Yaponiyada suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi sabab 200 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilindi

Jahon 21:12 / 02.11.2024 1649

Yaponiya g‘arbida 200 mingga yaqin kishi «Kong-rey» to‘foni oqibatida yuz kelishi mumkin bo‘lgan suv toshqinlari va ko‘chkilar sabab evakuatsiya qilindi. Mamlakat meteorologiya agentligi iliq va nam havo sabab kuchli yog‘ingarchilik yuz berishidan ogohlantirgan.

«Matsuyama shahri yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilib, o‘nta tumanning 189,5 ming aholisini evakuatsiya qilishga va xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. Evakuatsiya majburiy bo‘lmasa-da, Yaponiyada bunday ogohlantirish odatda halokat xavfi yuqori bo‘lgan vaqtda beriladi», — deyiladi xabarda.

Sinoptiklarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chki va suv toshqinlari dam olish kunlari Yaponiyaning g‘arbiy qismidan tashqari sharqiy hududlarida ham kuzatilishi mumkin.

Kuchli yomg‘ir tufayli, shuningdek, Tokio va janubiy Fukuoka mintaqasi bilan temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan, ammo keyinroq harakat kechiktirilgan jadval bo‘yicha qayta tiklangan.

«Kong-rey» tropik to‘foni 31 oktyabr kuni Tayvanga yopirilgan edi. Tabiiy ofat kamida ikki kishining umriga zomin bo‘lgan va o‘n minglab xonadonlarni elektr energiya ta’minotisiz qoldirgan. 1996 yildan beri kuzatilgan to‘fonlar orasida eng kattasiga aylangan «Kong-rey» Tayvanning sharqiy sohillariga mahalliy vaqt bilan 13:40 larda yetib kelgan. Rasmiylar 31 oktyabrni ishlanmaydigan kun deb e’lon qilgan, ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar bekor qilingan, favqulodda xizmatlar esa kuchaytirilgan ish rejimiga keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oxirlarida Yaponiyaga «Shanshan» to‘foni yopirilgandi. O‘shanda rasmiylar mamlakat bo‘ylab 5 milliondan ortiq odamni evakuatsiya qilishni buyurgan. Avgust oyi boshida esa «Ampil» to‘foni ham bir qator prefekturalarni elektr energiyasidan mahrum qilgan, o‘n minglab odamlar evakuatsiyasiga sabab bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: