Telegram asoschisi Pavel Durov fransiyalik tergovchilarga foydalanuvchilarning messenjer qoidalariga bo‘ysunishini muntazam nazorat qilish jarayonini yaxshilashga va’da berdi.
France Info radiostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Durov dekabr oyidagi so‘roq vaqtidayoq «moderatsiya jarayonini yaxshilashini» ma’lum qilgan. Shuningdek, u messenjer har oy «dunyo bo‘ylab qonunchilikni buzgan 15-20 million akkauntni» o‘chirib tashlayotganini bildirgan. Radiostansiyaning qayd etishicha, Durov noqonuniy kontentga qarshi kurash muammosi faqat Telegramʼga emas, balki boshqa shu kabi servislarga ham taalluqli ekanini ta’kidlagan.
Sud tergovchilari o‘z navbatida, Durov tomonidan ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, so‘nggi oylarda noqonuniy maqsadlarda Telegramʼdan foydalanish holatlari ortganini bildirgan.
Telegram asoschisi Pavel Durov avgust oyi oxirida Parij aeroportida hibsga olingan edi. U messenjerni yetarlicha moderatsiya qilmaganlikda gumon etilmoqda. Jandarmeriya ma’lumotlariga ko‘ra, bu va uning hamkorlik qilishdan bosh tortishi uni bolalar pornografiyasi, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni tarqatishda sherik qiladi. Keyinroq Durov 5 million yevro garov va haftasiga ikki marta politsiya bo‘limiga xabar berish majburiyati evaziga ozod qilindi.
Noyabr oyida Belgiya federal prokuraturasi Telegram messenjeri faoliyatini 2020 yildan buyon tergov qilayotgani va endi bu borada Fransiya rasmiylari bilan hamkorlik qilishi ma’lum bo‘lgandi.