
Vayont suv omboridagi hodisa tabiiy emas, inson tomonidan sodir etilgan halokat deb hisoblanadi. Chunki o‘shanda suv omboridagi suvning sathi vaqtida pasaytirilsa u to‘g‘ondan toshib chiqmas, shahar va qishloqlarni suv bosmas, odamlar halok bo‘lmasdi.
Halokatdan so‘ng ko‘p o‘tmay garchi to‘g‘onga jiddiy zarar yetmagan bo‘lsa ham suv omboridagi suv qo‘yib yuboriladi. Hozirgi kunda Vayont suv ombori bo‘sh turibdi va u sayyohlik obektiga aylantirilgan.
260 metr balandlikdagi to‘g‘onni tomosha qilmoqchi bo‘lganlarga yo‘lboshchi 1963 yilda sodir bo‘lgan halokatni hikoya qilib beradi.
Vayont suv omborida sodir bo‘lgan hodisa haqida bir nechta badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan. Jumladan, 2001 yilda italiyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Vayont” badiiy filmi shular jumlasidan.
2012 yilda esa “Halokatgacha soniyalar” serialining bir necha seriyasi “Tog‘dagi sunami” deb nomlanib efirga uzatiladi. Ularda Vayont suv omborida sodir bo‘lgan halokat hikoya qilingan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.