Ukrainadagi urush uch yillik marraga yaqinlashar ekan, AQSh ma’muriyatidagilar Ukrainada saylov o‘tkazishga unday boshladi. Donald Tramp esa kelasi hafta mojaroni hal qilishga oid yangi rejasini e’lon qilishi kutilmoqda. Rossiya-Ukraina urushi bilan bog‘liq so‘nggi o‘zgarishlar xususida siyosatshunoslar «Geosiyosat»da o‘z fikrlarini bildirdi.
— Oybek Sirojov: Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘pchilik rasmiy doiralar fikricha, saylov o‘tkazish kun tartibiga kiritilmoqda. Xo‘p, endi nega saylov o‘tkazishmoqchi va bundan AQSh qanchalik manfaatdor degan masalaga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalambor saylov masalasi birinchilardan bo‘lib Putin tomonidan ko‘tarildi va qabul qilinajak hujjatlarni yangi legitim prezident imzolashi talab etildi.
Putinning asosiy yondashuvi muzokaralarni AQSh bilan Zelenskiy yoki Ukrainasiz davom ettirishdir, chunki saylov jarayoni ancha cho‘ziladigan amaliyot. Vaholanki, buyoqda Tramp tomonidan urushni tezroq to‘xtatish masalasi kun tartibiga kiritilmoqda. AQSh Ukrainada saylov masalasini ilgari surib, Rossiya foydasiga yon berayotgandek, lekin muzokaralar boshlanganda shartlarni Amerika qo‘yadi. Zelenskiy vaziyatga munosabat bildirib, avval urushni to‘xtatish kerakligi va shundan keyin saylovlarni o‘tkazish mumkinligi haqida bayonot berdi.
— Kamoliddin Rabbimov: Agar urush bo‘lmaganida, 2024 yil mayida navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerak edi. Ukraina siyosiy elitasi yoki davlat institutlari aytmoqda: nima uchun saylov bo‘lmaydi yoki bo‘la olmaydi.
Buning uchta katta sababi bor.
Birinchisi, saylov uchastkalari maktablarda, bog‘chalarda bo‘ladigan bo‘lsa va ularning ustidan bomba yog‘ilsa, bu saylov xavfsiz bo‘lmaydi.
Ikkinchisi, millionlab ukrain erkaklari urushda. Ularni urushdan chaqirib olib yoki urush maydonida, urush jarayonida saylov o‘tkazish imkonsiz. Uchinchisi, millionlab ukrainaliklar, ayniqsa bolalar va xotin-qizlar, urush sababli Yevropaga, xorijga chiqib ketdi. Endi shu fonda saylovni o‘tkazish texnik jihatdan imkonsiz, Undan tashqari u legitim bo‘lmaydi, degan fikrlar bor.
Masalan: tarixda Ikkinchi jahon urushi davrida, Amerikada ham Franklin Delano Ruzvelt, mamlakat tarixida yagona to‘rt marta prezidentlik vazifasini bajargan shaxs, ya’ni to‘rtinchisiga saylanishga ulgurmay vafot etgan. Demak, birinchi va ikkinchi marta saylov bo‘lgan, lekin uchinchi va to‘rtinchi martasida saylov bo‘lmagan. Kongress shunchaki uning vakolatlarini cho‘zib qo‘yavergan.
Endi Ukraina siyosiy elitasi Zelenskiyni misol keltirib, mana, bizda ham eng katta urush bo‘lyapti, demak yuqoridagi sabablarga ko‘ra saylovni o‘tkazish imkonsiz degan pozitsiyada turibdi. Putin esa yurist, u KGB hodimi bo‘lishdan avval Leningrad yuridik fakultetini bitirgan, yurist sifatida mana shunday siyosiy o‘yinlarni juda ham yaxshi biladi. Putin aytyaptiki, Zelenskiy legitim emas, lekin Putinning o‘zi 1999 yil dekabridan beri hokimiyatda, ya’ni chorak asr bo‘lyapti. Zelenskiy endigina hokimiyatga kelgan, besh yil atrofida bo‘lyapti. Demak, texnik jihatdan olib qaraganda huddi shunday, lekin Ukrainaning ichkarisida davlat institutlari, parlament va boshqa institutlar Zelenskiyni to‘liq legitim deb tan oladi.
Endi hozir hokimiyatga Tramp keldi. Trampning, barcha ichki va tashqi siyosatdagi uslublarini ko‘ryapmiz, ya’ni Putin aytgan pozitsiya sekin Amerika tarafga o‘zgaryapti.
Trampning Ukraina-Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog saylovlar bo‘lishi kerak deyapti, lekin Kiyevning saylovlarni qanday o‘tkazish haqida aniq strategiyasi hozircha yo‘q deb o‘ylayman.
— Bektosh Berdiyev: aslida Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Ukrainada saylov o‘tkazishi kerakdir degan fikrdan keyin bu mavzu yanada jonlandi. Ungacha ham gaplar yo‘q emas edi, lekin bu yerda, albatta, Radada alohida chiqish qilgan Volodimir Zelenskiy aytib o‘tgan edi: «Urush sharoitida biz saylovni hozir o‘tkazmaymiz, o‘tkaza olmaymiz» degan edi va bu haqiqatan urush sharoiti bilan bog‘liq edi.
Endi AQSh bu tashabbusni ilgari surishidan maqsadi bo‘lajak tinchlik muzokaralarini imzolaydigan rahbarning legitim bo‘lishini ta’minlash, chunki Rossiya tomoni Zelenskiy bilan muzokara qilishni xohlamayotgandek. Rossiya bugun ma’lum ma’noda bu hududlarda harbiy jihatdan yutuqqa erishayotgani uchun ham Zelenskiyni legitim emas, deb hisoblamoqda.
Endi bu yerda yana bir nimani aytib o‘tishimiz kerak. O‘tgan ko‘rsatuvlarda ekspertlarimiz ta’kidlab o‘tgan edi, aslida legitimligini ta’minlaydigan, ya’ni muzokaralar legitimligini ta’minlaydigan omil bor va bu Rada.
Agar hozirgiday urush sharoiti davom etadigan bo‘lsa, Ukrainada saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazishning umuman imkoni yo‘q.
— Shuhrat Rasul: Undan tashqari G‘arb matbuotida qo‘shilgan yana bir qancha argumentlar bor. Go‘yoki Rossiya tomoni agar kelishuvlarda prezident Zelenskiy qo‘l qo‘yib qo‘yadigan bo‘lsa, keyin Ukrainada boshqa prezident saylansa, masalan, shartli Zalujniy, va ertaga bu kelishuvlar Ukrainada buziladigan bo‘lsa, degan fikrlar aytilmoqda. Rossiya tomoni saylovlar o‘tkazilishi va oxirgi kelishuvlarda boshqa prezident imzo qo‘yishi kerakligini aytyapti.
Agar Ukraina konstitutsiyasiga nazar tashlasak, prezidentning favqulodda nima qilish kerakligi haqida yozib qo‘yilgan joyi yo‘q ekan.
Lekin Radaga saylovlar borasida vakolatlar berilgan.
Suhbatni to‘liq holatda You Tube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin