"Toshkentdagi saylovchilar tushlikka yaqin faollashadi" - Sherzodxon Qudratxo‘ja

O‘zbekiston 18:44 / 27.10.2024 4782

Bugun saylovchilar o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz beradigan, siyosiy partiyalar esa har bir ovoz uchun kurashadigan kun. Mamlakatda tonggi soat 08:00 saylov jarayonlariga start berilgan. Kun.uz muxbiri Yunusobod tumanida joylashgan 520-saylov uchastkasidagi jarayonlar bilan tanishdi.

Ushbu saylov uchastkasidagi ilk saylovchilardan biri O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bo‘ldi. U oilasi bilan kelib, o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berdi.

Kun yarmiga qadar saylovchilarning kelib-ketishi biroz passiv o‘tdi. Mazkur jarayonni Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘ja toshkentliklarning kech uyg‘onishi bilan izohladi:

Yirik shaharlar, xususan, poytaxt aholisi boshqa joylarda istiqomat qiluvchilarga nisbatan biroz kechroq uyg‘onadi. Dunyoning barcha megapolislarida o‘tkazilgan saylovlarda ham ovoz beruvchilar kun yarmiga yaqin, ya’ni 11:00-12:00 lardan keyin faollashadi. Ayni damda turgan saylov uchastkamiz Markaz 5 hududida joylashgan. Shu bois, saylovchilarning katta qismi tushdan keyin kelishini kutyapmiz”, – dedi u.

Saylov uchastkasida fuqarolarning ovoz berishi uchun alohida kabinalar tashkil etilgan. Saylovchilar yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 siyosiy partiya nomzodlaridan birini tanlamoqda. Mazkur saylovda ishtirok etayotganlar ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, ham mahalliy (viloyat, shahar va tuman) kengash deputatligiga nomzodlar uchun ovoz bermoqda.

520-saylov uchastkasida jami 2381 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Saylov uchastkasi rahbari Ravshan Rayimjonovning aytishicha, bu yerda 16-23 oktyabr kunlari muddatidan avval ovoz berganlar soni 92 nafarni tashkil qiladi.

Parlament sayloviga jami 851 nafar xorijiy kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tgan, ular saylov okruglariga borib, jarayonlarning qanday bo‘layotganini kuzatyapti. Jahon savdo markazlari assotsiatsiyasi direktori Vijay Kalantrining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi bu yilgi parlament saylovlari yuqori saviyada, tizimli tashkillashtirilgan:

4 dan ortiq saylov uchastkasiga bordim, hududlarda ushbu demokratik jarayonlar shaffoflik bilan o‘tyapti. Ovoz berayotgan odamlar alohida kabinalarga kirib, nomzodlarni tanlayapti, kuzatuvchilar saylovni diqqat bilan nazorat qilib turibdi. O‘ylashimcha, O‘zbekistonda bunday demokratik jarayonlar faollik bilan davom etadi”, ¬ deydi u

Qirg‘iziston Milliy axborot agentligi rahbari Nazarbek Shermataliyev esa jarayonda hech qanday nizom buzilishi holatini aniqlanmaganini, saylovchilar uchastkalarga ixtiyoriy tarzda tashrif buyurib, o‘zi istagan nomzodlarga ovoz berayotganini bildirdi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja esa bu yilgi parlament saylovining eng muhim jihati proporsional tizimga o‘tilganida ekanini aytdi.

Ilgari biz partiyalar deganda dasturlari bir-biridan farqlanmaydigan, egizakka o‘xshash tuzilmalarni ko‘rar edik. Hozir esa ularning faoliyatida sezilarli darajada xilma-xillik paydo bo‘ldi. Bu yilgi saylovlarda ham partiyalar, ham nomzodlar o‘zaro bellashishdi. “Debat holl”da tashkil etilgan munozaralarda “qalampir” usulidagi raundlar yo‘lga qo‘yildi, bunda nomzodlar bir-birining dasturida belgilangan vazifalar bilan tanishib, saylovchilarga berilayotgan va’dalarni o‘zaro muhokama qildi. Ushbu saylov siyosiy partiyalarga amaliy keys vazifasini o‘tadi. Partiyalar endi saylovga oldindan kuchliroq tayyorlanadi, raqiblarining nozik joylarini o‘rganadi, shu orqali bir-birining dasturini takrorlamaydi. Shuningdek, saylovchi oldida va’da qilgan dasturi manzilli bo‘ladi”, – dedi u.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston tarixida birinchi marta siyosiy partiyalar tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi. Bu galgi saylovlarda Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlariga jami 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga jami 24 850 nafar nomzod qo‘yilgan.

MSKning ma’lum qilishicha, ayni damda 11 ming 28 ta saylov uchastkalari faoliyat yuritmoqda, saylovchi sifatida respublika miqyosida 19 million 944 mingdan ortiq fuqaro ro‘yxatga olingan.

Ovoz berish jarayonlari kechki soat 20:00 ga qadar davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: