Telekommunikatsiya sohasida operatorlar va provayderlarga adolatli raqobat muhiti ta’minlanadi 

O‘zbekiston 13:06 / 23.10.2024 1033

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Senatorlar tomonidan dastlab “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi

Ma’lum qilinishicha, qonun bilan telekommunikatsiya bozori rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi va amaliyoti chuqur tahlil qilingan. Hujjatda telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi regulyator va ushbu bozorni rivojlantirish siyosatini olib boruvchi davlat organlarining vazifalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Jumladan, qonunda tartibga soluvchi organga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatlarda telekommunikatsiya infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirish vakolatlari berilmoqda. Tartibga soluvchi organ tomonidan operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini ta’minlanadi.

Shuningdek, tartibga soluvchi organning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilab qo‘yilyapti.

Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’yektlariga yengillik berish bilan birga hukumatning iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bo‘yicha strategik dasturining muhim qismi bo‘lgan telekommunikatsiya sektorining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: