Gruziyada soat 20:00 da parlament saylovlariga ovoz berish jarayonlari yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasining soat 17:00 dagi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 50,6 foizi ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgan.
«Gruziya orzusi» partiyasidan saylangan Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ovoz berish jarayonlari yakunlangunga qadar hukmron partiya katta ustuvorlik bilan saylovda g‘alaba qozonayotganini ma’lum qilgandi. U saylov uchastkalaridan kelib tushayotgan ma’lumotlarga asoslangan.
«O‘zgarishlar uchun» muxolifat partiyasi yetakchisi Nika Meliya esa brifingda «Gruziya orzusi»ga qarshi bo‘lgan to‘rtta muxolifat partiyaning barchasi 5 foizli kirish to‘sig‘ini yengib o‘tayotgani va parlamentda ko‘pchilik o‘ringa umid qilayotganini bildirgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, «Gruziya orzusi» saylovchilarning 40 foizdan kamroq ovozini olmoqda.
«Imedi» telekanalining ma’lum qilishicha, «Gruziya orzusi» 56,1 foiz ovoz to‘plagan. «O‘zgarishlar uchun koalitsiyasi» va «Birdamlik — milliy harakat» partiyalari mos ravishda 12,6 foiz hamda 11,6 foiz to‘plagani aytilmoqda.
Muxolifat telekanali tomonidan o‘tkazilgan ekzit-pol natijalari quyidagicha: «Gruziya orzusi» — 40,9 foiz, «O‘zgarishlar uchun koalitsiyasi» — 16,7 foiz, «Birdamlik — milliy harakat» — 16,7 foiz, «Kuchli Gruziya» — 10,3, «Gruziya uchun» — 8,2 foiz.
Gruziya Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlarining dastlabki natijalarini yaqin soatlar ichida e’lon qiladi.
Biznesmen Bidzina Ivanishvili asos solgan «Gruziya orzusi» partiyasi 12 yildan beri hokimiyat tepasida.