Kreml Rossiyaning Gurjistondagi parlament saylovlariga aralashgani bo‘yicha ayblovlarni «qat’iy rad etadi». Bu haqda 28 oktyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
«Bu kabi ayblovlar ko‘p mamlakatlarda odatiy holdir. Ular Rossiyani aralashishda ayblaydilar. Yo‘q, bu ayblovlar mutlaqo asossiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Interfaks» agentligi.
Shu bilan birga, Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Gurjistonning o‘zida «vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar ommaviy ravishda e’lon qilinmoqda» va «o‘tkazilmoqda». U Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvilining ovoz berish rasmiy natijalarini tan olishdan bosh tortgani va ommaviy noroziliklarga chaqirgan bayonotini shunday tavsifladi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, haqiqatdan ham Gurjistondagi saylovlarga aralashishga urinishlar bo‘lgan, lekin Yevropa davlatlaridan. «Buni hech kim yashirmadi, Moskvadan farqli o‘laroq, biz Gurjistonning ichki ishlariga aralashmaymiz va aralashmoqchi emasmiz», — deydi Peskov.
Yevroittifoq Gurjistonda saylovlardagi qonunbuzarliklarni tekshirishga chaqirdi
Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Gurjistondagi parlament saylovlari vaqtidagi qonunbuzarliklarni tekshirishga chaqirdi. «Biz Gurjiston Markaziy saylov komissiyasi va boshqa tegishli organlarni saylovdagi qonunbuzarliklar va da’volarni tezkor, oshkora va mustaqil ravishda tekshirish hamda ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z burchlarini bajarishga chaqiramiz», — deyiladi Yevropa tashqi harakatlar xizmati 27 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotda.
«Qonunbuzarliklar aniqlanishi va tuzatilishi kerak, bu qadam saylov jarayoniga ishonchni tiklash uchun zarur», — deyiladi unda. So‘nggi oylarda Gurjiston xalqi «demokratik qadriyatlarga va o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqiga yo‘liga sodiqligini namoyish etdi», deya qo‘shimcha qilindi Bryusselda.
Yevropa Ittifoqi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT/DIIHB)ning yakuniy hisoboti va tavsiyalarini kutmoqda, ular imkon qadar tezroq amalga oshirilishi kerak. Ayni paytda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Gurjiston masalasini Yevropa kengashining norasmiy sammiti kun tartibiga kiritish niyatida. Uchrashuv noyabr oyi boshida Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.