Pizishkiyon safari, Salimboy xavfi va qo‘lbola alkogol tragediyasi – Markaziy Osiyo hafta ichida

Jahon 16:41 5161

Yakuniga yetayotgan haftada Yaqin Sharqning asosiy davlatlaridan biri – Eron prezidenti Tojikistonga keldi. Qirg‘iziston MXQ raisi esa Salimboy davlatchilikka xavf solganini gapirdi. Istanbulda esa qo‘lbola alkogoldan zaharlangan markaziy osiyoliklar jon bermoqda, jinoyat ustida turkmanlar qo‘lga olingan.

Qozog‘iston qishloqlari alkogoldan voz kechmoqda, Qirg‘iziston avbuslari naqd puldan voz kechdi.

Markaziy Osiyo haqidagi ba’zi xabarlar jamlanmasini haftalik dasturda tomosha qiling.

Salimboy Qirg‘iziston davlatchiligiga ham xavf solgan

Bu haqida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi gapirib berdi. Qamchibek Tashiyev “Qirg‘iz Kolyasi” laqabli kriminal avtoritet Qamchi Qo‘lboyev qo‘lga olinayotganda davlat manfaatlari uchun o‘ldirilganini aytarkan, Salim Abduvaliyev, ya’ni “Salimboyvachcha”ni ham tilga oldi. U Qirg‘iziston janubini to‘liq nazorat qilganini aytdi. Tashiyevga ko‘ra, Qirg‘izistonda uyushgan jinoyatchilik darajasi shunchalik yuqori bo‘lganki, jinoyat olami vakillari “butun mamlakat bo‘ylab hokimiyatni egallab, davlatnikiga o‘xshash boshqaruv tizimini yaratib olgan. Xavfsizlik qo‘mitasi raisiga ko‘ra, ularning o‘zi o‘g‘ri, lekin o‘zidan nazoratchi yasab olgan. Tuman va shaharlarda yurib, tadbirkorlardan zo‘rlik ishlatib, pul undirishgan. Hozir esa ulardan asar ham qolmadi.

Biroq Tashiyev Qirg‘izistonda ta’sir doiraga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlarning jinoiy olam yetakchilari ham bo‘lganini aytdi. O‘zbekistondagi “Salimboyvachcha” mamlakatimiz janubini to‘liq nazorat qilardi. Janubda barcha jinoiy guruh yetakchilari, yirik tadbirkorlar, hatto siyosatchilar va parlament deputatlari ham uning oldiga borardi. U aytgan hamma narsani bajarishardi, dedi Tashiyev. Salimboydan hattoki Qirg‘iziston prezidenti va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Tashiyevni o‘ldirish ham so‘ralgan. Buni esa Japarovning o‘zi 2024 yilda aytib o‘tgandi. Sobiq deputat Emil Jamg‘irchiyev noqonuniy ravishda O‘zbekistonga o‘tib, Salimboy yoniga borgan. Tegishli tergov O‘zbekiston maxsus xizmatlari bilan olib borildi, degandi prezident.

Turkmanlar sotgan qo‘lbola alkogol odamlarni o‘ldirdi

Istanbulda 3 kun ichida jami 19 kishi qo‘lbola alkogol sabab jon bergan. Turkiya politsiyasi bunday mahsulotlar tayyorlab sotayotgan 2 kishini qo‘lga olgan. Turkmen news xabariga ko‘ra, ularning ikkalasi ham Turkmaniston fuqarolari. Vafot etganlar ichida 7 nafar Turkmaniston fuqarolari ham bor. Turkiya huquq-tartibot idoralari tergov boshlagan.

Turkiya huquq-tartibot idoralari va prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan turkmanlar Istanbulning Bakirko‘y tumanida ishlagan mehnat muhojirlari bo‘lgan. Ular spirtli ichimliklarni ish joylari yaqinidagi ko‘chada, o‘z vatandoshlaridan sotib olishgan.

Gumonlanuvchilar – Agadjan va Amangullarning yashash joyini ko‘zdan kechirish chog‘ida 50 litr qalbaki spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va ko‘p miqdorda dori vositalari, dorixona tarozilari va yaroqsiz xorijiy shaxsiy guvohnomalar topilgan, ularning hammasi musodara qilingan. Shuningdek, ushbu manzilda Turkmanistonning yana 4 nafar fuqarosi qonuniy asoslarsiz yashayotgani aniqlangan.

Kuchukchekmejye Bosh prokuraturasi ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish, giyohvand moddalar savdosi, alkogol mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va sotish hamda ro‘yxatdan o‘tmagan giyohvand moddalarni sotish, noqonuniy migratsiyani tashkil qilish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabi ayblovlar tayyorlamoqda.

Shu yil 15 yanvar holatiga ko‘ra, shifoxonaga yordam so‘rab murojaat qilgan 65 kishidan jami 19 nafari vafot etgan. Ular orasida turkmanlardan tashqari boshqa xorijliklar, shuningdek, O‘zbekiston, Turkiya fuqarolari ham bor. Uch kishi shifoxonadan chiqarildi, qolganlarini davolash davom etmoqda. “Ozodlik” xabarida kelishicha, asosan lebapliklar qalbaki spirtli mahsulotlar tayyorlab sotish bilan shug‘ullanmoqda. 

Eron prezidenti Markaziy Osiyoga keldi

Eron prezidenti rasmiy safar bilan Tojikistonga keldi. Bu yangi prezident Pizishkiyonning lavozimiga saylanganidan beri mintaqaga birinchi tashrifi. Uni shaxsan Rahmon kutib olgan. Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabarlarida odatiy ma’lumotlar keltirilgan, ikki prezidentning kompleks aloqalarni muhokama qilgani, Eron va Tojikistonbiznesmenlari jami 450 million dollarlik kelishuvlarga erishgani aytildi. Safarning nozik nuqtalari bor: birinchidan, Tojikiston forsiyzabon davlat. Eron bilan juda yaqin yashash tarzi va madaniyatiga ega. Prezident Rahmon ham buni tasdiqlagan, 30 yillik faoliyatida Erondek tildosh topmaganini aytgan. Ya’ni u o‘z hamkasbini tarjimon yordamisiz tushungan. Eron bilasiz, sanksiyalar ostidagi davlat. Islom respublikasi iqtisodiyotiga xalqaro cheklovlar rivojlangani yo‘l bermaydi, lekin davlat Yaqin Sharqning gigant davlatlaridan. Xususan, yadro quroliga ega bo‘lishga harakat qilayotgan va mustahkam armiya salohiyati – Erondan ma’lum ma’noda qo‘rqib turish richaglari sanaladi. G‘arb esa hozirgi Eronni o‘ziga dushman deb biladi, yadroga egalik qilish maqsadlarini to‘xtatsin deydi. Shuningdek, Eron Janubiy Osiyoga olib chiquvchi jahonning eng qulay dengiz portlariga ega. Lekin bu portlar ham uzoq yillar sanksiyalarga tushgan. Tojikiston aynan Eronning transport-tranzit salohiyatidan foydalanmoqchi. Xususan, Chobahor va Bandar Abbos portlaridan foydalanish masalasini Rahmon va Pizishkiyonko‘rib chiqqan. Dushanbe axborotiga ko‘ra, bugun Tojikistonda Eron kapitali ishtirokida 160 ta kompaniya ishlaydi. Emomali Rahmon xavfsizlik borasida ham Eron bilan hamkorlik qilmoqchi. Matbuot anjumanida u so‘zga chiqarkan, Yaqin Sharq va G‘azodagi notinch, tragedik vaziyatni tilga oldi. Vaziyatdan kelib chiqib, biz Eron bilan xavfsizlik sohasida birga ishlaymiz, dedi, Afg‘onistonga yordam berish kerakligini gapirdi,“Tolibon”ni yoqtirmasa-da. 

Bishkek avtobuslari ham naqd pul qabul qilmayapti

Xuddi Toshkentdagi kabi Bishkekda ham avtobuslarga endi naqd pul bilan to‘lov qilib bo‘lmaydi. To‘liq naqd pulsiz tizim yo‘lga qo‘yildi, barcha avtobuslarda to‘lov moslamalari o‘rnatildi. Bishkek meriyasi shu qarorga kelgan. Qirg‘izistonliklar Tulpor transport kartasi va o‘zlarining boshqa kartalari, shuningdek, viza kartalari bilan ham to‘lov qilishlari mumkin. 

2024 yilning kuzida Bishkek hokimligi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish uchun takliflar qabul qilishini bildirgandi. U yerda transport uchun naqd to‘lov narxini oshirish va bu bilan naqd pulsiz hisob-kitobni rag‘batlantirish taklifi ham bor edi. 

Tojikistonlik o‘smir Moskva yaqinida terakt tayyorlagan

Tojikistonlik o‘smir Moskvada terakt uyushtirishga urinishda gumonlanmoqda. Moskva yaqinidagi Reutov shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari 16 yoshli o‘smirni o‘z maktabida terakt tayyorlaganlikda ayblayapti. Ma’lum bo‘lishicha, o‘smir 1-raqamli maktabda terakt rejalagan. Qo‘lga olinganda undan uchta pichoq va “dalil ahamiyatidagi ko‘plab yozuvlar” topilgan. Bola Tojikistondan kelgan bo‘lib, Rossiyada ro‘yxatdan ham o‘tmagan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari uning ijtimoiy tarmoqlardagi “Kolumbayn” guruhiga qo‘shilganini taxmin qilyapti. Bu guruh a’zolarirus maktablarida teraktlar uyushtirishni muhokama qiladi. 

TASS axborot agentligi xabarida kelishicha, Moskva ta’lim departamenti voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Reutovdagi hodisadan so‘ng hududdagi barcha ta’lim muassasalarida terrorchilikka qarshi xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

 Tergov qo‘mitasi boshqarmasi maktab o‘quvchisiqo‘lga olinganini tasdiqladi, ishda terrorchilik kayfiyati aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchining ismi Ruslan bo‘lib, u maktabga bostirib kirib, o‘quvchilarga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rgan. 

Qozog‘iston qishloqlari alkogoldan voz kechmoqda

Qozog‘istondagi qishloqlar birin-ketin butunlay alkogoldan voz kechmoqda.

“Kazinform” xabariga ko‘ra, Auliyeko‘l tumaniKo‘ktal qishlog‘i odamlari bir joyga yig‘ilib, endi umuman alkogol ichmaslikka kelishib olgan. Tuman hokimligi esa bu qishloqni o‘rnak qilib ko‘rsatmoqda. Qolaversa, oxirgi uch yil davomida bu yerda birorta ham qoidabuzarlik qayd etilmagan. Oqsoqollar dastur ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolishga yordam berishini aytmoqda.

Alkogolsiz qishloq bo‘lish g‘oyasi aholining barcha qatlamlari orasida qo‘llab-quvvatlangan. Fermerlar, tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarfaollarning dalillariga qo‘shildi. Qishloqda bugun jami 519 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Rasmiylar mintaqadagi boshqa aholi punktlari ham muammoni sog‘lom hal qilishiga umid bildirmoqda.

Turkman biznes jyeti Germaniyaga sirli uchdi

14 yanvar kuni ertalab Turkmaniston hukumatining biznes-jyeti Myunxen aeroportiga qo‘ngan, bortda besh nafar yo‘lovchi bo‘lgan, biroq ular kimliginoma’lum. Katta ehtimol bilan prezident oilasidagilar bo‘lishi mumkin, deya xabar beryapti Turkmen news. Samolyot pardasi yopilgan holda to‘xtash joyiga kelgan, bu esa bortda mamlakat oliy rahbariyatidan kimdir bo‘lgani taxminini keltirib chiqaradi. 17 yanvar kuni samolyot Ashxobodga qaytgan, deb yozadi nashr.

Turkmaniston matbuoti Germaniyaga biror rasmiy safar, tadbir haqida gapirayotgani yo‘q. Turkmaniston havo yo‘llari parkida ham bu biznes jyet haqida ma’lumot yo‘q. Demak, ushbu samolyot mamlakat hukumat parki uchun yangi hisoblanadi. U 2024 yilda Kanadaning Toronto shahridagi zavodidan mijozga yetkazib berilgan. 12-16 dekabrkunlari avialayner Turkmaniston osmonida bir necha bor sinov parvozlarini amalga oshirgan.

Ma’lumki, prezident Serdar Berdimuhammedov ham, uning otasi Gurbanguli ham nemis shifokorlari xizmatidan, xususan Myunxenda foydalanadi.

Ko‘proq yangiliklar: