«Shunchaki saylovdan ko‘ra kattaroq». Harris ovoz berish kuniga bir hafta qolganida muhim chiqish qildi

Jahon 11:35 / 30.10.2024 16531

«Xayrli oqshom, Amerika! — degan u chiqishi avvalida. — Bir haftadan keyin sizda hayotingizga, oilangiz hayotiga va biz uchun sevimli bo‘lgan ushbu mamlakat kelajagiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan qarorni qabul qilish imkoniyati bo‘ladi».

U oldindagi saylovlar — «shunchaki ikki partiya va ikki turlicha nomzodlar orasida tanlov qilishdan kattaroq narsa» ekanini ta’kidlagan.

«Bu bizda har bir amerikalik uchun erkinlikka asoslangan yoki xaos va bo‘linish hukmronlik qiladigan mamlakat bo‘lishi haqidagi tanlovdir, — deya qo‘shimcha qilgan Harris. — Amerika yetakchilarining yangi avlodi vaqti keldi».

Miting o‘tkaziladigan joy ham bejiz tanlanmagan — Oq uy yaqinidagi bu joy Ellips xiyoboni deb ataladi. Bu yerda 2021 yil 6 yanvarida uning hozirgi saylovlardagi raqibi, respublikachi Donald Tramp o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilgan, shundan keyin ularning bir qismi Kapitoliyni shturm qilish uchun yo‘l olgandi.

Harris Tramp «qariyb to‘rt yil muqaddam oldin aynan shu joyda turgan, erkin va adolatli saylovda yutqazganini bilgan holda xalq irodasiga qarshi borib, qurollangan olomonni Kapitoliyga yuborgani»ni ta’kidlagan.

«Bu beqaror, qasosga berilgan, nafrat chulg‘agan va cheklanmagan hokimiyatga o‘ch bo‘lgan odamdir», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Harris shtabi hisob-kitoblariga ko‘ra, mitingda 75 mingdan ortiq kishi yig‘ilgan.

Harris Vashingtonda chiqish qilayotgan mahalda, Donald Tramp prezidentlik saylovlari taqdiri hal bo‘ladigan ikkilanuvchi shtatlardan biri bo‘lmish Pensilvaniyaning Allentaun shahrida saylovoldi mitingi o‘tkazdi.

«Siz hozir to‘rt yil oldingidan yaxshiroq yashayapsizmi?» — deya o‘z chiqishini boshlagan sobiq prezident va o‘zining agar Oq uyga qaytadigan bo‘lsa, inflatsiya hamda AQShga migrantlar «bosqinini to‘xtatish» haqidagi va’dalarini takrorlab. Olomon «yo‘q» deya hayqirgan.

«Kamala bizni sharmanda qildi, — degan u. — Keyingi seshanbada siz o‘rningizdan turishingiz va Kamalaga to‘yganingiz va ortiq bunga chidamoqchi emasligingizni aytishingiz kerak».

Tramp keng ko‘lamli mitingini yakshanba kuni o‘tkazib bo‘lgandi — u Manhetten yuragidagi mashhur Medison-skver-gardenda chiqish qilgan, bu yerga uni qo‘llab-quvvatlash uchun milliarder Ilon Mask va boshqa mashhurlar kelishgandi.

Bu mojarosiz kechmadi — tadbirda chiqish qilgan qiziqchi Toni Hinchkliff Puerto Rikoni «suzuvchi chiqindi oroli» deb atadi va bu respublikachilar tomonidan ham, demokratlar tomonidan ham tanqidga uchradi.

Harris nutqidagi asosiy narsa nima?
Entoni Zurker, BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri

Kamala Harrisning nutqidagi asosiy mujda marosim o‘tkazilgan joyning o‘zi bo‘lishi mumkin — bu Donald Tramp 2021 yil 6 yanvarida, tarafdorlari Kapitoliyni shturm qilishidan oldinroq o‘z mitingini o‘tkazgan joydir.

Qariyb to‘rt yil oldingi o‘sha sovuq qish kunidan keskin farqlanuvchi seshanba oqshomidagi obrazlar nutqning asosiy va boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib, uning yordamida Harris o‘zining boshqa kelajak haqidagi tasavvurlariga o‘ta oldi.

Mohiyatan, bu uning Demokratik partiyaning avgust oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyidagi nutqining qisqartirilgan versiyasi edi — oldingi nutq biografik tafsilotlar, siyosiy takliflar va raqib manziliga qarshi hujumlar bilan to‘la edi.

Demokratlar avgustdagi o‘sha qurultoyida Baydenning qayta saylanishdan voz kechishga qaror qilishiga olib kelgan haftalar davomidagi tushkunlik va kelishmovchiliklardan keyin yangi nomzoddan ruhlangan va ko‘tarinki ruhda edi.

Shundan buyon Harrisning kampaniyasi ko‘tarilish va pasayishlarni boshdan kechirdi, hozirda u bo‘lajak saylovlardagi fotofinishni kutish bosqichida turibdi.

U o‘z nutqida bir qarorga kelmagan ko‘plab amerikaliklar qisqa muddatli kampaniyasi tufayli «hali ham u bilan tanishishni davom ettirayotgani»ni tan olgan — saylov kuni yaqinlashayotgani inobatga olinsa, bu demokratlarda ma’lum darajada xavotir uyg‘otadi.

Ammo yaxlit nutqlar — Harrisning kuchli tomonidir. Va seshanba oqshomidagi chiqish, katta ehtimol bilan, uning kampaniyasi so‘nggi kunlarda ta’kidlamoqchi bo‘lgan asosiy jihatlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Ko‘proq yangiliklar: