Bangladeshning sifati kafolatlanmagan ba’zi dorilari Osiyo bozorlarini egallamoqda – OAV

Jahon 21:32 / 02.11.2024 2913

Bir yildan ko‘proq vaqt oldin Yangi Zelandiya bojxona xodimlari Bangladeshning unchalik mashhur bo‘lmagan Incepta Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Fitaro va Orsema in’yeksion dori vositalarini to‘xtatib qoldi.

Chegarada olib qo‘yilgan 14 ta inʼeksiya ruchkasi tarkibida qondagi shakar miqdori va ishtahani nazorat qilishga yordam beruvchi semaglutid mavjud bo‘lib, u Novo Nordisk kompaniyasi dorilari tarkibining asosini tashkil qiladi. Yangi Zelandiyaning Medsafe dori vositalarini tartibga soluvchi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, gap Ozempic va Wegovy preparatlari haqida ketmoqda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Incepta dori vositalari Osiyo ta’minot zanjirining bir qismi bo‘lib, kompaniya Ozempic preparatining nusxasini ishlab chiqaradi va dunyo bo‘ylab eksport qiladi. Bu birinchi navbatda ushbu doriga global talabning o‘sishi bilan bog‘liq.

Ozempic 2-tur diabetni davolash uchun ishlab chiqilgan, ammo uning faol moddasi semaglutid vazn yo‘qotishda samarali. Novo Nordisk kompaniyasi Wegovy preparati bilan bozorning ushbu segmentini mo‘ljalga olgan. Bunday vazn yo‘qotish vositalari bozori 2030-yillarda 150 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Reuters tekshiruviga ko‘ra, Incepta tomonidan Osiyoda ishlab chiqarilgan kamida 106 mingta paket semaglutid preparatlari 12 ta chet el bozoriga, shu jumladan O‘zbekistonga ham jo‘natilgan (Orsema nomi bilan).

Qayd qilinishicha, Bangladesh nazorat organlari Fitaro va Orsema preparatlarini eksport qilishga ruxsat bergan, ammo faqat qabul qiluvchi mamlakatlarning roziligi bilan. Yangi Zelandiyada foydalanish uchun ruxsat etilmagan inʼeksiya ruchkalari 2023 yil avgustidan 2024 yil mayigacha Medsafe kompaniyasiga topshirilgan va yo‘q qilingan.

Medsafe kompaniyasi Yangi Zelandiyaga kirib kelgan Fitaro va Orsema preparatlari shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangani, ammo bu dorilar sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi haqida izoh berolmasligini ma’lum qilgan.

Reuters o‘rgangan ma’lumotlar Avstraliya, Braziliya, Yangi Zelandiya va Qo‘shma Shtatlardagi farmatsevtika regulyatorlaridan, Keniya, O‘zbekiston, Venesuela, Honkong va Birlashgan Arab Amirliklarining bojxona ma’lumotlaridan, shuningdek, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Irlandiyadan musodara qilingan dori-darmonlar haqidagi yozuvlardan olingani ta’kidlanmoqda.

Novo Nordisk kompaniyasining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, u semmaglutidning dunyodagi yagona tasdiqlangan ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va boshqa kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan, tarkibida semaglutid borligi da’vo qilingan mahsulotlarning xavfsizligi yoki samaradorligini kafolatlay olmaydi.

Novo Nordisk semaglutidi xalqaro litsenziyalar bilan himoyalangan bo‘lsa-da, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rivojlanayotgan davlatlar sifatida tasniflangan Bangladesh va Laos kabi mamlakatlar sohaning patent qoidalaridan ozod qilingan.

Qayd qilinishicha, preparatlarning bunday nusxalari tarqalishi sog‘liqni saqlash sohasida tashvish uyg‘otadi. Dori-darmonlarning regulyatorlari yozuvlari va Reuters so‘rovlariga regulyatorlarning javoblariga ko‘ra, kamida oltita davlat, jumladan Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi regulyatorlar Incepta kompaniyasining ba’zi semaglutid preparatlarini rad etgan, yo‘q qilgan yoki musodara qilgan.

Yana bir holatda, Janubiy Afrikaning mahalliy regulyatori «sog‘liq uchun ehtimoliy xavflar» tufayli tasdiqlanmagan semaglutid savdosini taqiqlagan. Uning tarkibidagi ingrediyent Ozempic preparatini ishlab chiqarish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmagan Xitoy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgani ta’kidlanmoqda.

«Ushbu tasdiqlanmagan moddada topilganligi gumon qilingan semaglutid bemorlarga noma’lum ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kutilmagan aralashmalar yoki parchalanish mahsulotlarini o‘z ichiga olishi mumkin», deyiladi xabarda.

Reuters agentligi ushbu preparatlarning bemorlarga zarar yetkazishi mumkinligi haqida dalillarga ega emasligini ta’kidlamoqda. Biroq ularning ko‘payib borishi «aholi salomatligiga bo‘lgan tahdidlar bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirishi mumkin».

Ko‘proq yangiliklar: