Filadelfiya prokurori Ilon Maskka qarshi da’vo kiritdi

Jahon 00:23 / 29.10.2024 3751

Filadelfiya okrug prokurori Larri Krasner tadbirkor Ilon Maskka qarshi sudga fuqarolik da’vosini kiritdi. U milliarderdan Pensilvaniyada pul tikib, saylovchilar o‘rtasida o‘tkazayotgan o‘yinni to‘xtatish talabi qilmoqda.

20 oktyabr kuni Mask prezidentlik saylovlariga qadar har kuni AQSh Konstitutsiyasining birinchi va ikkinchi tuzatishi himoyasiga qaratilgan petitsiyani imzolagan Pensilvaniyadagi saylovchilarga 1 million dollardan to‘lashga va’da berdi. Bu Mask tomonidan asos solingan, Trampni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi America PAC qo‘mitasi saytida e’lon qilindi.

Krasner pul o‘ynalishini «noqonuniy lotereya sxemasi» deb atadi. «America PAC qo‘mitasi va Mask fuqarolarni o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlaridan voz kechishga undab, ularga million dollar yutib olish evaziga siyosiy va’da bermoqda. Bu — lotereya. Va bu shubhasiz, noqonuniy lotereya», — deyiladi da’voda. Filadelfiya prokurorining qayd etishicha, Pensilvaniya qonunlari bo‘yicha lotereya faqat shtat tomonidan o‘tkazilishi kerak.

Da’voda ta’kidlanishicha, Mask g‘oliblar tasodifan tanlanayotganini aytsayotgan bo‘lsada, bir nechta g‘olib — Trampning Pensilvaniyadagi mitinglari ishtirokchilaridir. Krasnerning fikricha, Maskning lotereya qoidasi saylovchilarni chalg‘itmoqda.

Mask million dollar yutib olish imkoniyati evaziga imzo chekishni so‘rayotgan petitsiya AQSh Konstitutsiyasining so‘z erkinligi va qurol olib yurish huquqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. 

Mask Pensilvaniya saylovchilari o‘rtasida har kuni g‘oliblar e’lon qilinishi aytganidan keyin, Adliya vazirligi pulni bu usulda tarqatish saylovchilarni rag‘batlantirishni taqiqlaydigan federal qonunlarni buzish ekanidan ogohlantirgan edi.

AQShda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Pensilvaniya — Donald Tramp hamda uning raqibi Kamala Harris uchun muhim shtatlardan biri hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: