“Shartlar juda qiyin” - Kanadaga biror o‘zbekistonlik ishga jo‘natilmadi

O‘zbekiston 20:01 / 17.01.2025 12131

O‘zbekiston Bandlik vazirligi 2024 yil mart oyida Kanada 5 mingta bo‘sh ish o‘rnini taklif qilayotgani haqida e’lon bergandi. Kun.uz muxbiri bugun, 17 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Migratsiya agentligidan qancha o‘zbekistonlik Kanadaga ishga yuborilganini so‘radi.

Agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov o‘z so‘zida Kanadaning talablari juda yuqoriligi haqida gapirdi, savolni esa javobsiz qoldirdi. Agentlik matbuot xizmatining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, o‘tgan yilgi e’lon bo‘yicha Kanadada ishlash uchun 30 mingdan ortiq ariza kelib tushgan, shundan eng yaxshilari deb topilgan 100 kishining nomzodi Kanada tomoniga taqdim etilgan.

“Afsuski, 100 kishining nomzodi ko‘rib chiqilib, hammasi rad etilgan”, deyiladi izohda.

Azimjon Husanovning tushuntirishicha, muzokara o‘tkazgan holda Kanada tomonining bunday qattiq talablarini yumshatish ustida ish olib borish ko‘zda tutilgan.

Kanadada men o‘zim o‘qiganman, ishlaganman va yashaganman. Bilasizmi, malakali kadr bo‘lsa, bizning yordamimizsiz bemalol ro‘yxatdan o‘tib, o‘zi immigratsiya vizalariga topshira oladi. Lekin, surishtirdik, shartnoma shartlari juda qiyin. Oddiy misol, santexnik uchun oliy ma’lumot va 7,5 IELTS kerak ekan. Shuning uchun biz hozir ish beruvchilar bilan...

Mana, boshida Germaniya ham shunday talablarni qo‘ygan edi. Til bilish bo‘yicha C1 sertifikatini so‘ragan, o‘zaro kelishuvlardan keyin bu B2ga tushgan, hozir esa talabni B1ga tushirishga harakat qilyapmiz. Xuddi shunday Kanada bilan ham... Kanada bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri, tezroq ishlay olmayotganimizning yagona sababi – [ushbu mamlakatda] vakolatxona va elchixonamiz mavjud emas”, – deydi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari.

U yaqin haftalarda Germaniya va Yaponiyada ham agentlikning vakolatxonalari ochilishini aytdi. Koreyaga ishga jo‘natilgach, ish joyini noqununiy tashlab ketayotganlar masalasida agentlik tomonidan kafillik kuchaytirilganini qayd etdi.

Hech qanday kelishuv yo‘q”

Kanada 5 mingta vakansiya taklif etayotgani haqida Bandlik vazirligi bergan e’londan bir necha oy o‘tib, Kun.uz muxbiri Kanadaning Markaziy Osiyodagi elchisi Alan Hemson bilan intervyuda bu haqda so‘ragan, elchi hozircha hech qanday kelishuv yo‘qligini aytgandi.

“Elchilik vazifasiga tayinlanib, yanvar oyida ishonch yorlig‘ini topshirish uchun Toshkentga kelganimda hukumat vakillari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbariyati bilan uchrashganman. Uchrashuvda ko‘plab masalalar muhokama qilingan. Biroq oradan biroz vaqt o‘tib, adashmasam mart yoki aprel oylarida, O‘zbekiston fuqarolarini Kanadaga ishga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi degan xabarlar tarqaldi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hozircha ikki o‘rtada bu masalada hech qanday kelishuv yo‘q”, – degandi Alan Hemson.

Avvalroq Kun.uz Kanadada O‘zbekiston bosh konsulxonasini ochish rejalashtirilayotgani, bu – 2025 yilgi davlat dasturi loyihasiga kiritilganini xabar qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: