Andijon viloyati Buloqboshi tumanida, Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida valuta savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Buloqboshi tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan N.O. fuqaro S.Q.dan 4 000 AQSh dollarini 51,7 mln so‘mga sotib olgan vaqtida ushlangan.
Tekshiruv davomida uning yonidan 586 AQSh dollari, 14 750 Rossiya rubli, 4 770 Qirg‘iziston somi va 74,8 mln so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan S.A. fuqaro M.X.ga 4 000 AQSh dollarini 52 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.