Turkiyada soxta oltinning yangi turi tarqaldi

Jahon 18:17 / 17.01.2025 4152

Turkiya bozorlarida hatto zargarlar ham aniqlay olmaydigan soxta oltin keng tarqaldi va bu fuqarolarda vahima uyg‘otdi, deb yozdi CNN Turk.

«Bozorda qalbaki oltinlar bo‘yicha ogohlantirish eng yuqori darajaga yetdi. Zargarlar ham zo‘rg‘a ajrata oladigan qalbaki oltin fuqarolar orasida vahima uyg‘otdi», deyiladi telekanal xabarida.

Oltin va pul bozori mutaxassisi Isam Memish so‘zlariga ko‘ra, soxta oltinning bozorlarda paydo bo‘lishiga yoz mavsumida oltin narxining ko‘tarilishi va tushishi sabab bo‘lishi mumkin.

«Ular ustaxonalar, masalan, zargarlik ustaxonalari ochishadi va bozorga past navli yoki butunlay qalbaki mahsulotlarni qo‘yishadi. Odatda ular onlayn sotiladi», deb tushuntirdi ekspert.

Zargarlik do‘konlari egalari ham firibgarlar qurboni bo‘layotgani xabar qilindi. Savdogarlar o‘zlarining himoya usullarini ham o‘ylab topdi. «Firibgar kelganida biz uni video suratga olib, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhga jo‘natamiz», dedi Memish.

Turkiya zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik markazlardan biridir. Turk zargarlari o‘z hunarmandchiligi bilan mashhur bo‘lib, noyob zargarlik buyumlarini yaratadi.

Turkiya Markaziy banki oltin zaxiralarini mustahkamlash va milliy valuta barqarorligini ta’minlash maqsadida faol ravishda oltin xarid qiladi.

Oltin taqinchoqlar Turkiyaga borgan sayyohlar orasida mashhur suvenir hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: