Sun’iy intellekt shifokorlarga rentgen tasvirlari orqali suyaklar sinishini aniqlashga yordam beradi

Fan-texnika 00:12 / 23.10.2024 2318

Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash va tibbiy yordamni takomillashtirish instituti (NICE) sun’iy intellekt rentgen tasvirlarini tahlil qilishda shifokorlar tomonidan ko‘zdan qochirilgan siniqlarni kamaytirishga yordam berishi mumkinligini ma’lum qildi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, mazkur texnologiya xavfsiz va tashxis qo‘yish jarayonini tezlashtirishi mumkin, shu bilan birga u shifokorlarga tushadigan bosimni qisqartirishga xizmat qiladi. Angliya tez yordam xizmatiga sun’iy intellektga asoslangan to‘rtta vositadan foydalanish tavsiya etiladi.

Bunda sun’iy intellektning o‘zi yolg‘iz ishlamaydi — har bir tasvir tibbiyot xodimi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi.

NICE’ning qayd etishicha, suyak sinishi bilan bog‘liq 3-10 foiz holatlarda tashxis to‘g‘ri qo‘yilmaydi — bu tez yordam bo‘limlarida eng ko‘p uchraydigan xatolik. Har kuni minglab rentgen tasvirlarini tahlil qiladigan malakali mutaxassislar esa Milliy sog‘liqni saqlash tizimiga yetishmaydi — mamlakatdagi rentgenolog vakansiyalarining 12,5 foizi bo‘sh.

«Sun’iy intellektning mazkur texnologiyalaridan foydalanish xavfsiz va inson ko‘zdan qochirgan siniqlarni aniqlashga qodir», — deydi NICE’ning sog‘liqni saqlash sohasidagi texnologiyalari bo‘yicha direktori Mark Chepmen. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt, shuningdek, tashxis qo‘yishni tezlashtirishi va shifokor qabuliga qayta tashriflar sonini qisqartirishga xizmati qilishi mumkin.

Avvalroq AQSh tez orada Xitoydagi sun’iy intellekt texnologiyalariga investitsiya kiritishni cheklashi to‘g‘risida xabar berilgandi. Hozirda Xitoydagi sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika texnologiyalari sohasiga kiritiladigan investitsiyalarni tartibga soladigan yakuniy qoidalar tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: