Hozirda mamlakat aholisi 1,4 milliard kishini tashkil etmoqda. Shu bilan birga yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 520 ming kishiga oshib, 9,54 millionga yetgan. 2024 yilda tug‘ilish darajasi har ming kishiga 6,8 ni tashkil etgan — bu 2023 yilga nisbatan 0,38 ga ko‘p demak.
O‘tgan yil davomida shaharlar aholisi 1,1 foizga oshgan (943,5 million kishi). 464,8 ming fuqaro esa qishloq joylarda istiqomat qilmoqda — bu undan oldingi yilga nisbatan 2,5 foizga kam.
Xitoyliklar soni 2022 yildan qisqarishni boshlagan. O‘shanda ularning soni 850 ming kishiga, 2023 yilda esa 2,08 million kishiga kamaygan. XXRda erkaklar soni 719 millionni, ayollar esa 689 millionni tashkil etmoqda. Aholining 60,9 foizi 16 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.
Avvalroq Xitoyda 2024 yilda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan yangi nikohlar soni ushbu hisobni yuritish boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib ketishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Fuqarolik ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida Xitoyda 4,74 million juftlik nikohdan o‘tgan, bu o‘tgan yilning mos davrida oila qurganlarga nisbatan 16,6 foizga kam.
Shuningdek, Xitoy yolg‘iz insonlarni oila qurishga, oilalarni esa bittadan ko‘p farzand ko‘rishga undash maqsadida tug‘ilishni rag‘batlantirish kampaniyasini kengaytirgan. Rag‘batlantirish tadbirlari mahalliy va milliy darajada amalga oshirilmoqda.