HRW: Rossiya rasmiylari o‘zgacha fikrlovchilarni ta’qib qilishni kuchaytirmoqda

Jahon 12:27 1123

Ukrainaga qarshi ko‘plab qonunbuzarliklar bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli urushning uchinchi yilida Kreml Rossiya ichidagi har qanday ko‘rinishdagi norozilikni bostirishga qaratilgan agressiv kursini davom ettirdi va kuchaytirdi. Bu haqda Human Righs Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkilotining 16 yanvar, payshanba kuni e’lon qilingan 2025 yilgi Butunjahon hisobotida aytiladi. «Kreml fuqarolardan Ukrainaga qarshi urushni va an’anaviy rus qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlash talablarini ikki baravar oshirdi va unga rioya qilishdan bosh tortganlarni jazolashni yanada osonlashtirish uchun yangi repressiv qonunlarni qabul qildi», — deydi HRW'ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Xyu Uilyamson.

Hisobotda aytilishicha, Ukrainada Rossiya qurolli kuchlari tinch aholi infratuzilmasini tartibsiz ravishda bombardimon qilmoqda va o‘qqa tutmoqda, tinch aholi o‘ldirilmoqda va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar yuz bermoqda. Rossiyaning Ukraina elektr tarmoqlariga zarbalari butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘ldi. Rossiya hukumati minglab ukrainalik harbiy asirlar va tinch aholini izolyatsiya qilib, qiynoqqa solmoqda yoki g‘ayriinsoniy munosabatga duchor qilmoqda. Bosib olingan hududlarda Rossiya hukumati maktablarda rus tili o‘quv dasturini joriy qilmoqda, ukrain tilidan foydalanishni taqiqlamoqda va bolalari Ukraina o‘quv dasturidan foydalangan holda onlayn o‘qishni davom ettirayotgan ota-onalarga tahdid qilmoqda.

HRW ta’kidlashicha, «Memorial» inson huquqlari tashkilotining hozirgacha 804 kishini tashkil etgan rossiyalik siyosiy mahbuslar ro‘yxati o‘sishda davom etmoqda. Tashkilot hisobotida «chet el agentlari» deb tan olingan shaxslar va tashkilotlarga qaratilgan Rossiyaning yangi qonunlari keskin tanqid qilingan.

Human Righs Watch tashkiloti Rossiya hukumatini barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga va fuqarolik jamiyati erkin faoliyat yurita oladigan muhitni yaratishga chaqirdi. Rossiya hukumati insonning asosiy huquqlariga mos kelmaydigan barcha qonunlarni, jumladan, harbiy senzura, «chet el agentlari», «nomaqbul» xorijiy tashkilotlar, «chayldfri tashviqoti» haqidagi qonunlarni bekor qilishi kerak. Rasmiylar, shuningdek, ukrainalik fuqarolarga nisbatan hujumlarni, hibsga olingan Ukraina fuqarolari va harbiy asirlarga nisbatan qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabatni to‘xtatishi, okkupatsiya bo‘yicha xalqaro qonunlarga rioya etish, harbiy jinoyatlar va xalqaro gumanitar huquqlarning boshqa buzilishida aybdor bo‘lgan harbiy xizmatchilarni javobgarlikka tortishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: