«Qaytarib oling fuqarolikni» - Rossiyada o‘zbekistonlik migrant Migratsiya bo‘limida hujjatlarini otib yubordi

Jahon 18:22 / 02.11.2024 19057

Tomsk shahrida Rossiya fuqaroligini olgan sobiq o‘zbekistonlik yigit Migratsiya bo‘limida pasportini otib yuborgani, fuqarolikdan ham voz kechgani ta’kidlanmoqda. Bu haqda Shot telegram kanali xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 30 yoshli Mahmudjon Mabubzoda 28 avgust kuni Rossiya Federatsiyasiga qasamyod qilib, fuqarolikni olgan. Biroq, ikki hafta ichida Harbiy qo‘mitada ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini bajarmagan. Bu xatti-harakatini Harbiy qo‘mita binosidagi uzun navbatlar bilan izohlagan.

Shundan so‘ng, uni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilib, O‘zbekistonga jo‘natilishi haqida xabar berilgach, Mabubzoda inspektor bilan janjallashib, hujjatlarini otib yuborgan. Unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish orqali muammoni zudlik bilan hal qilish taklif etilgan. Ammo Mahmudjon rad javobini berib, arazlab, chiqib ketgani ta’kidlanmoqda. Keyinroq u hujjatlarini olish uchun qaytib kelgan.

Shot tomonidan taqdim etilgan videoda yigit «Qaytarib oling fuqarolikni, kerak emas», deydi. Migratsiya bo‘limi inspektori uni fuqarolikdan mahrum etilishi, 5 yil davomida Rossiyaga kirishi taqiqlanishi haqida ogohlantiradi. Yigit «Shunaqa bo‘la qolsin, tupurdim hammasiga», deb javob qaytaradi. Harbiy qo‘mita xodimi unga muammoni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish orqali hal qilishni taklif etganida, yigit «Menga hech narsa kerak emas», degan. «Siz Rossiyada yashashni istagan edingiz-ku?» degan savoliga, «Endi hammasi tamom», deb javob qaytargan.

Ta’kidlanishicha, shu kuni harbiy ro‘yxatga olinishdan bo‘yin tovlagani uchun fuqaroligini yo‘qotgan yana ikki nafar erkak: 31 yoshli Shujoat Saidsharipov va 46 yoshli Nazirjon Hojiboyev ham jazolangan. Sobiq tojikistonliklar jazoni xotirjam qabul qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: