Braziliyada kattaligi chumoliday keladigan qurbaqa topildi

Fan-texnika 17:10 / 02.11.2024 3760

Olimlar eng kichik umurtqali mavjudotlardan birini aniqladi. Baqaning o‘lchami 6,95 millimetr bo‘lib, ayrim chumoli turlaridan kichikroq, deb xabar berdi The New York Times.

Braziliyaning Kampinas universiteti gerpetologi Luis Felipe Toledo va uning hamkasblari qurbaqani Dacnis tabiatni muhofaza qilish loyihasi sharafiga Brachycephalus dacnis deb nomladi.

Toledo miniatyura qurbaqaning mavjudligini ilk bor hamkasbi Braziliyaning Atlantika o‘rmonlarida yig‘ilgan kichik qurbaqalar ovozining audiosini yuborganida payqab qolgan.

Audiolarni eshitgan Toledo qandaydir yangi narsaga duch kelganini tushungan.

“O, bu ikkita alohida tur-ku”, — deb eslaydi u o‘z reaksiyasini.

Braziliya o‘rmonlarida Brachycephalus turkumiga mansub baqalar ko‘p. Ular o‘z o‘lchamlaridan 30 baravar katta masofaga sakrash qobiliyatiga ega, shuning uchun ular ko‘pincha “burga qurbaqalar” deb ataladi.

Brachycephalus turlarining barchasi juda kichik o‘lchamga ega, shu sababdan ularni faqat tashqi ko‘rinishiga qarab farqlash qiyin. Ammo olimlar har bir turning o‘ziga xos ovozi borligini aniqladi. Bu ovoz urg‘ochilarga to‘g‘ri erkak baqani tanlashda yordam beradi.

Yangi tuxumdan chiqqan qurbaqaning tovushlari yumshoq, qisqa notali va ko‘proq chigirtka ovoziga o‘xshash bo‘ladi. DNK testlari Brachycephalus dacnis boshqa turlardan genetik jihatdan farq qilishini tasdiqladi.

Toledo jamoasi bunday kichik o‘lcham baqaning tuzilishiga qanday ta’sir qilishini bilish uchun uni batafsil skanerladi. Turning oldingi oyoqlarida atigi ikkita, orqa oyoqlarida esa uchta barmog‘i bor, ba’zi ichki a’zolari, xususan, qulog‘ining bir qismi yo‘q.

Oddiy qurbaqalardan farqli o‘laroq, Brachycephalus dacnis amfibiyalarga xos metamorfoz bosqichidan o‘tmaydi. U bir siklda faqat ikkita tuxum qo‘yadi va ulardan itbaliqlar emas, balki to‘liq shakllangan qurbaqachalar chiqadi.

“Mitti o‘lchami tufayli baqalar chumoli va o‘rgimchaklar singari mayda yirtqichlar uchun o‘lja bo‘lsa-da, ularda boshqa baqalardan yaxshiroq yashash imkoni mavjud. Masalan, ular katta baqalar yetib bora olmaydigan oziq-ovqatga boy joylarda yashay oladi”, — dedi Avstraliya muzeyi olimi Jodi Rouli.

Topilma fanga ma’lum bo‘lgan yettinchi “burga baqa”, dunyodagi ikkinchi eng kichik umurtqaliga aylandi. Hozirda eng kichik umurtqali hayvon Brachycephalus turkumiga mansub 6,5 millimetrli boshqa baqa bo‘lib qolmoqda.

“Dunyoda hali ko‘plab noma’lum miniatyura baqalar mavjud”, — dedi Daniya Milliy muzeyi gerpetologiya kuratori Mark Shers.

Ko‘proq yangiliklar: