Isroilda razvedka ma’lumotlarining sizib chiqishiga aloqadorlar ushlandi. Ular orasida Netanyahuning yordamchisi ham bor

Jahon 20:30 / 02.11.2024 5531

Isroilda harbiy rejalarga oid razvedka ma’lumotlarining sizib chiqib ketish ishiga aloqador bir nechta gumonlanuvchi qo‘lga olindi, deb yozadi Axios.

Rishon-le-Tsion shahar sudi materiallarida qayd etilishicha, tarqatilib ketgan razvedka ma’lumotlari «maxfiy ma’lumotlar va razvedka manbalarini xavf ostiga qo‘ygan, shuningdek, G‘azo sektorida urush maqsadlariga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga zarar yetkazgan».

«Gaarets» nashrining yozishicha, tergov davomida qo‘lga olinganlardan biri Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ofisiga aloqador va urush vaqtida u bilan yaqindan hamkorlik qilgan. Isroil amaldorlarining ma’lumotlariga ko‘ra, u — bosh vazir kanselyariyasida rasman ishlamagan Netanyahuning yaqin yordamchisi.

Binyamin Netanyahu bosh vazir ofisiga aloqador xodim hibsga olinganini rad etgan. «Bosh vazir kanselyariyasidan hech kim so‘roq qilinmadi yoki hibsga olinmadi», — deyiladi bayonotda. Binyamin Netanyahu sizib chiqishiga bosh vazir kanselyariyasi emas, balki hukumatning boshqa organlari sabab bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Tergov sentabr oyida Germaniyaning Bild nashri Isroil razvedkasining maxfiy hisobotini e’lon qilganidan keyin boshlangan. Hisobotda HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar o‘t ochishni to‘xtatish hamda garovga olinganlar bo‘yicha muzokaralar strategiyasiga aloqador hujjatlar haqida so‘z boradi. Tergovni Isroilning ShABAK maxsus xizmati, politsiya va mudofaa kuchlari olib borgan.

AQSh Federal qidiruv byurosi oktyabr oyida Pentagonda Isroilning Eronga hujum qilish rejalariga oid maxfiy razvedka ma’lumotlari tarqalib ketgani bo‘yicha tergov boshlagan edi. Mazkur voqeadan keyin Isrol Eronga hujumini kechiktirgan.

Ko‘proq yangiliklar: