“Pora kattalashgan sari suverenitet bilan savdolashish boshlanadi” – faollar bilan suhbat

O‘zbekiston 11:33 / 15.11.2024 29082

O‘zbekistonda mln dollarlab pora olish odat tusiga kirib qoldi. Kun.uz navbatdagi suhbatda faollar bilan tobora yiriklashib borayotgan korrupsiya va uning oqibatlarini tahlil qildi. Suhbatdoshlar fikricha, muammoning ko‘lami kattalashib borishi davlatchilikka raxna soladi, unga qarshi kurashishning yagona va ishonchli yo‘li – siyosiy iroda.

O‘zbekistonda mansabdorlarning pora olishi keskin kamayib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatlari ko‘paygan. Bu haqda oktyabr o‘rtalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lumot bergandi.

Ammo yaqinda Chirchiq, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida bo‘lgan keyslar buning aksini ko‘rsatayotgandek. Xo‘sh, aslida iqtisodiy jinoyatlar nima sabab sodir bo‘ladi, uni tiyib turish mexanizmlari qanday va bu borada biz qanday xatolar qilyapmiz? Ayni mavzuni muhokama qilish uchun Kun.uz siyosiy tahlilchi Hamid Sodiq hamda inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi.

– Dastlab suhbatni Chirchiq keysi bilan boshlamoqchiman. Xabaringiz bor, yaqinda Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari 1 mln dollarni olayotgan vaqtda ushlanib, qamoqqa olindi. Va bu holat ko‘pchilikda savol tug‘dirgan bo‘lsa kerak. Ya’ni boshqaruv vertikalida quyiroq mansab egalarining katta summada pora talab qilgani qanchalik hayratlanarli? Boshqaruv vertikalida shu sxemani qanday ko‘rasizlar?

Abdurahmon Tashanov: Mana ko‘rsatuvni gapning indallosidan boshladingiz, ya’ni jurnalist sifatida sizni poraning miqdorlari qiziqtirayotgani ko‘rinib turibdi. Hozir siz 1 mln dollar haqida gapirdingiz. Haqiqatan 1 mln dollar – jahon miqyosida olinganda ham kattagina mablag‘. Bu nimaga sarflanishidan qat’i nazar, pora sifatida olinadimi yoki investitsiyami, boshqami – nima bo‘lgan taqdirda ham 1 mln dollar kattagina summa hisoblanadi.

Va pora miqdorlariga shunchalik ajablanayotgan ekansiz, men bir-ikkita misollarni keltirmoqchiman, aslida bizda bundan bir necha barobar [yuqori] amaldorlar oladigan poralarning miqdori bor. Masalan, Kun.uz nashrining ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil dekabrida Markaziy bankning Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i, hozir hatto bu yerda ismlari ham yozilgan, aybsizlik prezumpsiyasidan kelib chiqib, hozir buni gapirmoqchi emasman, 20 mln dollar miqdoridagi pora bilan ifodalangan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan. Endi hozir u kishi ishlab yurganmish, balki tasdiqlanmagandir. Bundan tashqari, o‘tgan yilning iyul oylarida DXX barcha OAVga Toshkent viloyatida 10 gektar yerni olib berish evaziga 24 mln dollar talab qilgan davlat xizmatlari xodimi qo‘lga olingani xabarini berdi.

Demak, yaqin o‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Samarqand viloyati hokimi Turob Jo‘rayev degan odamning xizmat xonasida bir necha mln AQSh dollariga teng pora bilan ushlangan va 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Men bu yerda e’tiborni pora miqdorlarining kattarib borayotganiga qaratmoqchiman.

1999 yil dekabr oyida Shamsiyev degan Jizzax shahar prokurori 250 ming AQSh dollari pora olayotganda qo‘lga tushgan paytda mamlakatda judayam katta rezonanslarga sabab bo‘lgandi, hatto prezident darajasiga chiqqan edi. Chunki u paytda odamlar 250 ming dollar degan narsani tasavvur qilish imkoniyatlari qiyin edi. Mana bugun oddiy bloger yoki oddiy o‘quvchi ham mln-mln poralar haqida gapiryapti. DXMning xodimi keyinchalik oqlandi, buning orqa tomonlariga keyin o‘tamiz, 24 mln dollarning bir xabarda chiqayotgani normallashib boryapti. Bu – juda yomon tendensiya.

Biz yaqinda bir qitmirlik qildik, sun’iy intellektga pora miqdorlarining o‘sib borishini solib ko‘rdik, masalan 2030 yilgacha shu ketishda ketadigan bo‘lsa, o‘rtacha pora miqdori qancha bo‘ladi? 1999 yildagi 250 ming dollardan boshladik, hozirgi 2 mln, 3 mln dollarlarni kiritdik, 2030 yilga borib o‘rtacha pora miqdori mansabdorlar orasida 6 mln dollarga chiqdi. Ya’ni biz bu yerda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “zamhokim”lar mavzusi emas, balki umumiy pora miqdorlari haqida gaplashadigan bo‘lsak, bu juda ham ayanchli raqamlarni keltirib chiqaradi.

Endi men yaqin o‘tmishdan juda yaxshi xabarim bor, birinchi ma’muriyat deb gapiriladi, o‘sha paytda biz doimiy ravishda korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytinglarda juda yomon o‘rinlarni olardik, ya’ni oxirgi 3 ta o‘rindan bittasi doim O‘zbekistonniki bo‘lar edi. Nigeriya yoki Ozarboyjon yoki O‘zbekistonga o‘xshagan mamlakatlarning Transperency International degan xalqaro korrupsiya muammolarini o‘rganadigan tashkilot bor, ular reytinglar tuzishadi. Mirziyoyev boshqaruvga kelganidan keyin korrupsiya masalasiga e’tibor berildi, milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi. Kompleks nazorat tizimi joriy qilindi va pora miqdorlari biroz kamaygandek bo‘ldi. Hatto, siz yuqorida ham aytib o‘tdingiz, ya’ni pora olish epizodlari kamaygan. Men Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining statistikasini shubha ostiga qo‘ymoqchi emasman, lekin biz ko‘ryapmizki, korrupsion jinoyatlar kamayayotgani yo‘q.

Hatto, 500 nafardan ziyod odamlar korrupsion jinoyatlari sabab bo‘shatilib, chiqarilib, keyin yana korrupsion jinoyatlarga qo‘l urayotgan holatlari bo‘lsa. Yoki necha yillardan beri korrupsiyaviy ochiq reyestlar haqida gapirib kelinadi, bu masalaga qandaydir panjara ortidan qaralyaptimi yoki bu yengil masala sifatida ko‘rilyaptimi? Aslida bu davlatni ichidan yemiradigan bir muammo deb o‘ylayman.

Hamid Sodiq: Korrupsiyaning nazariy jihatlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, butun dunyoda korrupsiyalashgan davlatlar va korrupsiyaga qarshi kurashadigan davlatlar bor. Shu nuqtayi nazardan siyosiy rejim doirasida korrupsiyaga ham turlicha yondashiladi. Demak, ayrim davlatlar uchun korrupsiya bu – jinoyat. Ayrim davlatlar uchun tafakkur tarzi va tizim hisoblanadi. Ya’ni biz ma’lum bir davlatdagi korrupsiya haqida gaplashayotganda mana shu nuqtani aniqlamagunimizcha, to‘g‘ri xulosa qilolmaymiz.

Demokratik, qonun ustuvor, sud yaxshi ishlaydigan davlatlar uchun bu – jinoyat, unga jinoyat sifatida qaraladi. Lekin shunday davlatlar borki, bu – tizim. Ya’ni korrupsiya nafaqat jinoyat, tafakkur tarzi, tizim va yomon ko‘riladigan ijtimoiy hodisa, balki kerakli bo‘lgan tizim hisoblanadi. Korrupsiya orqali resurslar aylanadi va o‘sha davlatda islohotlar amalga oshiriladi. Ya’ni siz korrupsiyani to‘xtatib qo‘yadigan bo‘lsangiz, butun davlat falajlanib qolishi mumkin. Shuning uchun men taklif qilardimki, post-sovet davlatlarida bunga jinoyat emas, balki davlatning ma’lum bir qadamlarini tashlash uchun yordam berayotgan, qonundan tashqaridagi bitta tizim sifatida shu nuqtadan harakat qilish jarayonni tushunishga yordam beradi.

Shuning uchun ham bunday davlatlar [korrupsiyani] to‘xtata olmaydi, uning sababi bor. Politologiyada patrimonial rejimlar degan tushuncha bor yoki buni gibrid rejimlar deb ham atashadi. Bunday rejimlarning o‘ziga xos xususiyati – ular o‘zining resurslarini, ya’ni ma’lum bir siyosiy doiralarning byurokratiya uchun resurslarini qonundan tashqarida olishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday davlatlarda mansabdorlarning mulklarini registratsiyadan o‘tkazish masalasi, korrupsiyaga haqiqiy masalasi, manfaatlar to‘qnashuvi masalalari hamisha yurib ketmaydi, bunday qonunlarni qabul qilish qiyin bo‘ladi. Chunki korrupsiya – resurslarni taqsimlash vositasi hisoblanadi.

Tasavvur qiling, o‘sha 1 mln dollarni plastikka tashlab bo‘lmaydi, bank orqali olib bo‘lmaydi. Bu o‘sha qonunning doirasiga tushib qoladi. Shuning uchun davlatda ma’lum bir loyallik nuqtayi nazaridan ishonchga kirgan insonlar qatorida vertikal shakllantiriladi va bu vertikallar oylik uchun ishlamaydi. Ular o‘sha fidoyiligi, kecha-yu kunduz ishlagani, har qanday topshiriqni bajargani uchun tabiiy ravishda qulay yashashni istaydi. “Farzandlarim ham komfortda yashasin” deb shu narsaga hayotini bag‘ishlaydi. Shuning uchun buning atrofida judayam katta pul aylanadi va bu pullar budjet doirasida aylanmasligi kerak.

Nazariy jihatini aytsam, shu sababli bunday davlatlarda bu – kerakli tizim, buni to‘xtatadigan bo‘lsangiz, davlat falajlanib qoladi va resurslarning aylanmasini ta’minlaydi. Keyin yana bir jihati, patrimonial rejimlarda card-blansh shakllantiriladi. “carte blanche”ni oddiy tilga ko‘chiradigan bo‘lsak, bu konstitutsiya statusidagi yozilmagan bo‘sh konstitutsiya hisoblanadi. Ya’ni sizning qo‘lingizda muhr bosilgan, qo‘l qo‘yilgan qog‘oz bor, siz o‘zingizning hududingizda xohlagan normangizni hosil qilishingiz mumkin, loyallik doirasida. O‘zingiz boshqarasiz, bunday sharoitda uning iqtisodiy tomonini ta’minlaydigan tizim korrupsiya bo‘ladi. Bu yerda hattoki katta-katta ishlar mana shu tizimning platformasida qilinishi mumkin bo‘ladi.

Shuning uchun biz post-sovet davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda korrupsion tizim haqida gaplashishimiz kerak. Korrupsion tizimni o‘zgartirish uchun yana bitta tizim kerak. Ya’ni jinoyatga jazo kerak, bizda korrupsiya jinoyat emas-ku... Masalan, qaysi “zamhokim” bizda toza ishlayman deb boradi? Hech kim buni xayoliga keltirmaydi. Ya’ni mana shu riskni bilib boradi, demak, biladi tizim qanday ishlashini. Fikrimni tugatadigan bo‘lsam, jinoyatga qarshi kurashasiz, tizimga esa alternativ tizim berasiz, buning uchun Amerikani qayta ochish shart emas. Bunday tizimlar dunyoda tiqilib yotibdi, bunga faqat siyosiy iroda kerak.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov, Asror Almurodov.

Ko‘proq yangiliklar: