Volkswagen kompaniyasi Germaniya hududida kamida uchta zavodini yopadi va o‘n minglab ish o‘rinlarini qisqartiradi. Bu haqda konsernning Volfsburgdagi ishlab chiqarish kengashi ma’lum qildi.
«Direktorlar kengashi Germaniyada kamida uchta zavodni yopmoqchi. Bunday qisqartirishlar zaruriy chora hisoblanadi», — deydi ishlab chiqarish kengashi rahbari Daniel Kavallo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qisqartirishlar baribir VW’ning barcha zavodlariga ta’sir ko‘rsatadi, butun boshli departamentlar yopilishi yoki xorijga ko‘chirilishi mumkin. «Ushbu rejalar VW’ning barcha zavodlariga taalluqli. Ularning hech biri bundan chetda qolmaydi», — deya ta’kidlaydi Kavallo.
Qayd etilishicha, konsernda ishlashni davom etadigan xodimlar ish haqi 10 foizga qisqarishi va kelgusi ikki yilda oshirilmasligiga tayyor turishi kerak.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning bu boradagi pozitsiyasi aniq: avtokonsern rahbariyatining o‘tmishdagi barcha ehtimoliy xato qarorlari «ishchilarga zarar yetkazmasligi kerak».
Volkswagen Germaniyada 10 ta zavodini boshqaradi, ularning oltitasi Quyi Saksoniyada, uchtasi — Saksoniyada va bittasi Gessenda joylashgan. Konsernning Germaniyadagi zavodlarida 120 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi.
Rejalashtirilayotgan ishlab chiqarishni yopish 2026 yilgacha 10 mlrd yevroni iqtisod qilishga yo‘naltirilgan xarajatlarni kamaytirish dasturining bir qismi bo‘ladi. Kompaniya elektromobillarga o‘tishda jon saqlab qolish uchun xarajatlarni optimallashtirishga qaror qilgan.