Bugun mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila a’zolari bilan birgalikda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berishda ishtirok etdi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 128-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.
Saylovda beshta: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etmoqda. Bu muhim voqea “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida, rivojlangan ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tmoqda.
O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazilmoqda. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.
Saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, jamiyat hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.
Joriy yilgi saylovlarning yana bir e’tiborli jihati – bu jarayon ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirilgan holda E-Saylov axborot tizimi orqali amalga oshirilganida namoyon bo‘ldi. Mazkur axborot tizimi saylovlarning ochiqligini yuqori bosqichga olib chiqdi.
Mamlakatimizdagi saylovlar yuqori demokratik tamoyillar asosida, ochiq va shaffof tarzda o‘tmoqda. Fuqarolar ham amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga xayrixoh bo‘lgan holda saylovlarda faol ishtirok etishmoqda.
Davlat rahbari 59-saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot qildi. Ular saylovlar ochiq, yuqori saviyada o‘tayotganini, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi oshganini ta’kidlashdi.
Nuroniylar mamlakatimizga tinchlik-farovonlik, Prezidentimizga sog‘lik-omonlik tilab duolar qildi.
Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar uchun qonunchiligimizda belgilangan sharoitlar yaratilgan. Joylarda 5 ming 770 ta okrug va 11 ming 28 ta, jumladan, 40 ta xorijiy mamlakatda 57 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Saylov jarayonini kuzatishda MDH, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi tarkibida 850 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. O‘z yurti va yashayotgan hududi taqdiriga daxldorligini his qilib, saylovlarda faol qatnashayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.