Putin iqtisodiyotdagi muammolar haqida gapirib, inflatsiyada g‘arb sanksiyalarini aybladi

Jahon 01:11 / 29.10.2024 5377

Vladimir Putin 28 oktyabr kuni hukumat va Kreml administratsiyasi amaldorlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida Rossiya iqtisodiyotidagi «qiyinchiliklar» saqlanib qolayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muammolar mamlakatning hozirgi «murakkab vaziyati» sabab yuzaga kelgan. «Bular tashqi sanksiyalar va o‘zimizning kadrlar va texnologiya, logistika taqchiligiga bog‘liq tuzilmaviy cheklovlarimizdir», — deydi Putin.

Rossiya prezidentining qo‘shimcha qilishicha, ushbu omillarning barchasi 2023 yilning yozidan beri deyarli to‘rt barobarga tezlashgan va ketma-ket to‘rtinchi yil Markaziy bankning to‘rt foizli maqsadidan oshayotgan inflatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Ijobiy tendensiyalarni barqarorlashtirish, mustahkamlash uchun iqtisodiy siyosat choralarini o‘z vaqtida to‘g‘irlash muhim», — deydi Putin. 

«Rosstat» ma’lumotlariga ko‘ra, 21 oktyabr holati bo‘yicha Rossiyada yillik inflatsiya 8,5 foizni tashkil etgan — Markaziy bank choralarni keskin kuchaytirganiga qaramay, inflatsiya o‘tgan yilning oktyabriga nisbatan salkam 25 foizga tezlashgan.

Rasmiy statistika bo‘yicha yil boshidan beri kartoshka 50 foizga, sariyog‘ — 23,4 foizga, qo‘y go‘shti — 21,1 foizga, sut — 11 foizga, qaymoq — 11,9 foizga, non— 11,2 foizga qimmatlashgan. Mol go‘shti narxi 10 oy ichida 10,2 foizga, olma esa 13,1 foizga oshgan. Qurilish materiallari va mehmonxonalarda yashash 20 foizga qimmatlashgani aytilmoqda.

Rossiya Markaziy banki o‘tgan yilning yozidan beri asosiy stavkani sakkiz marta oshirib, yillik 21 foizga chiqardi — bu 2003 yildan beri kuzatilgan eng yuqori daraja. Ammo inflatsiya sekinlashish o‘rniga tezlashdi: avvaliga regulyator uni yil oxirigacha 5-5,6 foiz bo‘lishini, keyinroq 6,5-7 foizni tashkil etishini prognoz qildi. 26 oktyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda inflatsiya yil oxirida 8-8,5 foizga yetishi mumkinligi ma’lum qilindi.

«Narxlarni ushlab qolish uchun kelgusi yilda bizga nisbatan qattiqroq pul-kredit siyosati kerak», — dedi Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina.

Ko‘proq yangiliklar: