Donald Tramp o‘z yordamchilariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon suhbatini tashkil etishni topshirdi, uning davomida AQShning saylangan prezidenti Putin bilan Ukrainadagi urushni tugatish variantlarini muhokama qilish uchun shaxsiy uchrashuvni kelishib olish niyatida. Bu haqda 19 yanvar, yakshanba kuni CNN manbalarga tayangan holda o‘z saytida ma’lum qildi. Ularning fikricha, suhbat Tramp davlat rahbari lavozimiga kirishganidan keyingi dastlabki kunlarda bo‘lib o‘tishi kerak.
Saylov kampaniyasi davomida Donald Tramp prezidentlik qasamyodini qabul qilganidan keyin 24 soat ichida Ukrainadagi urushni tugatishga va’da bergan edi. Biroq, endi u bu va’dasini bajara olmaydiganga o‘xshaydi. Tramp va uning jamoasi Ukraina bo‘yicha yangi prezidentlik muddatining birinchi oylarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan kelishuv loyihasi ustida ishlashni tezda boshlashga umid qilmoqda, deb yozadi nashr.
Ukraina bo‘yicha Tramp-Putin muloqotiga tayyorgarlik
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning milliy xavfsizlik guruhi AQSh saylangan prezidenti va Vladimir Putin o‘rtasidagi qo‘ng‘iroqqa bir necha hafta oldin tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Ushbu suhbatning sanasi kelishilganmi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.
2024 yil dekabrida Putin Tramp bilan istalgan vaqtda uchrashishga tayyorligini aytgan edi. Keyinroq Rossiya prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov VGTRK jurnalisti Pavel Zarubin bilan suhbatda: «Odatda, hokimiyat tepasiga kelgan prezident... birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qiladi», deya Amerika tomoni qo‘ng‘iroq tashabbusi bilan chiqishi mumkinligini nazarda tutdi.
Serbiya va Shveytsariya allaqachon Donald Tramp va Vladimir Putinning ehtimoliy uchrashuvi uchun joy ajratishga tayyorligini ma’lum qilgan. Trampning inauguratsiyasi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.