O‘zbekistonda endi kambag‘al oilalarning farzandlari uchun bog‘cha pullari qisman qoplanadi, uyda yotib qolgan insonlarga qarash uchun xizmat joriy qilinadi. Buning xarajatlarini davlat bo‘yniga oladi.
O‘zbekistonda kambag‘al oilalarning farzandlariga endi alohida e’tibor qaratiladi. Bunday oila farzandlari ta’lim olishi va kasb o‘rganishi uchun imkoniyatlar kengaytirilishi va’da qilinmoqda. Bu xususida Prezident 13 dekabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. Mirziyoyev va selektorda yig‘ilganlar ijtimoiy himoya siyosatini muhokamadan o‘tkazdi, 2025 yil uchun rejalarni ko‘rib chiqdi.
Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi
O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani konstitutsiyada belgilangan. Demak, bunday mamlakatda xalq va uning yaxshi yashashiga mablag‘ ajratish birinchi o‘rinda turishi kerak. Prezident nutqida kelishicha, barcha hududlarda «Inson» markazlari ochilib, 102 ta ijtimoiy xizmatlar mahallalarda yo‘lga qo‘yilgan. Uyma-uy yurgan xodimlar 95 ming muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatdi, 51 ming odamga nogironlik belgiladi, 26 ming nafar odamlar esa protezlarga ega bo‘ldi. Yotib qolgan 4 ming nafar keksalar aniqlanib, ularga yordam berildi, nogironligi bo‘lgan 5 ming nafar bolalar esa bog‘cha, maktabga joylandi, deydi Prezident o‘z gapini davom ettirarkan. Shuningdek, endi kambag‘al oilalarning farzandlari uchun bog‘cha to‘lovi qisman to‘lab ham beriladi.
Uyida yotib qolganlarga qarov xizmati joriy qilinadi
Bugun o‘zi harakatlana olmaydigan, yotib qolgan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir yurtdoshlarimiz soni ham anchagina. Prezidentning ma’lum qilishicha, xuddi shunday 23 ming nafar odamlarga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki bolalari qarab o‘tiribdi. 2025 yil yanvaridan ularning 19 mingiga uyida, qolgan 4 mingiga esa kunduzgi qatnov asosida qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Natijada bu ishlarga band bo‘lgan 15 ming kishining qo‘li bo‘shab, ishlashga imkon topadi.
Yagona “ijtimoiy karta” joriy qilinadi
Kambag‘al oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj. Shu bois kelasi yili muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i esa kambag‘al oilalarning yashash sharoitini yaxshilash va daromadini oshirishga sarflanadi.
Hozirgi kunda fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni olib yurishga majbur. Endi bularning o‘rnini bosadigan bitta – “ijtimoiy karta” joriy etiladi. U bilan jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi, deydi Prezident nutqini davom ettirarkan. Shuningdek, Mirziyoyev Ijtimoiy himoya milliy agentligini «insof agentligi» deb ham atadi.
Videoselektor davomida Prezident dunyoning ruhlantiruvchi 100 ayoli ro‘yxatiga kiritilgan surxondaryolik ayol Dilorom Yo‘ldoshevaning matonatiga ham tahsin aytdi.
Energetik loyihalar taqdimoti
Kunning ikkinchi yarmida Prezident energetik loyihalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan tadbirda ham qatnashdi. Umumiy qiymati 7,2 mlrd dollarlik jami 24 loyihani amalga oshirish ko‘zlanmoqda. Shulardan umumiy qiymati 3,7 mlrd dollarlik 18 ta loyiha ishga tushirildi, qolgan 6 tasining qurilishiga esa start berildi. Mirziyoyev buni energetika sohasidagi tarixiy voqea, deya atadi. 7-8 yil avval xudo bergan ne’mat quyosh va shamoldan energiya olish biz uchun ertakdek eshitilardi va hech kim bunga ishonmagan. Shu kunlarga keldik, deydi davlat rahbari. Mirziyoyev rejasiga ko‘ra, 2030 yilga borib, davlat YaIM 200 mlrd dollardan oshadi, shu yilning o‘zida 110 mlrd dollarga yetmoqda.