20 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov 2024 yil O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda jami 6 ming 898 nafar shaxs tomonidan 5 ming 716 ta jinoyat sodir etilgan. 2023 yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar «Hududgazta’minot» AJ, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida esa oshgan. Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida 2024 yilda 309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
Hududlar kesimida korrupsiyaga oid jinoyatlar Toshkent viloyatida, Toshkent shahrida va Samarqand viloyatida eng ko‘p sodir etilgan. Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida korrupsiyaviy jinoyatlar kam sodir etilgan.
Shuningdek, agentlikka 2024 yil davomida jami 4 176 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat mahalliy hokimliklariga 55 ta so‘rovnoma yuborilgan. Qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 7 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, shundan 1 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 19 ta qabul qilingan qarorlar bekor etilgan, 6 ta jinoyat ishi, 10 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Agentlikka ko‘ra, 327 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra 327 ta loyihaning 71 foizida yoki 233 tasida 676 ta korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xaridlari, davlat organlarining ochiqligi hamda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha vazirlik va idoralarga 408 ta taqdimnoma kiritilgan.
Taqdimnomalar natijasida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 85 nafar shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llandi, 234 ta holatda jami 263,9 mlrd so‘mlik xaridlar bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridlari o‘tkazilishining oldi olindi.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga huquqiy baho berish uchun 293 ta materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, ular asosida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan umumiy 28 ta jinoyat ishi va 104 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 222,7 mlrd so‘mlik moddiy zararning davlat budjetiga qaytarilishi yuzasidan qarorlar qabul qilingan.
Shuningdek, ochiqlikka oid qonun hujjatlari talablarini buzgan 5 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llandi.