Germaniya kansleri Olaf Shols milliarder Ilon Maskning Yevropadagi ayrim siyosiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlashini «qabul qilib bo‘lmasligini» ta’kidlab, uni demokratik taraqqiyot uchun tahdid deb atadi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
«U Yevropadagi, Buyuk Britaniya, Germaniya hamda boshqa ko‘plab davlatlardagi o‘ta o‘nglarni qo‘llab-quvvatladi va buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi», — deydi Shols.
9 yanvar kuni Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida o‘ng populistik «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi yetakchisi Alis Vaydel bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir o‘tkazgandi. Shundan keyin bundestag 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga aralashish ehtimoli yuzasidan tekshiruv boshladi. Dekabr oxirlarida biznesmen «faqat GuM Germaniyani qutqarib qola oladi», deb yozgandi.
«Biz global olamning boshqa davlatidan bo‘lgan milliarder o‘z fikrini aytgani uchun emas, balki u nimalar deyayotgani uchun tandiq qilishimiz kerak», — degan Germaniya kansleri.
Shuningdek, u Maskning pozitsiyasi Yevropaning demokratik taraqqiyoti uchun tahdid tug‘dirishini bildirgan.
Avvalroq Germaniya Mudofaa vazirligi X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining rasmiy akkaunti faoliyatini to‘xtatishini e’lon qilgandi. Idora akkauntlari faoliyati to‘xtatilishiga X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask nemis hukumati vakillariga qarshi ko‘plab haqoratli chiqishlarni amalga oshirayotgani sabab sodir bo‘lmoqda. Xususan, biznesmen Germaniya kansleri Olaf Sholsni «nokompetent ahmoq» deb atab, u iste’foga chiqishi kerakligini aytdi.