Buxoroda noqonuniy ov natijasida tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Jamiyat 12:59 / 07.11.2024 3716

Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tezkor guruh xodimlari tomonidan navbatdagi tungi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.

Qorovulbozor tumani hududida olib borilgan reyd davomida Jondor tumanida yashovchi 4 nafar fuqaro elektr qarmoq yordamida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 20 dona Turkiston mo‘ylovdori hamda 25 dona zog‘ora balig‘ini ovlagani aniqlandi. Ular baliqlarni olib ketayotganida tezkor guruh xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

Ushbu huquqbuzarlik natijasida tabiatga 1 mlrd 603 mln 125 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Ma’lumot uchun, Qizil kitobga kiritilgan 20 dona Turkiston mo‘ylovdorining har biri uchun 26 million 250 ming so‘m, jami 525 million so‘m zarar hisoblangan. 25 dona zog‘ora baliqning har bir donasi uchun 375 ming so‘m, jami  9 million 375 ming so‘m zarar hisoblangan. Baliqlar taqiqlangan elektr qarmoq yordamida ovlanganligi uchun zararlar 3 baravarga ko‘paytirilgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: