​​​​​​​Prokurorlikdan vitse-prezidentlikka qadar. Kamala Harris kim?

Jahon 17:45 / 02.11.2024 9150

Kamala Harris – AQSh tarixidagi ilk ayol bosh prokuror va vitse-prezident. U endi ilk ayol prezident bo‘lishga ham yaqin turibdi. Migrantlar oilasida tug‘ilgan Harris uzoq yillar yuridik sohada ishlagan, Barak Obamaning ta’siri ostida siyosatga kirib kelgan. Kun.uz AQShdagi saylov oldidan demokratlar nomzodining hayot yo‘li bilan tanishtiradi.

Isyonkor ota-ona farzandi

O‘tgan asrning 60-yillarida Kaliforniyadagi ziyolilar orasida afroamerikaliklarning huquqlarini himoya qilish va Vetnamdagi urushga qarshi aksiyalar avj oladi. Namoyishchilar orasida ayniqsa talabalar faol bo‘ladi. Ularning safida yamaykalik muhojir yigit Donald Harris va hindistonlik talaba qiz Shamala Golapan ham bor edi.

Ular ana shunday namoyishlar vaqtida tanishib, turmush qurishadi. 1964 yil oilada katta farzand – Kamala tug‘iladi. Bo‘lajak vitse-prezidentning ota-onasi avval Illinoys, keyinchalik Viskonsinga borib, yaxshigina karera qilishadi. Harrisning otasi Stenford universitetidagi iqtisodiyot bo‘yicha ilk qora tanli professorga aylanadi. Onasi esa endokrinologiya bo‘yicha bilim ola boshlaydi.

Kamala Harrisning ota-onasi

Kamala yetti yoshligida uning ota-onasi ajrashadi, u onasi va singlisi bilan Kanadaning Monreal shahriga ko‘chib o‘tadi. Kamala shu yerda fransuz tilini o‘rganadi, shuningdek, o‘zining birinchi siyosiy harakatini ham amalga oshiradi: qo‘shni bolalarning maysazorda o‘ynashiga ruxsat bermaydigan uy egasiga qarshi “norozilik namoyishi” o‘tkazadi.

Kamala Harris (chapda) onasi va singlisi bilan. Foto: Harrisning shaxsiy arxividan

Kamala yoshligidan xilma-xil madaniyatlar va millatlar ta’siridagi oilada o‘sgani uning hayotida chuqur iz qoldirdi. U bolaligidan ijtimoiy adolat va tenglik masalalariga katta e’tibor berish kerakligini chuqur his qiladi.

Bir so‘zli prokuror

O‘rta maktabni tugatgach, Harris Vashingtonga ko‘chib o‘tadi. Dastlab, Hovard universitetida siyosatshunoslik va iqtisodiyot bo‘yicha, keyinroq esa Kaliforniya universitetida huquqshunoslik bo‘yicha tahsil oladi.

Kamala Harris (o‘ngda) Hovard universitetida o‘qiyotganda kursdoshi bilan. Foto: Harrisning shaxsiy arxividan

U prokuror bo‘lishni istardi, ammo oilasi bu qarorni qo‘llab-quvvatlamaydi. Qaysar Kamala jinoyatchilik avj olib borayotgan mamlakatda nimanidir o‘zgartirish uchun shu tizimda ishlagisi kelardi. U 1990 yili Oklend prokurorining yordamchisi bo‘lib ishga kiradi. Oradan 14 yil o‘tib, 40 yoshida San-Fransisko shahri prokurorligiga saylanadi. Harris saylanishidan avval jinoyatchilar uchun o‘lim jazosi so‘ramaslikka so‘z beradi. Kamala hatto politsiyachini o‘ldirgan jinoyatchiga ham o‘lim jazosi emas, bir umrlik qamoq jazosi so‘raydi. Bu qarori uchun uni senatorlar va mer keskin tanqid qiladi, lekin Harris bergan so‘zida turib, qarorini o‘zgartirmaydi.

Harris San-Fransisko tuman prokurori bo‘lgan vaqtida. Foto: Jastin Sallivan

Prokuror Harris San-Fransiskoda jinoyat qilganlar bu ishga qayta qo‘l urishining oldini olish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqadi. Ya’ni qamoqqa olingan yoshlar narkotikka test topshirish, maxsus kurslarda o‘qish va jamoat ishlariga jalb etilishi evaziga qamoq muddatining qisqartirilishi bilan mukofotlangan. Bu dasturda qatnashgan 200 kishi orasida retsidiv jinoyatlar odatdagidan 5 baravar kamaygan va natijada dastur Kaliforniya shtati bo‘ylab targ‘ib qilingan, keyinchalik esa butun Amerika bo‘ylab amaliyotga kiritilgan.

San-Fransisko shahri prokurori lavozimida muvaffaqiyatli ish olib borgan yurist 2010 yilda Kaliforniya shtati bosh prokuroriga aylanadi, 2014 yilda bu lavozimga qayta saylanadi.

Kamalaning Kaliforniya siyosatidagi o‘rni katta edi. U “Ochiq adolat” (Open Justice) nomli internet platforma ochilishiga erishadi, unda politsiya tomonidan qo‘lga olish davomida jarohatlangan yoki vafot etgan odamlarning ro‘yxati yuritiladi. Shuningdek, Harris noxolis kredit tizimi sabab uy-joyidan ayrilgan odamlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun ajratiladigan subsidiyani oshirishni talab qiladi. Natijada hukumat Kaliforniya uchun ajratilgan subsidiya miqdorini 4 milliard dollardan 20 milliard dollargacha ko‘paytiradi.

Harrisning prokurorlik davridagi muvaffaqiyatlariga misol qilib “Koriantian kollejlari” tijorat tarmog‘i bilan yolg‘on reklamaga qarshi muvaffaqiyatli sud jarayoni, shuningdek, Backpage maxfiy reklama xizmatiga qarshi ochilgan sud ishini keltirish mumkin. Harris Senatga o‘tgandan keyin ham davom etgan bu sud ishi Backpage direktorining fohishalik va pul yuvishda yordam berganini tan olishi bilan yakunlanadi. Bu paytda Kamalani “ayol Barak Obama” deb ham atay boshlashadi.

Shtat prokurori lavozimida ishlayotganda Kamala o‘zi kabi yurist Dag Emhoffga turmushga chiqadi. Ularning farzandi yo‘q, oila Emhoffning birinchi turmushidan tug‘ilgan ikki farzandni voyaga yetkazgan.

Kamala Harris turmush o‘rtog‘i Dag Emhoff bilan

Senatorlik faoliyati

Kamala AQShning birinchi qora tanli prezidenti Barak Obamaning siyosiy qarashlarini qo‘llab-quvvatlashi, aynan u tufayli siyosiy karera qilishga qaror qilganini aytib keladi.

Harris va Obama

2016 yilda Harris AQSh Senatiga Kaliforniya shtati vakili sifatida saylanadi. U senatorlik faoliyati davomida AQSh siyosatida tobora katta figuraga aylana bordi. Harris respublikachilarning takliflarini birinchi bo‘lib rad etishi bilan esda qolardi. Uni mashhur qilgan voqealardan biri bevosita Donald Tramp bilan bog‘liq. Tramp prezidentlik vaqtida Oliy sud kengashi a’zoligiga Bret Kavanoning nomzodini tavsiya qiladi. O‘z vaqtida jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan bu odam mamlakatning eng oliy sud kengashiga a’zo bo‘lishini Kamala keskin qoralaydi. Shunda Tramp uni “qo‘rqinchli ayol” deya ataydi.

2019 yil yanvarida Kamala Harris prezidentlik saylovida qatnashishini e’lon qildi. U avvaldanoq demokratlarning eng yaxshi nomzodlaridan biri edi. Ilk teledebatlar chog‘ida Harris va Bayden o‘rtasida jiddiy tortishuv yuz beradi. Kamala partiyadosh raqibini irqiy masalalar, jumladan, o‘tmishda segregatsiya (irqiy ajratish) siyosatiga aloqador qarorlari va Senatdagi pozitsiyalari uchun tanqid qiladi.

“Qo‘shni bolalar biz bilan o‘ynashmasdi, chunki qora tanli edik. Janob Baydenga murojaat qilmoqchiman: sizni rasist deb o‘ylamayman, lekin odamlarni ajratish uchun kurashib karera qilgan senatorlarga iliq munosabatda bo‘lganingizni ko‘rib, dilim og‘ridi. Ular irqchilikni bartaraf etish uchun bolalarni irqidan qat’i nazar bir avtobusda maktablarga olib borish dasturiga qarshi kurashayotganda, ular bilan birga ishlagansiz. Kaliforniyada maktablar integratsiya qilingach, bir qizaloq mana shunday avtobuslarda maktabga qatnagan. O‘sha qiz menman”, degandi Kamala.

Harrisning bu gapi zalni junbishga keltirib, uni demokratlar o‘rtasidagi praymeriz yetakchisiga aylantirgan bo‘lsa, Baydenning reytingi tushib ketadi. Buning ortidan Harrisning shtabi ko‘p pul to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, biroq keyinchalik u ba’zi xatolarga yo‘l qo‘yib, kurashni erta tark etdi. Masalan, dastlab ijtimoiy hayotda katta o‘zgarish qilish shart emasligini aytgan Harris keyinroq kambag‘allar uchun soliqlarni kamaytirmoqchi ekanini gapirib, o‘z fikriga qarshi chiqadi. Yoki kampaniya boshida Berni Sandersning davlat o‘z tibbiyot tizimiga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, keyinchalik bu taklifni tanqid qilib, o‘zining tibbiyot borasidagi boshqa taklifini bildiradi.

Harrisning shtabiga rahbarlik qilgan singlisi Mayya unga kampaniya davomida prokurorlik faoliyatini pesh qilmasligini maslahat beradi, ammo opasi unga quloq solmadi va go‘yoki Trampni javobgarlikka tortishga asoslangan kampaniya boshlaydi. Bu esa unga muvaffaqiyat keltirmaydi.

AQShning birinchi ayol vitse-prezidenti

AQShda vitse-prezident juda katta lavozim. Masalan, prezident vafot etsa yoki impichment olsa, vitse-prezident uning o‘rnini egallaydi. Senat rahbari hisoblanuvchi vitse-prezident ovoz berish jarayonida kuchlar teng kelsa, hal qiluvchi so‘zni aytadi. Agar prezident bilan munosabatlari yaxshi bo‘lsa, mamlakatdagi islohotlar loyihasiga ham yetakchilik qilishi mumkin. 2020 yilgacha tarixda ikki marta ayol siyosatchi: 1984 yilda demokrat Jyeraldin Ferraro, 2008 yilda respublikachi Sara Peylin vitse-prezidentlik uchun tanlangan. Biroq har ikki holat mag‘lubiyat bilan tugagan.

Harris va Bayden o‘rtasidagi tortishuv partiyada jiddiy qabul qilingan bo‘lsa-da, keyinchalik ular birlashishadi. Baydenning saylanishiga vitse-prezident sifatida ayol kishi va qora tanli nomzodni tanlagani ham ta’sir qilmay qolmadi. Harrisning tarafdorlari ham ko‘pchilik edi va ular saylov natijasiga ta’sir qilgani tabiiy. Axir u 40 million odam yashaydigan Kaliforniyadan saylangan senator edi.

Kamala Rarris va Jo Bayden. Foto: Endryu Harnik

Harris vitse-prezident bo‘lgan 2020 yildan roppa-rosa 100 yil avval Amerikada ayollar saylov huquqiga ega bo‘lgandi. Harris mamlakatdagi juda katta rutbaga erishgan qora tanli ayol sifatida ilk nutqini ham shunga bog‘laydi: “Men bu lavozimdagi ilk ayolga aylandim, lekin oxirgisi emas. Bugun bizga qarab turgan har bir qizaloq bu imkoniyatlar mamlakati ekanini his qilishi kerak”, degandi u.

Qora tanli ayolning vitse-prezidentlikka tanlanishi – siyosiy jihatdan muhim qaror edi. Bu bilan Bayden xotin-qizlar, qora tanlilar va muhojirlarning Amerikada voyaga yetgan avlodlari ko‘ngliga yo‘l izlagandi.

AQShning birinchi ayol prezidenti?

Demokratlar bu yilgi prezidentlik saylovi uchun nomzod sifatida dastlab amaldagi prezident Jo Baydenni tanlashgandi. Lekin 81 yoshli siyosatchining yoshi baribir o‘z so‘zini aytdi. U Tramp bilan ilk debatdayoq o‘ta zaif ko‘rinib, partiyadoshlarini junbishga keltirdi. Shundan keyin Bayden ichki bosim va qo‘llab-quvvatlashning kamayishi fonida prezidentlik poygasidan chiqishini va o‘rniga vitse-prezident Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Yoshi bir joyga borib qolgan Baydenning poyganadan chiqishi demokratlarning tarafdorlariga katta umid bag‘ishladi. Ular birinchi kundayoq Kamalaning shtabi uchun 81 mln dollar xayriya qildi – bu tarixda ikki asosiy partiyadan istalgan birining nomzodi uchun 24 soat ichida yig‘ilgan eng ko‘p mablag‘ bo‘ldi. Harris kampaniyaning ilk oyini ideal o‘tkazdi va darhol poygada muvozanatni tikladi.

Harrisning prezidentlik saylovidagi dasturiga e’tibor qaratsak. U o‘rta sinf uchun “imkoniyatlar iqtisodiyoti”ni rivojlantirmoqchi. Bunga sog‘liqni saqlash sohasi uchun soliqlarni kamaytirish va insulin narxlarini doimiy ravishda cheklash kiradi. Harris o‘rta sinf oilalari uchun ham soliqlarni kamaytirishni, eng boy amerikaliklar uchun esa soliqlarni oshirishni taklif qilyapti. U shtatlardagi minimal ish haqi miqdorini ko‘paytirish, choychaqa oluvchi xodimlar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun past ish haqlarini bekor qilish hamda pulli tibbiy ta’tillarni kengaytirishni ham qo‘llab-quvvatlayapti.

Harris va Tramp ABC telekanalidagi debatda, 10 sentabr, 2024 yil. Foto: Reuters/Brayan Snayder

Umuman olganda, Harrisning dasturi ijtimoiy adolat, iqtisodiy farovonlik va sog‘liqni saqlashdagi tengsizliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan. Lekin uni haddan tashqari so‘l pozitsiyani egallashda ham ayblashmoqda. Xususan, uning narxlarni cheklash haqidagi gaplari iqtisodchilarni xavotirga solyapti. Lekin ko‘plab iqtisodchilar Trampning dasturini Harrisnikidan ham yomonroq deb hisoblashadi.

AQSh prezidentligi uchun saylov 2024 yilning 5 noyabrida bo‘lib o‘tadi. Saylov mamlakat tarixidagi oltmishinchisi bo‘ladi. Amerikada prezidentlikka hozirgacha eng yaqin kelgan ayol – Hillari Klinton. 2016 yilda u Trampga yutqazgan. Yubiley saylovda muhojirlar oilasida tug‘ilgan qora tanli ayol tarix yozishi mumkin, zero ko‘pgina so‘rovnomalar uning imkoniyatlarini Trampnikidan biroz bo‘lsa-da yuqoriroq baholayapti.

Ko‘proq yangiliklar: