Toshkentlik o‘qituvchi olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashgan o‘quvchilari uchun 1 milliard so‘m mukofot puli oldi

O‘zbekiston 16:58 / 11.11.2024 5560

Kimyo fani o‘qituvchisi Mohira Boltayeva so‘nggi uch yil davomida olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashgan o‘quvchilarni tayyorlagani uchun umumiy hisobda qariyb 1 milliard so‘m mukofot puli oldi. Bu haqda «Nigoh» xabar berdi.

Mohira Boltayeva 23 yoshda, Toshkent shahrida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda ishlaydi. U 2019 yilda kimyo bo‘yicha xalqaro olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritgan. Hozir u iqtidorli maktab o‘quvchilarini olimpiadalarga maqsadli tayyorlamoqda.

– Bu yil o‘z shaxsiy rekordimni o‘rnatdim – uch nafar shogirdim xalqaro kimyo olimpiadasida medalni qo‘lga kiritdi. Viloyat olimpiadalarida shogirdlarim hisobida yana beshta g‘alaba bor, dedi u.

Olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini taqdirlash marosimida Boltayeva eng ko‘p mukofot puli – 378 million so‘m oldi. Shuningdek, u 2023 yilda 350 million, 2022 yilda 250 million so‘m mukofot bilan taqdirlangan.

Umuman olganda, 2024 yilda o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda 122 ta medal qo‘lga kiritdi va bu, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova so‘zlariga ko‘ra, tarixiy rekord bo‘ldi. Hukumat g‘oliblar va ularning o‘qituvchilariga mukofot puli uchun 9 milliard so‘m (700 ming dollar) ajratdi.

Xalqaro olimpiadalarda medal qo‘lga kiritgan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi va o‘qituvchilarining keyingi o‘quv yili davomida ish haqi 200 foizga oshiriladi, ularga oliy malaka toifasi beriladi. Nufuzli xalqaro olimpiada g‘oliblari ta’lim muassasalarida g‘olib bo‘lgan fanidan dars bersa, oylik maoshiga 150 foiz ustama beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: