Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT

Jahon 21:15 / 10.11.2024 5868

RF Mudofaa vazirligi Kursk oblastiga 50 ming kishilik qo‘shinni jalb etgan bo‘lib, ularning tarkibida rossiyalik askarlardan tashqari, KXDR harbiylari ham bor. Bu haqda AQSh va Ukrainadagi rasmiylarga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Yaqin kunlarda ular Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) tomonidan qisman egallangan Kursk oblastida keng ko‘lamli qarshi hujumni boshlashi kutilmoqda. Ayni vaqtda KXDR qo‘shinlari Kurskning g‘arbiy qismida rossiyaliklar bilan jangovar muvofiqlashuvdan o‘tmoqda. Manbalarning baholashicha, mintaqada 10 mingdan ortiq shimoliy koreyalik harbiy xizmatchilar bor.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR harbiylari UQK pozitsiyalariga to‘g‘ridan hujum qilishga tayyorlanmoqda. Ukrainalik amaldorga ko‘ra, shimoliy koreyalik askarlar ikki guruhga bo‘linyapti: ularning bir qismi hujum bo‘linmalaridan o‘rin olsa, qolganlari qaytarib olingan hududlar xavfsizligini ta’minlovchi qo‘llab-quvvatlov bo‘linmalari tarkibida bo‘ladi.

Shu bilan birga, NYT’ning ta’kidlashicha, Rossiya Ukraina sharqidagi qo‘shinlarini jalb etmagan holda kuchlarini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan — bu «Moskvaga bir vaqtning o‘zida bir nechta frontda bosim o‘tkazish imkonini beradi».

The Washington Post’ning ma’lum qilishicha, KXDR harbiylari nafaqat Kurskka, balki qo‘shni Belgorod oblastiga ham yuborilgan.

Ukraina hukumati va uning ittifoqchilari oktyabr oxirlaridan beri Kursk oblastiga KXDR harbiylari kelgani haqida gapirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya urushda ishtirok etish uchun Rossiyaga 12 mingga yaqin harbiy xizmatchisini yuborgan — ular orasida 500 nafar ofitser va uch nafar general ham bor. RF ham, KXDR ham ushbu ma’lumotlarni tasdiqlamadi.

Ko‘proq yangiliklar: