Ijtimoiy kartalarni tarqatish boshlandi. U qanaqa karta va kimlarga beriladi?

O‘zbekiston 23:37 / 17.01.2025 1215

Ijtimoiy karta aholining muayyan toifalariga bepul tarqatilib, davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy mablag‘lar (nafaqalar, yordam pullari, pensiyalar) shu kartaga tushiriladi. Karta talabalik, nogironlik va pensiya guvohnomasi kabi hujjatlarning o‘rnini bosadi; avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olishda qo‘l keladi.

Ijtimoiy karta nima?

Bundan keyin ijtimoiy xizmatlardan foydalanish va yordam olish uchun tug‘ilganlik, nogironlik to‘g‘risida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatlarni ko‘tarib yurish shart emas.

Ularning o‘rnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilib, tajriba sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida odamlarga berila boshladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, ayni paytda quyidagi 9 turdagi to‘lovlar ushbu karta orqali berilyapti:

  • kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi;
  • kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam;
  • yoshga doir nafaqa;
  • nogironlik nafaqasi;
  • yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam;
  • nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari;
  • nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa;
  • protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.

2025 yilning 1 aprelidan bular qatoriga yana 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar — homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, shuningdek, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar qo‘shiladi.

Ijtimoiy karta funksiyalari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi. Keyinchalik karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish ham mumkin bo‘ladi.

Nega ijtimoiy karta joriy etilyapti?

Ijtimoiy karta nafaqat ijtimoiy yordam olish va imtiyozlardan foydalanishni osonlashtiradi, balki davlat uchun ham xarajatlar arzonlashadi, byurokratiya kamayadi.

Katta axborotlarn jamlash, qayta ishlash va tahlil qilish imkoniyati kengayadi. Bu esa o‘z navbatida imtiyozlarni yetkazishdagi korrupsion zanjirlar va holatlarni keskin qisqartiradi. Xizmat ko‘rsatish tezlashadi.

Ijtimoiy kartani qayerdan olish mumkin?

Sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Keyinchalik Yagona portal, kartaning mobil ilovasi hamda tegishli banklar bo‘linmalari orqali ham murojaat qilish mumkin bo‘ladi.

Ijtimoiy karta bo‘yicha moliyaviy agentlar “Xalq banki” va “Aloqabank” hisoblanadi. Belgilangan toifaga kiruvchi fuqarolarga kartalar bepul beriladi.

Ularni ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida olish mumkin. O‘zgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga “Inson” markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga yetkazib beriladi.

Ijtimoiy kartalar joriy yilning 1 iyulidan boshlab bosqichma-bosqich mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Visa platformasidan foydalaniladi

Ijtimoiy kartalar uchun sinov davrida Visa platformasi tanlangan. O‘zbekistonda Visa karta orqali pul o‘tkazilganda, naqd pul yechilganda va boshqa tranzaksiyalar amalga oshirilgandagi komissiyalar milliy to‘lov tizimlari – Humo va Uzcard’ga nisbatan qimmat. Shuningdek, Visa kartani odatda faqatgina shu kartani chiqargan bank ilovasigagina ulash mumkin. Bu esa iste’molchi uchun qo‘shimcha noqulayliklar yaratadi. Kun.uz maskur holatlarga aniqlik kiritish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligiga so‘rov yubordi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, ijtimoiy karta loyihasi hamkor operatori sifatida BAAning Abu Dabi shahrida ro‘yxatdan o‘tgan Oxinus holding limited kompaniyasi tanlangan.

Ko‘proq yangiliklar: