Ispaniya hukumati yana 10 ming nafar harbiy xizmatchi va politsiya xodimini suv toshqini oqibatidan jabr ko‘rgan Valensiyaga yuboradi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches ma’lum qildi.
Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, u mintaqa rahbarining qo‘shimcha 5 ming harbiy xizmatchi yuborish borasidagi iltimosini qabul qilgan. Shuningek, u Valensiyaga politsiya va fuqarolik gvardiyasidan yana 5 ming kishi jo‘natadi. Ayni vaqtda tabiiy ofat yuz bergan hududda 2 ming nafar askar qidiruv ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniyada suv toshqinlari oqibatida 211 kishi halok bo‘lgan, rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligini kutyapti. «Hozir bedarak yo‘qolganlar sonini e’lon qilish ehtiyotsizlik bo‘ladi. Minglab insonlar hali ham aloqadan uzilib qolgan hududda qolmoqda. Vaziyatdan kelib chiqib, qurbonlar soni ortishi mumkinligini taxmin qilish mumkin», — deydi Ispaniya ichki ishlar vaziri Fernando Frande-Marlaska.
Asosiy vazifa — bedarak yo‘qolganlarni qidirish va yo‘llarni tozalash
AFP agentligining qayd etishicha, kuchli yog‘ingarchilik boshlanganidan to‘rt kun o‘tib, qutqaruv xizmatlari bedarak yo‘qolganlarni qidirish va gumanitar yordamlar yetkazilishini yengillashtirish maqsadida yo‘llarni tozalashga e’tibor qaratmoqda. Ta’kidlanishicha, tabiiy ofatdan kamroq jabr ko‘rgan hududlar aholisi muhtojlarga ko‘maklashishni boshlagan.
Yordam ko‘rsatish xohishi shu qadar ko‘p bo‘lganidan Valensiya hukumati mashinalarning toshqindan jabr ko‘rgan munitsipalitetlarga qatnovini to‘xtatishni buyurdi. Shu bilan birga marodyorlar ham uchrab turibdi: politsiya ma’lumotlarga ko‘ra, bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan 50 kishi hibsga olingan.
Halokatli yog‘ingarchilik
Meteoxizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, 30 oktyabr kechasi Valensiyaning qator tumanlariga bir necha soat ichida bir metr kvadrat hududga 300 litrdan ortiq yomg‘ir yoqqan. Chiva aholi punktida ushbu ko‘rsatkich 491 litrni tashkil etgan. Bu mintaqada yil davomida kuzatiladigan yomg‘ir miqdoriga teng. Kuchli suv va loy oqimi ko‘priklar, mashinalar, odamlar va uylarni yuvib ketgan. Suv toshqini oxirgi o‘n yillikdagi eng kuchlisiga aylandi.
Valensiya hududiy hukumati halokatli aholini yomg‘irlar oqibatidan juda kech ogohlantirgani uchun tanqid qilinmoqda. Minglab odamlar elektr energiyasisiz qolgan, ko‘plab yo‘llar harakatlanish uchun yaroqsiz. Butun boshli tumanlar tashqi dunyodan uzilib qolgan, odamlar ichimlik suv va oziq-ovqat yetishmayotganidan aziyat chekyapti. Qidiruv operatsiyalarida inson resurslaridan tashqari, dronlar va maxsus o‘rgatilgan itlardan ham foydalanilmoqda.