Tojikistondagi to‘ntarish ishi, Rossiyaga oshiqqan turkmanlar va donorlikka murda a’zolari – Markaziy Osiyo hafta ichida
Yakuniga yetgan haftada Tojikistonda davlat to‘ntarishiga urinish ishi Oliy sudda ko‘rib chiqildi, sobiq amaldor va siyosatchilar, jurnalist ozodlikdan mahrum qilindi. Qozog‘istonda esa kelin o‘g‘irlaganlik uchun jinoiy jazo qo‘llanishi mumkin. Qirg‘izistonda imomlardan murda a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish uchun rozilik olindi. Turkiyadagi Ashraf G‘ani odamlaridan iborat Afg‘oniston elchixonasi yopildi.
Markaziy Osiyo va Afg‘oniston haqidagi xabarlar jamlanmasini Kun.uzʼning haftalik dasturida tomosha qiling.
Tojikistonda davlat to‘ntarishiga urinish ishi Oliy sudda ko‘rib chiqildi
Tojikistonda davlat to‘ntarishiga urinish ishi bo‘yicha Oliy sud hukmi e’lon qilindi, jazolanganlar orasida Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri, mamlakat Oliy Kengashining sobiq raisi va xavfsizlik kuchlarining iste’fodagi rahbarlari, o‘nga yaqin sobiq davlat amaldorlari, siyosatchilar va jurnalist ham bor. Oliy sud 5 fevral kunida hukm chiqara boshlagan. Ayblanuvchilar kamida 8 yildan 27 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi. Ular “davlat to‘ntarishiga urinish”, “davlatga xiyonat”, “firibgarlik”, “milliy va diniy adovat qo‘zg‘ash”da ayblanmoqda. BBC nashri yozishicha, yaqin yillarda Markaziy Osiyoning biror davlatida bunday shov-shuvli ish ko‘rilmagan edi. To‘ntarish hozirlashda asosiy figuralardan biri Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri – Hamroxon Zarifiy. U 27 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq yetakchisi va sobiq parlament deputati Saidja’far Usmonzodaga ham xuddi shunday hukm o‘qilgan.
Sud ularning mol-mulkini musodara etishga ham qaror qilgan.
Mamlakat Oliy Kengashining sobiq raisi Akbarshoh Iskandarovga 18 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan, uning mol-mulki ham qisman musodara etilishi aytilgan.
8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan jurnalist Ruxshona Hakimova esa davlatga xiyonat qilishda ayblandi. Aytilishicha, uning ishi “maxfiy”, deb tasniflangan, tafsilotlar noma’lum qolmoqda. Ayrim xabarlarga ko‘ra, jurnalist yozgan Xitoyning Tojikistonga ta’siri haqidagi maqola bunga sabab bo‘lgan.
Ayblanuvchilarning o‘zlariga qarshi chiqarilgan uzoq yillik hukmlarga munosabatlari hozircha ma’lum emas.
Xabarlarga ko‘ra, sud ishni yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqqan, rasmiylar ham biror izoh bermagan. Sababi ish maxfiy deya tasniflanadi. Sud zaliga sudlanuvchilarning faqat advokatlari kiritilgan, na qarindoshlari, oila a’zolari, na OAV vakillari ichkariga qo‘yilmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi so‘zlarida sudlanuvchilarning aksariyati Tojikiston Bosh prokuraturasi ularga qo‘ygan ayblarni tan olishmagan, suddan o‘zlarini ozod etishini so‘rashgan.
Qamoqxonada mahkumlar bosh ko‘tardi
Tojikistondagi qamoqxonada mahkumlar va muassasa xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi. Ularning orasida yaralanganlar va halok bo‘lganlar bor.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, poytaxt Dushanbe yaqinida joylashgan qamoqxonadagi isyonni qo‘lbola pichoqlar bilan qurollangan to‘qqiz nafar mahkum uyushtirgan.
Ular qo‘riqchilarga hujum qilib, jazoni o‘tash muassasidan qochishga uringan.
3 fevral kuni Tojikistonning rasmiy axborot agentligi “Xovar” hodisa dushanba kuni, tushdan keyin sodir bo‘lganini yozdi. Xabarga ko‘ra, mahkumlar tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida 3 nafar qamoqxona xodimi og‘ir jarohat olgan.
Manbaga ko‘ra, mahkumlar o‘zlarining qo‘lbola o‘tkir qurollaridan foydalanib, qamoqxona qorovullariga hujum qilgan va “o‘ldirish hamda qochish”ni rejalashtirgan.
Tojikiston qamoqxonalari boshqarmasining ma’lum qilishicha, hujumchilar qamoqxona ma’muriyati buyruqlariga itoat etmagan va hech qanday shart qo‘ymasdan hujumni davom ettirgan. Ular qamoqxona qorovullarini o‘ldirib, qochishga uringan.
Mamlakat Adliya vazirligi qamoqxona qo‘riqchilari isyonchi mahkumlarga qarshi qurol ishlatishga majbur bo‘lgani, oqibatda ularning uch nafari o‘ldirilgani, qolgan oltitasi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
Tojikiston hukumati mahkumlarning shaxsiga oid ma’lumotni hali ochiqlamadi.
Xorijiy nashrlarga ko‘ra, isyonchi mahkumlar Tojikistonda taqiqlangan Islomiy davlat va Salafiy harakatiga aloqadorlikda ayblangan shaxslar bo‘lgan.
Bir vaqtning o‘zida Tojikiston hukumatiga muxolifatdagi tashkilotlar hodisada halok bo‘lganlar soni rasman e’lon qilingan 3 nafardan ko‘p ekanini da’vo qilmoqda.
Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlik uchun jinoiy jazo joriy qilinadi
Qozog‘iston parlamenti deputatlari jinoyat kodeksiga kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazo choralarini kiritishni taklif qildi. O‘zgartirishlar yaqin vaqt ichida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Taklifni hozir Jinoyat, Jinoyat-ijro va Jinoyat-protsessual kodekslarini optimallashtirish bo‘yicha ishchi guruh ko‘rib chiqmoqda. Yangi moddada vaziyatga qarab turli jazo choralari ko‘zda tutilgan: jarima, jamoat ishlari va qamoq.
“Agar bir guruh shaxslar tomonidan, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, biror bir zarar yetkazilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Agar o‘z xohishingizga qarshi uyda saqlansangiz, psixologik va jismoniy bosimga duchor bo‘lasiz. Qonun jabrlanuvchi tomonida bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlaydi parlament deputati Murad Abenov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kelin o‘g‘irlash ba’zan “urf-odat” sifatida niqoblanadi, lekin aslida shunday emas. “Aslida bizda bunday an’analar yo‘q edi. Qizning o‘zi turmushga chiqmoqchi bo‘lsa, ota-onasi rozi bo‘lmasa, qiz qochib ketgan. Ota-onasining moddiy imkoniyati bo‘lmaganida u qochib, o‘zi turmushga chiqishi mumkin edi. Qozoqlarda hech qachon qabiladan qiz o‘g‘irlash odati bo‘lmagan, bu har doim og‘ir jinoyat bo‘lib kelgan”, deya qo‘shimcha qiladi deputat.
Qirg‘iziston kartoshka eksportini taqiqlamoqchi
Qirg‘izistonda ham kartoshka narxi sezilarli ravishda qimmatlashdi, davlat kartoshka ercportini taqiqlamoqchi.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda kartoshka narxi bir kilogramm uchun 60-65 somgacha ko‘tarildi, ya’ni salkam 9-10 ming so‘mga yaqinlashdi. Endi mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka eksportini vaqtinchalik cheklamoqchi.
“Bizda kartoshka katta hududlarda — Issiqko‘l viloyati, Oloy, Chon-Oloy, Qo‘chqorda yetishtiriladi. Fermerlar uchun xursandmiz, lekin aholi uchun 65 som qimmat. Bir qop un 1 ming 700 som bo‘lsa, bir qop kartoshka 2,5-3 ming som”, deydi Qirg‘iziston parlamenti deputati.
Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi kartoshka eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining spekulyatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Vazir Bakit Toroboyev mamlakatda oziq-ovqat narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat idoralari, prezidentning viloyatlardagi o‘rinbosarlari va mahalliy hokimiyat organlariga oziq-ovqat mahsulotlari narxini diqqat bilan kuzatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Murdalar donor bo‘ladi
Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev mamlakatda murda a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish uchun imomlarning yozma roziligini oldi. Bu haqda u parlament fraksiyalari yig‘ilishida ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, respublikada murda a’zolarini ko‘chirib o‘tkazishni joriy etish juda muhim. Hozirgi kunda jigarni ko‘chirib o‘tkazish uchun donorlar yetishmasligi muammosi dolzarb bo‘lib turibdi va bitta vafot etgan odamdan 7—8 tagacha a’zoni olish orqali insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘ladi.
Alimqodir Beyshenaliyevning aniqlik kiritishicha, murda donorligi tizimi joriy etilsa, jigar, buyraklar, retikulyar hujayralar, ilik, o‘pka, yurakni transplantatsiya qilish imkoni tug‘iladi.
Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda murda transplantatsiyasini rivojlantirish rejalarini e’lon qilgan edi. Idora yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan tegishli qonun loyihasini yakunladi.
Mahalliy shifokorlar bir necha bor tirik qarindoshlik donorligi transplantologiya muammolarini to‘liq hal qila olmasligini ta’kidladi. Shuning uchun ko‘proq bemorlarni qutqarish maqsadida murda donorligi tizimini joriy etish zarur, deydi qirg‘iz tibbiyot xodimlari.
Rossiyaga oshiqayotgan turkmanlar
Turkmanistondan Rossiyaga borayotganlar soni oxirgi 2 yil ichida 16 baravarga ko‘paygan. Rossiya chegara xizmati statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyaga kirgan sayyohlar soni bo‘yicha birinchi beshta davlat qatoriga Turkmaniston ham kiradi. 2024 yilda Rossiyaga kiruvchi turkmanlarning soni 2023 yildagigan 65 foizga ko‘p. Aksariyat turkmanlar ishlash uchun turistik vizalar bilan Rossiya chegarasini kesib o‘tmoqda, deb yozadi Turkmen news nashri. Eslatib o‘tish kerakki, 2022 yilda bor-yo‘g‘i 3 ming 600 kishi Rossiyaga borgan. Aksariyat turkmanlar Rossiyaga turistik vizalar bilan borishadi, keyin esa bu mamlakatda ishlash uchun qolib ketishadi. Ashxobod keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil hisob-kitobi bilan, bor-yo‘g‘i 176 ming nafar fuqarolar xorijda ishlaydi. Shulardan 6 mingi Rossiyada. Biroq xorijda ishlaydiganlar ham, Rossiyadagilar soni ham atay kamaytirib ko‘rsatilgan, deb yozadi Turkmen news. Biroq chet elda ishlash yoki Rossiya mehnat vizasini olish uchun mamlakatni rasman tark etish Turkmanistonda oson ish emas. Shuning uchun ham turkman muhojirlari Rossiyada pana-panalarda ishlab yurishga majbur, hujjatlari bilan haqiqiy maqsadlari o‘rtasidagi nomuvofiqlik aniqlansa, deportatsiya qilinish xavfi yuqori.
Turkiyadagi Afg‘oniston elchixonasi “Tolibon”ga berildi
Turkiya rasmiylarining qaroridan so‘ng Anqaradagi Afg‘oniston elchixonasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ya’ni bu elchixona jamoasi hali-hanuz prezident Ashraf G‘ani davridagidek qolayotgandi, Turkiya hukumati qarori bilan diplomatik idora yopilishi bildirilgan. 2021 yil 15 avgust voqealaridan so‘ng, “Tolibon” hokimiyatga kelgach, ushbu elchixonani o‘z nazoratiga ololmagan. O‘tgan 3,5 yillik davr mobaynida idora eski jamoasi bilan ishlab keldi. Ular esa “Tolibon”ga qarshi bo‘lgan diplomatlar edi. Toliblar Turkiya hukumatiga ham bosim o‘tkazgach, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi elchining respublikadagi missiyasi va ushbu elchixona diplomatlarining faoliyati tugatilganini e’lon qilgan.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi ham, afg‘on diplomatlari ham bu borada hech qanday bayonot bermagan. Elchixona qo‘riqchisi idora “Tolibon” rejimiga “mos kelmagani” uchun yopilayotganini ta’kidlagan. Elchixona Afg‘onistonda “xalq irodasiga asoslangan qonuniy hukumat yo‘qligi” sababli o‘z missiyasini tugatayotganini aytib, Turkiyaga “so‘nggi yillarda qo‘llab-quvvatlagani” uchun minnatdorlik bildirgan.
Turkiya “Tolibon” hokimiyatga qaytganiga qaramay, Kobulda o‘z elchixonasini, shuningdek, shimoldagi Mozori-Sharif shahrida va G‘arbdagi Hirotda konsulliklarini saqlab qolgan.
Mahalliy afg‘on nashri Tolo newsʼga ko‘ra, “Tolibon” Anqaradagi elchixona yopilmasligi, faqat jamoada toliblar vakillaridan bo‘lishini ma’lum qilgan. Muvaqqat hukumatning iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Abdul Latif Nazariy elchixona Islom amirligiga topshirildi, deya bildirgan. Turkiya tashqi ishlar vazirligi esa Vena konvensiyasiga muvofiq elchixona endi mezbon davlat yurisdiksiyasida ekanini ma’lum qilgan. Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonning Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Hindiston va Kanadadagi elchixonalari faoliyati to‘xtatilgan, lekin bu missiyalar haligacha “Tolibon” vakillariga o‘zgartirilmagan. Chunki toliblarni hali biror davlat rasman tan olmadi.
Mavzuga oid

12:00 / 09.03.2025
Norozi turkman dehqonlari, Tojikistonda kuzatuvchilarsiz saylov, aeroportdagi qahramonlik va “svet”siz Kobul – Markaziy Osiyo hafta ichida

12:43 / 02.03.2025
Qozog‘istonda hashamat solig‘i, Afg‘onistonda qimmat internet va Turkmanistonda taqchil yog‘ - Markaziy Osiyo hafta ichida

15:30 / 23.02.2025
Yer qonuniga qarshi prezident, Eronga yaqinlashayotgan Dushanbe va jazolangan vazir – Markaziy Osiyo hafta ichida

15:59 / 16.02.2025