«Siti» 6 ta gol urdi, «Real» birinchi o‘ringa qaytdi. Kun o‘yinlari

Sport 12:13 9301

Angliya: «MYu» o‘z tarixidagi eng yomon jamoa

«Manchester Yunayted» — «Brayton» 1:3
Gollar:
Fernandesh (23, penalti) — Minte (5), Mitoma (60), Ryutter (76).
«Manchester Yunayted» – Onana, Yoro, Maguayr, de Ligt, Fernandesh, Diallo, Dalot, Maynu (Garnacho, 64), Ugarte (Kolliyer, 64), Mazraviy (Antoni, 84), Zirkze (Hoylund, 84).
«Brayton» – Verbryuggen, Estupinyan (Lempti, 84), Dank, van Hekke, Veltman, Mitoma, Ayyari, Baleba (Gomes, 90+5), Minte (March, 69), Uelbek (Ryutter, 69), Joao Pedro (Ensiso, 90+5).
Ogohlantirishlar: Baleba (21), Minte (43), Ugarte (61), Maguayr (90+5), March (90+8), Yoro (90+8).

«Manchester Yunayted» so‘nggi vaqtlarda Yevropa top-klublari orasidagi eng yomon natijalarni qayd etmoqda. Navbatdagi mag‘lubiyat – bu safar «Brayton»dan qabul qilib olindi, holbuki ushbu jamoa ham inqiroz holatida edi (so‘nggi to‘qqiz turda faqat bir o‘yinda – «Ipsvich» ustidan g‘alaba qozongan).

Amorim shogirdlari o‘yinni o‘ta sust boshlashdi. Beshinchi daqiqada Baleba maydonning o‘z jamoasi darvozasi tomonidan turib hech qanday pressingga uchramasdan bir uzatma bilan «MYu»ning birato‘la 10 nafar futbolchisini vaziyatdan uzib qo‘ydi. Asosiy tarkibga qaytgan Maguayr orqaroqda qolib ketib, ofsayd chizig‘ini buzib qo‘ydi.

Bunday uzatmadan keyin Mitoma osonlik bilan jarima maydoniga kirib bordi va to‘pni yanada qulayroq vaziyatda turgan Mintega tashlab berdi, u esa amalda bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Shundan keyingina «MYu» uyg‘ondi va hujumkorlikni oshirdi. O‘yindagi keyingi to‘rt zarba mezbonlar tomonidan berildi. Fernandesh yaxshi vaziyatdan foydalana olmadi, uning jarima maydoni chizig‘idan yo‘llagan zarbasi o‘xshamadi.

Ammo ko‘p o‘tmay Brunu penaltini benuqson amalga oshirdi – darvozabon boshqa tomonga sakradi, to‘p boshqa tomonga yo‘l oldi. «MYu» uchun 11 metrlik jarima zarbasini Zirkzeye ishlagandi, jarima maydoni ichida Baleba uning bo‘ynidan ushlab qoldi. Bir tomondan fol u qadar qo‘pol emas, ammo futbolchi to‘pga ham o‘ynamagandi.

Tanaffus arafasida «Brayton» o‘yinni tenglashtirdi va bo‘lim yakunlariga ko‘ra to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha oldinga chiqib oldi. Bu holat ikkinchi bo‘lim boshida ham davom etdi. 53-daqiqada Joao Pedro mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi, ammo VAR vaziyatga aralashib, hujum vaqtida van Hekke Dalotning oyog‘iga tepgani aniqlandi. Bosh hakam monitorga bordi va portugaliyalik himoyachiga qo‘pollik sodir etilganini qay etib, golni bekor qildi.

Yetti daqiqa o‘tib esa Minte Mitomadan qarzini uzib, uni golli pas bilan ta’minladi. «Brayton» bir necha soniya ichida to‘pni o‘z darvozasi yaqinidan raqib darvozasigacha olib bordi va yaponiyalik futbolchi olis ustun oldida Mazraviydan ildamroq harakat qilib, g‘alaba golini urdi.

«MYu» futbolchilari hisobni tenglashtirish uchun oldinga tashlandi, ammo chinakam xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. «Brayton» esa uchinchi golini ham o‘z darvozasi oldidan boshlangan hujumda urdi. O‘tgan turda ko‘p vaziyatlarda qutqargan Onana bu mavsumda yana bir bor qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi – hech kim xalal bermayotgan joyda to‘pni qo‘lidan chiqib yubordi. Ryutter esa sovg‘adan foydalanib, to‘pni bo‘sh darvozaga kiritdi va shu bilan o‘yin masalasi hal bo‘ldi.

«MYu» o‘yindan birorta darvoza sohasiga borgan zarba yo‘llay olmadi. Yagona to‘g‘ri zarba – penaltidan. Jamoa bu mavsumda «Old Trafford»dagi o‘yinlarda oltinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Mavsumning 12 ta uy uchrashuvidan keyin bu qadar yomon ko‘rsatkich olis 1893/94 yillar mavsumida (7 mag‘lubiyat) qayd etilgandi.

«Brayton» to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi, «Yunayted» 13-o‘rinda qoldi. «MYu» bu mavsumni qanday qutqarishi mumkinligini tasavvur qilish ham qiyin. 

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Ruben Amorim o‘ta keskin gapirdi: «Biz «Manchester Yunayted» tarixidagi eng yomon jamoamiz. Buni tan olib, vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak».

«Nottinghem Forest» — «Sauthempton» 3:2
Gollar:
Anderson (11), Hadson-Odoi (28), Vud (41) — Bednarek (60), Onuachu (90+1).
«Nottinghem Forest» – Zels, Uilyams, Murillo, Milenkovich, Ayna, Anderson, Dominges (Yyeyts, 83), Hadson-Odoi (Silva, 38), Gibbs-Uayt (Sosa, 83), Elanga (Morato, 74), Vud (Avoniyi, 83).
«Sauthempton» – Remsdeyl, Harvud-Bellis, Bednarek, Bri (Smollboun, 86), Fernandesh, Uoker-Piters, Aribo, Dauns (Ugochukvu, 46), Sugavara (Menning, 58), Armstrong (Onuachu, 58), Archer (Sulemana, 58).
Ogohlantirishlar: Dauns (33), Uoker-Piters (57), Aribo (90+5), Ugochukvu (90+11).

«Nottinghem» autsayderlardan biriga qarshi o‘yinda qiyinchilikka uchramadi va ochkolar soni bo‘yicha «Arsenal» bilan tenglashib oldi. Nunu Eshpiritu Santu jamoasi doimo o‘yinning borishini nazorat qilishga intiladi, buning uchun esa birinchi bo‘lib hisobni ochish kerak bo‘ladi. Bu borada «o‘rmonchilar» ajoyib statistikaga ega, jamoa 22 turdan 18 o‘yinda birinchi bo‘lib gol urishgan. «Nottinghem» so‘nggi to‘qqiz turda sakkiz g‘alabaga erishdi, «Liverpul» bilan durang ham g‘alabaga teng. Bunday kuchli oraliq jamoaga kuchli uchlikda qolishni ta’minlamoqda.

«Ipsvich» — «Manchester Siti» 0:6
Gollar:
Foden (27, 42), Kovachich (30), Doku (49), Holand (57), Makeyti (69).
«Ipsvich» – Uolton, Devis, Jonson, Berjyess, OShi, Godfri (Tuanzebe, 64), Morsi, Kayuste (Luongo, 64), Klark (Filojin-Baydeys, 64), Hatchinson (Teylor, 73), Delap (Herst, 73).
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Ruben Diash, Akanji (ORayli, 72), Nunesh, Kovachich (Lyuis, 72), Gundo‘g‘an, Doku, de Bryuyne (Makeyti, 63), Foden (Grilish, 63), Holand (Mubama, 63).
Ogohlantirish: Nunesh (79).

Tabiiyki, shu kunlarda «Manchester Siti» bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan Holanddan Ipsvichda gollar qalashtirishini kutishgandi.

Ammo norvegiyalik futbolchi yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi, birinchi bo‘lim qahramoni esa Foden bo‘ldi. Fil shu kuni assistentlik bo‘yicha het-trik qayd etgan De Bryuynening yordamida ikki gol urdi, shuningdek Kovachichning goliga hammualliflik qildi.

Holand esa ikkinchi bo‘limda yana darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va bu safar xatoga yo‘l qo‘ymadi. Erling uchun bu chempionatdagi 17-gol, u faqat Salohdan bitta golga ortda qolmoqda.

Beshinchi goldan keyin Gvardiola hujum chizig‘i yetakchilari Holand, De Bryuyne va Fodenni maydondan oldi. Ammo o‘yin tabiati o‘zgarmadi, Kovachich belgiyalik jamoadoshi uslubida to‘pni oshirib berdi, 22 yoshli Jyeyms Makeyti esa to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi.

Shu tariqa, Pep boshqaruvida «Siti» APLda 13-bor bir o‘yinda 6 gol urdi. Endi u bu borada Arsen Vengerga yetib oldi va Aleks Fergyusonning rekordiga bir qadam qoldi. 

Inqirozdan chiqib olgan «Siti» turnir jadvalida ham ko‘tarilmoqda. Amaldagi chempionlar endi to‘rtinchi o‘rinda, ammo tur doirasidagi o‘yinini dushanba kuni o‘tkazadigan «Chelsi» bu o‘rinni yana qaytarib olishi mumkin.

«Siti»ni chempionlik poygasiga qaytdi deyish qiyin, zaxirasida bir o‘yini bor «Liverpul»gacha 12 ochko bor. Qolaversa, Gvardiola jamoasini oldinda o‘ta qiyin taqvim kutmoqda:

«PSJ» bilan safarda (Chempionlar ligasi);
«Chelsi» bilan uyda (APL);
«Bryugge» bilan uyda (Chempionlar ligasi);
«Arsenal» bilan safarda (APL);
«Leyton Oriyent» bilan safarda (Angliya Kubogi);
«Nyukasl» bilan uyda (APL);
«Liverpul» bilan uyda (APL);
«Tottenhem» bilan safarda (APL);
«Nottinghem Forest» bilan safarda (APL).

Ispaniya: Alabaning qaytishi va Anchelottining yubileyi

«Real» — «Las-Palmas» 4:1
Gollar:
Mbappe (18 penalti, 36), Dias (33), Rodrigo (57) — Silva (1).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger (Alaba, 76), Asensio, Vaskes (Aguado, 87), Valverde, Sebalos (Andres, 83), Bellinghem, Dias (Guler, 76), Rodrigo (Endrik, 84), Mbappe.
«Las-Palmas» – Sillessen, Munos (Luaodis, 58), Makkenna, Ersog (Benito Ramires, 46), Suares, Moleyro (Fuster, 58), Rodriges, Marmol, Xavi Munos, Sandro Ramires (Kardona, 80), Fabiu Silva (Makberni, 69).
Ogohlantirish: Sandro Ramires (45+3).
Chetlatish: Benito Ramires (64).

«Atletiko» yutqazdi, «Barselona» durang o‘ynadi — shanba kungi natijalar «Real» uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Va madridliklar bo‘shashib, «Las-Palmas»ga 27-soniyadayoq hisobni ochishga imkon berishdi. Lukas Vaskes mudofaadagi navbatdagi pozitsion xatoga yo‘l qo‘ydi, u Sandro Ramiresning uzatmasiga ochilgan Fabiu Silvani o‘tkazib yubordi. Keyin esa mezbonlar tezda javob qaytarish imkoniyatidan foydalana olishmadi, Braim Dias Rodrigoning uzatmasidan keyin bo‘sh burchakka aniq zarba yo‘llay olmadi. Lekin bu xato zarba muqarrar golni shunchaki kechiktirdi, Ramires o‘z jarima maydoni ichida Rodrigoga qo‘pollik ishlatganidan keyin Mbappe penaltini aniq ijro etib, muvozanatni tikladi.

Keyin ma’lum bo‘ldiki, «Las-Palmas» tezkor goli bilan mezbonlarning jahlini chiqarib yuborgan va tanaffusgacha hisob ishonchli ko‘rinishga keldi. Vaskes aybini yuvdi va Diasni golli pas bilan ta’minladi. Mbappe esa Rodrigoning uzatmasidan keyin to‘pga bir teginishda uchinchi golni urdi. Mbappening yana bir goli VAR orqali bekor qilindi.

Lekin ikkinchi bo‘limda videotakror yordamida qaymoqranglilar son jihatdan bir kishi ko‘p bo‘lib qoldi, Benito Ramires butsasining ostki qismi bilan Vaskesga zarba bergandi.

Bu vaqtga kelib o‘yinning eng faol futbolchisi bo‘lgan Rodrigo o‘z golini urib bo‘lgandi.

Bunday vaziyatda 4:1 — hali hammasi emasdi. Bellinghem ham standart vaziyatdan keyin darvozani ishg‘ol etdi. Ammo bu gol Ryudiger ofsaydda qolgani tufayli bekor qilindi. O‘yin oxiridagi asosiy voqea esa — Alaba olqishlar ostida maydonga tushishi bo‘ldi. Xoch bog‘lamlarini jarohatlab olgan avstriyalik himoyachi 2023 yil 17 dekabrdan buyon o‘ynamayotgandi. Madridliklar o‘yin oxirida yana bir gol urishdi, Valverde uzoq masofadan ideal zarba berdi, ammo Vaskes ofsayddaligi tufayli hisob o‘zgarmay qoldi. Shu kuni «o‘yindan tashqari» holat Anchelotti jamoasini uch goldan mahrum qildi, ammo bu shu unga la ligadagi 150-g‘alabasini nishonlash uchun to‘sqinlik qilolmadi.

Amaldagi chempionlar endi turnir jadvalida peshqadamga aylanib oldi va bor e’tiborini YeChLga qaratishi mumkin. «Atletiko» ikki ochko orqada, «Barselona» — bilan farq esa yettitaga yetgan.

Italiya: «Inter» «Napoli»ni o‘zidan qochirib yubormayapti

«Verona» — «Latsio» 0:3
Gollar:
Jigo (2), Dia (41), Zakkani (58). 
«Verona» – Montipo, Gilardi, Koppola, Davidovich (Livramento, 46), Suslov (Kastanos, 65), Bradarich, Duda, Serdar, Chatchua (Faraoni, 73), Sarr (Belaen, 73), Tengstedt (Lazovich, 65).
«Latsio» – Provedel, Tavaresh (Pellegrini, 73), Xila, Jigo (Romanioli, 66), Hyusay, Rovella (Kastrovilli, 84), Genduzi, Dzakkani (Dele-Bashiru, 66), Dia, Isaksen (Pedro, 66), Kastelyanos.
Ogohlantirishlpr: Jigo (14), Davidovich (26), Koppola (48), Bradarich (49), Tavaresh (72), Gilardi (77), Duda (78).
Chetlatish: Duda (89).

«Yuventus» to‘rtinchi o‘rinni o‘zida ko‘p vaqt saqlab qola olmadi, yakshanba kuni «Latsio» YeChL hududiga qaytdi. «Burgutlar» oldingi uch turda muvaffaqiyatsiz ishtirok etib (=2-1), peshqadamlar bilan orasini uzoqlashtirib yuborgandi, ammo Veronada rimliklar osonlik bilan g‘alabaga erishdi. Jigo Dzakkanining burchakdan uzatmasini golga aylantirib hisobni ochdi. Dia esa raqib himoyachilari uchun haqiqiy dahshatga aylandi. U o‘z reydi bilan himoyachilarni mashg‘ulot manekenlariga aylantirdi. Ikkinchi bo‘limda esa Dia «Verona» futbolchisining darvozabonga uzatmasiga ega chiqib, Dzakkanini golli pas bilan ta’minladi. O‘tgan mavsumda «Verona»da ishlagan Marko Baroni sobiq jamoasiga rahm qilib o‘tirmadi.

«Inter» — «Empoli» 3:1
Gollar:
Martines (55), Dumfris (79), Tyuram (89) — Espozito (84).
Inter – Zommer, Karlos Augusto, de Vrey, Pavar (Darmian, 85), Dimarko (Bastoni, 77), Zelinski (Mxitaryan, 69), Aslani, Barella, Dumfris, Torimiy (Tyuram, 69), Martines (Arnautovich, 78).
«Empoli» – Vaskes, Petssella (Sambiya, 83), Gyasi, Viti, Ismayli, De Shilio (Goglichidze, 66), Kakache (Jurkovski, 83), Grassi (Henderson, 73), Male, Fatssini (Espozito, 66), Kolombo.

Hafta o‘rtasida «Inter» «Bolonya»ga qarshi qoldirilgan o‘yinda ochko yo‘qotib, soyadagi peshqadam maqomidan ayrilgandi. Bu safar amaldagi chempionda xato qilish huquqi yo‘q edi. Shu bilan birga, Simone Indzagi YeChLda navbatdagi tur o‘yinini ham yoddan chiqarmadi va tarkibda rotatsiya qildi. O‘yin neradzurrilar uchun oson kechmadi, ammo yakunda Lautaro Martines uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Bu argentinalik hujumchining milanliklar safidagi 111-goli bo‘ldi va u legioner to‘purarlar orasida vatandoshi Ikardiga tenglashib oldi. Undan yuqorida faqat o‘tgan asr o‘rtalarida 133 gol urgan vengriyalik Ishtvan Nersh bor.

Bu o‘yin masalasini esa amalda Dumfris kornerdan keyin boshda urgan goli bilan hal qildi. Bu o‘z vaqtida urilgan gol bo‘lib chiqdi, chunki ko‘p o‘tmay «Empoli»ga ijaraga berilgan Sebastyan Espozito sobiq klubini ranjitdi. Ko‘p o‘tmay mezbonlar safidagi jokerlar — Arnautovich va Tyuram uchinchi golni uyushtirib, muxlislarni asabiy yakundan qutqarib qoldi. «Inter» hamon «Napoli»dan uch ochkoga ortda qolmoqda, ammo inqiroz holatidagi «Fiorentina» bilan zaxira o‘yini bor.

Fransiya: uy o‘yinlari kompleksi

«Marsel» – «Strasbur» 1:1
Gollar
: 0:1 – 23 Emega, 1:1 – 68, penalti Grinvud.
«Marsel» – Ruli, Brasse, Balerdi, Kornelius (Lirola, 46), Rabio, Grinvud, Garsiya (Merlen, 61), Heyberg, Nadir (Rou, 61), Luis Enrike, Mope (Vas, 46).
«Strasbur» – Petrovich, Dukure, Sarr, Uattara, Due, Santos, Nanasi (Senaya, 76), Lemareshal, Diarra, Bakva (Sebas, 76), Emega.
Ogohlantirishlar: Emega (26), Due (28), Lemareshal (42), Lirola (71), Vas (90+3), Brasse (90+5).

Fransiyada YeChL yo‘llanmasi uchun da’vogarlar ko‘p qoqilmoqda. «Monako» qatorasiga yetti o‘yinda g‘alaba qozona olmadi va kuchli uchlikni tark etdi va o‘rnini «Lill»ga bo‘shatib berdi. Bu jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi «Nitssa»ni mag‘lub etdi (2:1). «Marsel»da ta’qibchilardan uzoqlashish va ikkinchi pog‘onani mustahkamlash uchun ideal vaziyat yuzaga kelgandi. Ammo yakshanba kungi o‘yinning birinchi bo‘limi provansallar ssenariysi bo‘yicha kechmadi. Ular to‘pga va hududlarga egalik qilishdi, ammo himoyada xatoga yo‘l qo‘yib, Emega «Strasbur»ning 45 daqiqa davomidagi yagona zarbasini golga aylantirdi.

Ikkinchi bo‘limda elzasliklar darvozasi qarshisida ham xavfli vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Mehmonlarni goh darvozabon qutqardi, goh darvoza ustuni yoki to‘sini yordamga keldi, goh «Marsel» futbolchilariga aniqlik yetishmadi. Faqat shu kuni chempionatda debyut qilgan 17 yoshli Vasning jonkuyarligi bilan mezbonlar penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi va Grinvud zarba berishda adashmadi. Keyin mezbonlar yana himoyada xatoga yo‘l qo‘yishdi va faqat raqibning noaniq zarbasi mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Roberto De Dzerbi jamoasining yoqimsiz an’anasi davom etadi, jamoa safar o‘yinlarida qanchalik yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa,  «Velodrom»da shunchalik qiynalmoqda. Jamoa o‘z uyidagi to‘qqiz o‘yindan faqat uchtasda g‘alaba qozongan (+3=4-2).

Ko‘proq yangiliklar: