Yer qonuniga qarshi prezident, Eronga yaqinlashayotgan Dushanbe va jazolangan vazir – Markaziy Osiyo hafta ichida
Qirg‘iziston prezidenti parlamentning yerlarni tortib olish imkonini beruvchi qonuniga norozilik bildirdi. Tojikiston esa Eron bilan savdosini 500 mln dollarga yetkazmoqchi. Turkmanistonda armiyaga chaqiruv yoshi 30 ga ko‘tarilishi mumkin. AQSh Davlat kotibi “Tolibon” Afg‘onistonni to‘liq idora qilolmaganini gapirsa, afg‘onlar buni rad etdi.
Bankrot bo‘lgan turfirma sabab qozoqlar Umraga borolmay qoldi
70 dan ortiq qozog‘istonliklar o‘zini bankrot deb e’lon qilgan turfirma sabab Umra ziyoratiga borolmay, pullariga kuyib qolishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Olmaota va Chimkentda yashovda 70 dan ortiq fuqarolar 20 fevral kuni ziyorat tashkilotchiligidan hech qanaqa xabar bo‘lmagach, turfirma eshigini taqillata boshlagan. Chunki ular rejaga ko‘ra, 1 hafta avval uchib ketishi kerak edi. Ziyoratchilarga Makka va Madinaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys va eng yaxshi mehmonxonalarda yashash va’da qilingan, lekin ular chemodanlari bilan aeroportda qolib ketishdi. Odamlar esa g‘azablanib, yuklari bilan to‘g‘ri turfirma eshigiga kelishgan. Aytilishicha, turfirmalar odatdagidan ancha arzon narx aytgan va shuning ortidan ko‘pchilikka paket sotgan. “Ular bizning ishonchimizdan foydalanib, aldashdi. Bugungacha biz ularga ishonib keldik. Farzandlarim menga bu sayohatni sovg‘a qilgandi, men Kordaydan Olmaotaga keldim va 17 fevralda uchib ketishim kerak edi. Kecha esa kompaniya o‘zini bankrot deb e’lon qilganini aytishdi, shuning uchun safar bekor qilindi”, - deydi Jambil viloyatida yashovchi fuqaro.
Kompaniya sayohatlarni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilgan. Jabrlanganlar ichida birato‘la beshtalab ziyorat paketini xarid qilganlar bor. 60 dan ortiq ziyoratchilar esa aynan mana shu turfirma sabab Saudiya Arabistonida qolib ketmoqda, ularning ziyorati yakuniga yetgan, biroq qaytish chiptasi noma’lumligi sabab qolib ketishgan. Ma’lum bo‘lishicha, Umraga jo‘natuvchi bu kompaniya mijozlaridan kamida 40 million tenge qarzdor, bu 84 ming AQSh dollari degani.
Qirg‘iziston vaziri Britaniya safarida biror natijaga erishmadi
Qirg‘iziston ta’lim vaziri Buyuk Britaniyaga bekordan-bekorga borib kelgani uchun javobgarlikka tortildi. Ma’lum bo‘lishicha, vazir Dog‘durqul Kendirboyeva Buyuk Britaniyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha prezident administratsiyasiga noto‘g‘ri xabarlar bergan. Safardan maqsad Qirg‘izistonda darsliklar uchun 400 ming dollar va vazirlikning boshqa maqsadlari uchun mablag‘ topib kelish edi. Biroq vazir ingliz hamkasblari bilan uchrashar ekan, ularni bunga ko‘ndira olmagan. Delegatsiya davlatga qaytgach britaniyaliklar hammasiga ko‘ndi deya noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi aslida bunday bo‘lmaganini aniqlagan. Ikki tashkilot qarorlari ijrosi nazorat bo‘limidan Azamat Ostonov ma’lumot berarkan, Britaniyada talabalar bilan uchrashuv va vazirlar bilan kengash biror natija ko‘rsatmadi, deydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, vazir safarga ketishdan avval o‘rinbosari Lira Samiqboyevani ham delegatsiya tarkibiga qo‘shishni so‘radi. Chunki u ingliz tilini biladi va “Oltin qoziq” ta’lim dasturi haqida vazirdan yaxshiroq ma’lumot berishi mumkin edi. Lekin administratsiya bunga ruxsat bermagan va vazir o‘rinbosari Britaniyadagi forumda qatnashmagan.
Tojikiston Eron bilan savdosini 500 million dollarga yetkazmoqchi
Tojikistonga Eron prezidenti davlat tashrifi bilan kelib-ketgach Dushanbe Eronga yanada yaqin bo‘lish harakatida. Ikki davlat endi o‘zaro savdo hajmini yarim mlrd dollarga yetkazmoqchi. Tojikiston bosh vaziri Tehronga borib, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bilan ko‘risharkan, muloqotda shu muhokama qilingan. Dushanbe va Tehronning o‘zaro vizasiz rejimga o‘tgani ham savdoga ta’sir qildi. Pizishkiyon fikricha, vizasiz rejim fors-tojiklarni yanada yaqinlashtirib, birlashtirgan. “Xovar” axborotida kelishicha, Eron Tojikistonga katta sarmoya kiritadi, asosan energetika va transport sohasiga. Tehronda 3-Kaspiy iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tarkan, bosh vazir Kohir Rasulzoda energetik loyihalar haqida ko‘p gapirdi.
“Tojikiston qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 98 foizidan Kaspiy dengizi havzasi mamlakatlariga yashil energiya eksport qilishga tayyor”, — dedi u.
Turkmanistonda chaqiruv yoshi o‘zgarishi kutilmoqda
Turkmaniston hukumati armiyaga chaqiruv yoshini 30 yoshgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkmennews mamlakat xavfsizlik idoralaridagi manbasiga tayanib, xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, farmon loyihasi allaqachon tayyor va prezidentning imzolashi kutilyapti.
Endi muddatli harbiy xizmatdan qochish uchun chet elga o‘qishga ketgan turkmanlar 30 yoshga to‘lgunga qadar u yerda qolishga majbur bo‘ladi, deb yozadi nashr. Hozir chaqiruvning maksimal yoshi 27 bo‘lib qolmoqda. O‘zgartirishlar to‘g‘risidagi farmon allaqachon ishlab chiqilgan, ammo mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhammedov uni hali imzolamagan. Turkmanistonda erkaklar hamma joyda harbiy guvohnomaga ega bo‘lishga majbur: ishga kirishda, uy-joyni xususiylashtirishda, ro‘yxatdan o‘tishda va hokazolarda. Shunday qilib, harbiy ro‘yxatga olish va ro‘yxatga olish idorasi orzu qilingan hujjatni bermaguncha, fuqaro o‘zining barcha huquqlaridan foydalana olmaydi.
Askarlarning yetishmasligi o‘zini betaraf deb e’lon qilgan Turkmaniston armiyasining surunkali muammosidir. Nashrga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tash qoidalari yoki harbiy guvohnoma berish tartibini o‘zgartirish orqali armiyadagi harbiylar taqchilligini to‘ldirishga urinilayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq bunday usullar yoshlarning armiyada xizmat qilishni istamasligini yanada kuchaytiradi. Masalan, hozirgi kunda yigitlar armiyaga ketishdan bor kuchlari bilan o‘zlarini olib qochishadi, chunki ular armiya shunchaki rasmiyatchilik ekani, kelajak faoliyatda biror foyda keltirmasligini yaxshi bilishadi. Turkmen.News davomli e’lon qilgan maqola va materiallarida ko‘rinishicha, turkman armiyasi nafaqat harbiylar, balki yaxshi qurol-aslaha va o‘q-dori bilan ham ta’minlanmagan. Biroq bu muammolar harbiy qonunchilik yoki moliyalashtirishga borib taqalmaydi. Hamma muammo ajratilgan pullarning yeb yuborilishida, deb yoziladi xabarda.
Qozog‘istonliklar qishloqlarni ommaviy tark etmoqda
Qozog‘iston qishloqlari yildan yilga kamayib, aholi shaharda yashashni ma’qul ko‘rmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shni davlatda oxirgi 2 yilda 80 ta qishloqlar butunlay xaritadan ham o‘chirilgan, bu hududlarda yashovchi qozoqlar to‘liq shaharlarga ko‘chib ketdi. Aynan shu 80 ta qishloqlarda bugun hech kim yashamaydi. Parlament deputati Jiguli Dairabayev davra suhbatida shu haqida chiqish qildi. Uning aytishicha, 1 oktyabr hisob-kitobiga ko‘ra, qozog‘istonliklarning 70 foizga yaqini allaqachon shaharlarda yashamoqda, 37 foiz aholigina qishloqlarda qolgan, biroq yildan yilga qishloqlar butunlay yo‘q bo‘lib, kimsasiz hududga aylanib bormoqda.
“Bu ko‘rsatkich har yili kamayib bormoqda. Bugungi kunda Qozog‘istonda 6208 ta qishloq mavjud bo‘lsa, 2023 yilda 6286 ta bo‘lgan edi. Shunday qilib, bor-yo‘g‘i ikki yil ichida 80 qishloq yo‘q bo‘lib ketgan. Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston qishloqlarida aholining migratsiya saldosi o‘tgan yili minus 111 kishini tashkil etgan, deydi deputat. Ma’lum bo‘lishicha, bu so‘nggi 25 yildagi qishloq aholisi soni bo‘yicha antirekord. Eslatib o‘tamiz, oxirgi 10 yil ichida Qozog‘istonda 600 ga yaqin qishloqlar yo‘q bo‘lib ketgan. Bugun respublikada jami 21 millionga yaqin aholi yashaydi.
Prezident parlamentdagi qonunga qarshi chiqdi
Qirg‘iziston parlamenti shu kunlarda “Yangi yer” loyihasini ko‘rib chiqmoqda. 13 fevral kuni Jokorgu kengesh bu kodeks loyihasini tasdiqlagan. Lekin prezident Sadir Japarov hujjatga qarshi ekanini ma’lum qildi. Yer kodeksi Jokorgu kengeshda 3 o‘qishda qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasi bu hujjat tashabbuskori, lekin uning ayrim bandlaridan jiddiy noroziliklar bor. Masalan, hujjatda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun shaxsiy yerlarni tortib olishga ruxsat beruvchi band bor. Prezident ham shundan norozi.
Men xususiy yerlarning tortib olinishiga qarshiman. Xususiy mulk daxlsizdir. Agar Qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta taqsimlash jamg‘armasining (QXF) ijaraga berilgan yerlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bu boshqa masala. Ijaraga olingan, ammo foydalanilmayotgan joylar begona o‘tlar bilan to‘lib-toshgan. Bunday yerlardan maqsadli - qishloq xo‘jaligi uchun foydalanish kerak edi. O‘zi har yili butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi yerlari qisqarmoqda. Aholi esa tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Masalan, bugun biz o‘zimizni bug‘doy bilan ta’minlay olmaymiz. Ehtiyojning 60 foizi import hisobiga qondiriladi. Shuning uchun bir kvadrat metr yer bo‘sh qolmasligi kerak. Mahalliy hokimiyat organlari shaxsiy yer uchastkalarini muntazam ravishda tekshirishlari lozim. Agar kimdir ularni qayta ishlay olmasa, davlat yordam bersin va ulardan foydalanishni ta’minlasin. Agar mulkdor o‘zi uddasidan chiqolmasa, davlat yerni ijaraga olib, o‘zlashtirsin. Yechim topish mumkin. Agar foydalanilmayotgan xususiy yerlarni olib qo‘yish to‘g‘risida qonun loyihasi tushsa, men uni rad etaman, dedi prezident. Bir kvadrat metrni ham bo‘sh qoldirmang. Bug‘doy, arpa, kartoshka va boshqa ekinlarni eking, importga qaram bo‘lmay, o‘z-o‘zimizni ta’minlashga intilaylik, dedi Japarov yer egalariga murojaat qilarkan.
Marko Rubio: “Tolibon” bilan IShIDga qarshi hamkorlik qilamiz
AQSh davlat kotibi IShIDga qarshi kurashda Vashington “Tolibon” bilan hamkorlik qilishi, lekin toliblarga nisbatan Amerikaning qarashi o‘zgarmay qolishini gapirdi. Amerika matbuotiga bergan intervyusida Marko Rubio Afg‘onistonda bu guruhlar ustidan nazoratning yo‘qligi va bu omil terroristik guruhlarga o‘z faoliyatini kengaytirish imkoniyatini berishini aytdi.
“Menimcha, bahsli boshqaruv joylari mavjud hamda hali hududni to‘liq boshqarish imkoni yo‘q hukumat bo‘lsa, u yerda terroristik guruhlar avj oladi, bu ular uchun yaxshi imkoniyat”, dedi Rubio.
AQSh Davlat kotibi, shuningdek, Amerika xavotirlari faqat Afg‘oniston bilan chegaralanmayotganini ta’kidlab, Suriyani boshqa bir xavfsizlik tahdidi sifatida tilga oldi.
Mahalliy afg‘on nashri Tolo.News e’lon qilgan xabarda esa Rubioning fikrlari qat’iy rad etilgan. Nashr Afg‘onistondagi siyosatchi Moen Gul Samkanay fikrini olib, davlat kotibi gaplarini xatoga chiqarishga harakat qildi. Bu asossiz da’vo, chunki so‘nggi uch yarim yil davomida amaldagi hukumat Afg‘onistonda o‘z nufuzini isbotladi va o‘z hududining kichik bir qismi ustidan ham nazoratni qo‘ldan boy bermadi. Ularning gapiga oydinlik kiritish kerak, dedi Samkanay. Afg‘on siyosiy tahlilchisi Hevad Zaziy ham Rubioning gaplarini rad qilib, “Tolibon” dunyo yoki qo‘shni davlatlar uchun xavf tug‘dirmagani, bunga global dalilni Amerika ko‘rsatib berolmasligini aytdi. Tolo.News telekanaliga bayonot bergan “Tolibon” ichki ishlar vazirligi Afg‘onistonda IShID allaqachon bostirilgani, hozir hech qanday tahdid yo‘qligini gapirgan.
Mavzuga oid

12:00 / 09.03.2025
Norozi turkman dehqonlari, Tojikistonda kuzatuvchilarsiz saylov, aeroportdagi qahramonlik va “svet”siz Kobul – Markaziy Osiyo hafta ichida

12:43 / 02.03.2025
Qozog‘istonda hashamat solig‘i, Afg‘onistonda qimmat internet va Turkmanistonda taqchil yog‘ - Markaziy Osiyo hafta ichida

15:59 / 16.02.2025
Maskni qo‘llagan Japarov, qimmatlagan ajrim va qotil bog‘cha tarbiyachisi – Markaziy Osiyo hafta ichida

14:19 / 09.02.2025