Rossiyada ish beruvchilarga noqonuniy migrantlar bilan mehnat shartnomasi tuzish taqiqlandi

Jahon 17:51 / 17.01.2025 1818

2025 yil 5 fevraldan boshlab Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgan xorijiy fuqarolarning elektron reyestri ishlay boshlaydi. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, reyestr har kuni yangilanadi va undan ish beruvchilar, tadbirkorlar, chet el fuqarolari bilan mehnat shartnomasi tuzishni rejalashtirayotganlar, davlat idoralari foydalanishi mumkin.

«Ichki ishlar vazirligi axborot markazi negizida chet el fuqarosining Rossiyada qonuniyligini tekshirish imkonini beruvchi ochiq ma’lumotlar bazasi ishlaydi va shundan keyingina qonun ish beruvchiga u bilan mehnat shartnomasini tuzish huquqini beradi», dedi Gorovoy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, portalning texnik tayyorgarligi allaqachon ta’minlangan va hozir u to‘ldirilmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, noqonuniy migrantlarning turmush qurishi yoki ajrashishi, transport vositalarini boshqarishi yoki ro‘yxatdan o‘tkazishi, aviachiptalar sotib olishi mumkin emas.

Avvalroq, 2024 yil sentabr oyida Rossiyada nazorat ostida bo‘ladigan shaxslar reyestri yaratilishi haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlar bazasining ochiq qismida faqat ro‘yxatda xorijlik borligi yoki yo‘qligi haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi. Yopiq tizim ism, tug‘ilgan sana, jins, hujjat raqami va seriyasi kabi shaxsiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Ko‘proq yangiliklar: