O‘zbekiston | 14:05 / 20.01.2025
3500
4 daqiqa o‘qiladi

IHMA ijtimoiy kartaga oid savollarga izoh berdi

Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, Visa platformasida chiqarilgan ijtimoiy kartadagi pulni naqdlashtirish uchun komissiya to‘lovi bir foizdan oshmaydi. Shuningdek, kartani emitent bankning mobil ilovasidan boshqa ilovaga ham biriktirish va kartadan kartaga pul o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Dastlabki bosqichda loyiha Abu-Dabida joylashgan Oxinus Holding Limited kompaniyasidan 3 mln dollar miqdorida sarmoya olgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘tgan yil oxiridan ijtimoiy kartalar berishni boshlagandi. Ular hozircha Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida sinov tariqasida joriy etilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda 9 turdagi to‘lovlar ushbu karta orqali berilyapti. 2025 yilning 1 aprelidan bular qatoriga yana 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar — homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, shuningdek, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar qo‘shiladi.

Kun.uz ijtimoiy kartalar uchun nega Visa platformasi tanlangani, loyihaning budjeti va operatori haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘rab, agentlikka so‘rov jo‘natgandi.

Ma’lum qilinishicha, Visa kartasi asosida chiqarilgan ijtimoiy kartadagi pulni naqdlashtirish uchun komissiya to‘lovi bir foizdan oshmagan miqdorda bo‘ladi.

“2022 yildan boshlab ayrim turdagi ijtimoiy to‘lovlarga bank plastik kartasi orqali to‘langanida bir foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi. Bunda fuqarolar pensiya va nafaqalarini bankomatlar orqali naqdlashtirganda qo‘shimcha xarajat bo‘lmaydi. Shuningdek R2R o‘tkazmalari uchun ham komission to‘lovlar respublika bo‘yicha o‘rtacha miqdorda bo‘ladi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, respublika tijorat banklari tomonidan chiqarilgan so‘m Visa kartalari, ayniqsa ijtimoiy kartalar uchun o‘rnatilgan komission to‘lovlar chet el valutasidagi Visa kartasi uchun o‘rnatilgan komission to‘lovlardan farq qiladi. Ijtimoiy kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirganda komission xarajatlar ijtimoiy karta egasidan emas, balki sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)dan olinadi”, deyiladi agentlik izohida.

Visa to‘lov tizimi quyidagi sabablarga ko‘ra tanlangan:

  • Visa kartalari barcha milliy to‘lov tizimlarining to‘lov terminallari orqali qabul qilinadi;
  • Visa Flex texnologiyasi orqali monitoring va nazorat funksiyalarini joriy etish hamda bir elektron hamyon bo‘yicha bir nechta ijtimoiy to‘lovlarni boshqarish imkoniyati;
  • tranzaksiyalar xavfsizligi milliy to‘lov tizimlarining xavfsizligidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlangan;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim shaxslarning chet elda xarajat qilish ehtiyojlari mavjud.

Amaldagi tartibdan kelib chiqilsa, Visa kartani odatda faqatgina shu kartani chiqargan bank ilovasigagina ulash mumkin. Agentlikning ma’lum qilishicha, ijtimoiy kartani Payme mobil ilovasiga biriktirish va kartadan kartaga pul o‘tkazish mumkin. Kelgusida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati ham yaratiladi.

Loyiha budjeti va operatori

Agentlik xabariga ko‘ra, dastlabki bosqichda loyiha Abu-Dabida joylashgan Oxinus Holding Limited kompaniyasidan 3 mln dollar miqdorida sarmoya olgan. Operator va loyihaning boshqa ishtirokchilari loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqiladigan texnik talablar asosida tanlanadi. Hozirgi vaqtda ijtimoiy karta “Xalq banki” orqali ishlaydi va mobil ilova ishlab chiqilyapti.

Mavzuga oid