AQSh Florida shtatida yashovchi Rossiya fuqarosi va O‘zbekiston fuqarosi Pinellas okrugi saylov departamentiga saylovchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha qalbaki arizalar topshirish sxemasida ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Mayami-Bich shahrida yashovchi Rossiya fuqarosi, 45 yoshli Dmitriy Shushlebin va Sent-Pitersberg shahrida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi, 33 yoshli Sanjar Jamilov o‘zaro til biriktirib, 2023 yil fevral va mart oylarida Pinellas okrugi ma’muriyatiga saylovchilarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida 132 ta qalbaki ariza topshirgan.
Shushlebin va Jamilov saylovchilarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida soxta ariza berish va ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tishda yolg‘on ma’lumot taqdim etish maqsadida til biriktirganlikda ayblanmoqda. Agar ularning aybi sudda isbotini topsa, har biri 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Qayd etilishicha, jinoyat ishi AQSh Pochta inspeksiyasi, FTB va Florida huquq-tartibot organlari departamenti tomonidan tergov qilinmoqda.