Savdo-sanoat palatasi har yili 1 aprelgacha maxsus elektron platformada mashhur xalqaro va milliy brendlar ro‘yxatini shakllantiradi va e’lon qiladi.
Hujjat bilan Milliy brend egalarini va nufuzli xalqaro brendlar hamkorlarini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi (SKJ)mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni tartibga soladi:
- murojaat qilish va arizani ko‘rib chiqish, shuningdek yordam ajratish tartibi;
- moddiy yordam predmeti va yo‘nalishlari;
- qo‘llab-quvvatlash miqdorlari va shartlari.
Xususan, mashhur xalqaro brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik sub’yektlari uchun:
- xalqaro standartlarni joriy etish, ekologik va muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlash, shuningdek brend egalari korxonalarida, xususan, ularning ishlab chiqarish maydonchalarida mutaxassislarning malakasini oshirish xarajatlari qoplanadi;
- mashhur xalqaro brendlar ostida kamida 1 million AQSh dollari miqdorida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda Jamg‘armadan moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Milliy brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari uchun quyidagi xarajatlarning 50 foizigacha qoplanadi:
- xalqaro standartlashtirish va sertifikatlash tizimlarini joriy etish, shuningdek milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) xorijiy vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish;
- xalqaro savdo maydonchalariga (marketpleyslarga) chiqish, xorijiy davlatlarda Made in Uzbekistan ko‘rgazma zallarida mahsulotlarni joylashtirish, xorijiy savdo uylarini tashkil etishda xonalarni ijaraga olish;
- xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish, joy ijarasi, ko‘rgazma stendlarini tashkil etish va Internetda reklama mahsulotlarini joylashtirish;
- ishlab chiqarish biznes-jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha axborot tizimlarini (CRM, ERP, CERM) joriy etish;
- kamida bir yil muddatga jalb etilgan malakali xorijiy mutaxassislarga ish haqi to‘lash.
Shuningdek, sanoat tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan mahalliy mutaxassislarning tasdiqlangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishi va malaka oshirishi uchun to‘lov amalga oshiriladi.