Ushbu fojia Ozarboyjon xalqining xotirasida ham qayg‘uli, ham faxrli kun sifatida saqlanib qolgan. Qonli yanvar qatliomi Ozarboyjonning mustaqillik yo‘lidagi qaytarilmas qarorini ifodalaydi. Shahidlar qoni bilan yozilgan bu tarix xalqning ozodlik kurashi ramziga aylangan.
20 yanvar va Ozarboyjon tarixida avval yuz bergan boshqa fojiali voqealar XX asr davomida xalqqa qarshi amalga oshirilgan rejali siyosatning bir qismi edi. Sovet hokimiyati qo‘llab-quvvatlagan Qorabog‘dagi separatizm, ozarboyjonliklarning arman yerlaridan majburan chiqarilishi va xalqqa qarshi sodir etilgan genotsidlar ushbu siyosatning tarkibiy qismi hisoblanadi, deb yozadi AzerTAC.
Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi bosh kotibi Mixail Gorbachyovning buyrug‘i bilan 1990 yil 19 yanvardan 20 yanvarga o‘tar kechasi sovet armiyasi qo‘shinlari Bokuga va Ozarboyjonning boshqa hududlariga kiritildi. Qurolli hujumlar natijasida yuzlab begunoh insonlar halok bo‘ldi va yaralandi. Bu voqealar totalitar sovet rejimining jinoyatchilik mohiyatini butun dunyoga namoyish etdi.
Sovet qo‘shinlarining Bokuga kirishi o‘ta shafqatsizlik va mislsiz vahshiylik bilan kechdi. Favqulodda holat e’lon qilinishidan oldin 82 nafar tinch aholi vakillari o‘ldirildi, 20 nafari esa og‘ir yaralandi. Bu holat rejimning xalqning erkinlik istagini qonga botirish uchun hech qanday insoniy qadriyatlarga rioya qilmaganligini isbotladi.
O‘sha tun sovet qo‘mondonligi buyruqlari bilan 65 ming kishilik qurolli kuchlar, jumladan, arman millatiga mansub askar va ofitserlar Bokuga besh yo‘nalishdan hech qanday ogohlantirishsiz kirdi. Tanklar va zirhli texnikalar yo‘ldagi mashinalar va odamlarga qarata ajratib o‘tirmasdan o‘t ochdi. 20 yanvar kuni va keyingi bir necha kun davomida Bokuda, Neftchala va Lenkaran hududlarida jami 147 kishi halok bo‘ldi, 744 kishi yaralandi, 800 dan ortiq odam hibsga olindi.
Xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti «Shit» ekspertlari hisobotida fojianing miqyosi haqida shunday deyiladi:
«Insonlar o‘ta shafqatsizlik bilan va yaqin masofadan otib tashlangan. Masalan, Y.Meyerovichga 21, D.Xonmammadovga 10 dan ortiq, R.Rustamovga 23 o‘q tekkan. Kasalxonalar, tez yordam mashinalari o‘qqa tutilgan, shifokorlar o‘ldirilgan. Ayrim odamlar nayzalar bilan o‘ldirilgan. Ular orasida ikki ko‘zi ko‘r bo‘lgan B.Yefimsev ham bor edi. Kalashnikov avtomatlarining maxsus o‘qlaridan foydalanilgan».
Ozarboyjon xalqining 20 yanvar voqelariga o‘zi guvoh bo‘lgan minglab tirik shohidlari bor. Sovet imperiyasining Ozarboyjonda sodir etgan harbiy jinoyatlari va uning og‘ir oqibatlari xalqning matonati va mustahkamligini namoyon etuvchi eng ta’sirli dalillardan biridir. Ushbu voqealarni aks ettiruvchi fotosuratlar, qon bilan yo‘g‘rilgan Boku kechasi, begunoh insonlarning ko‘chalarda yotgan jasadlari va shahidlar dafn marosimidagi yig‘in xalqning boshidan o‘tgan og‘ir kunlarning achchiq haqiqatini yana bir bor yodga soladi.
20 yanvar nafaqat Ozarboyjon tarixidagi fojia, balki xalqning erkinlik va mustaqillik yo‘lida ko‘rsatgan qahramonliklari sifatida tarixga muhrlandi. Shahidlar dafn marosimidagi ulkan yig‘in xalqning chuqur qayg‘usi, bir paytning o‘zida milliy birdamlik va yagona maqsad yo‘lida qanday jipslashganligini butun dunyoga ko‘rsatdi. Bu lahzalarni abadiylashtirgan fotosuratlar xalqning ozodlik uchun olib borgan kurashining unutilmas guvohliklaridir.
Ozarboyjon xalqining umumiy lideri Haydar Aliyev shunday degan edi: «20 yanvar voqeasining tariximizdagi ahamiyatini vaqt o‘tishi bilan yanada chuqurroq anglaymiz».
35 yil oldin boshlangan bu mashaqqatli va sharafli yo‘l 1991 yil 18 oktyabrda Ozarboyjon davlat mustaqilligiga olib keldi. 2020 yilda 44 kunlik urush natijasida erishilgan ulkan Qorabog‘ g‘alabasi va 2023 yilning sentabrida o‘tkazilgan antiterror operatsiyalari bilan mamlakatning hududiy yaxlitligi va suvereniteti to‘liq tiklandi. Shu sababli, xalq 20 yanvar fojiasining 35 yilligini katta faxr va iftixor bilan nishonlamoqda.
Vaqt o‘tishi bilan Qonli yanvar voqealari yanada chuqurroq ma’noga ega bo‘lib, xalqning mashaqqatli yo‘li va jasorati oydinlashmoqda. O‘sha sovuq qish kechasi, qurolsiz xalqning to‘liq qurollangan sovet askarlari tomonidan otib o‘ldirilishi va tanklar ostida ezilishi, aslida, Ozarboyjonning ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi birinchi katta qadami edi.
Fojiadan keyin Ozarboyjon to‘liq axborot blokadasiga tushib qoldi. Lekin bu sukutni Moskvada yashagan Haydar Aliyev buzdi. 1990 yil 21 yanvar kuni u o‘z oilasi bilan Moskvadagi Ozarboyjonning doimiy vakolatxonasiga kelib, xalq bilan birdam ekanini namoyish qildi va Sovet hokimiyatining qonli jinoyatlarini keskin qoraladi. U bu voqealarni qonunga, demokratiyaga va insonparvarlik tamoyillariga zid deb baholadi. Aliyevning ushbu bayonoti tufayli butun dunyo Ozarboyjon xalqiga qarshi qaratilgan Sovet terrori haqida xabardor bo‘ldi.
O‘sha yilning 20 noyabrida Naxchivon Muxtor Respublikasi Oliy Majlisining sessiyasida Haydar Aliyev Qonli yanvar voqealarini Ozarboyjon xalqining suveren huquqlariga qaratilgan harbiy tajovuz sifatida baholadi. U o‘z chiqishida shunday dedi:
«19-20 yanvarda sodir bo‘lgan bu fojia Sovet Ittifoqi siyosiy rahbariyatining, xususan, Gorbachyovning diktatorlik intilishlari oqibatida yuzaga kelgan, shuningdek, Ozarboyjon rahbarlarining xalqqa nisbatan xiyonati natijasidir. Bu, xalqimizga qarshi harbiy tajovuz va haqoratdir».
Ertasi kuni, 21 noyabrda, Naxchivon Oliy Majlisida 20 yanvar fojiasiga ilk bor siyosiy-huquqiy baho berildi. Ushbu hujjat xalqning umumiy fikrini ifoda etgan tarixiy ahamiyatga ega hujjat sifatida e’tirof etildi.
Bu voqealar xalqimizning mustaqillik uchun kurashidagi qat’iyatini, milliy birdamligini va erkinlikka bo‘lgan intilishini yana bir bor isbotlab berdi. 20 yanvar voqealari unutilmas tarixiy saboq va milliy iftixor manbai bo‘lib qolmoqda.
Shahidlarning qoni Ozarboyjon xalqining jasorati, ozodlik va mustaqillik orzularining ramzi sifatida muqaddas hisoblanadi. Umummilliy lider Haydar Aliyev bu haqiqatni shunday ifoda etgan edi:
«U qonning har bir tomchisida xalqimizning qudrati, qahramonligi va milliy ozodlik orzusi mujassam. U kechada to‘kilgan qonlar muqaddasdir. Bu qonlar xalqimizning asrlar davomida ozodlik uchun to‘kilgan qonlariga qo‘shildi. Ular milliy bayrog‘imizning ustida namoyon bo‘lgan mustaqilligimizning ramzidir».
Ozarboyjon xalqining ozodlik va zafar yo‘li aynan 20 yanvar kechasida boshlangan. Ozarboyjon bu davr mobaynida mislsiz rivojlanish yo‘lini bosib o‘tib, mintaqada va butun dunyoda nufuzli davlatga aylandi. Mustaqillik esa abadiy va qaytarilmas tus oldi.
20 yanvardan keyin Shahidlar xiyoboni xalqimizning eng muqaddas ziyorat maskanlaridan biriga aylandi. Boku shahrining eng baland nuqtalaridan birida joylashgan ushbu muqaddas joy xalqning qayg‘usi, matonati va mustahkam iroda ramziga aylandi. Har yili shahidlarning fidoyiligi natijasida erishilgan ozodlik va milliy birdamlik e’tirof etiladi.
Shahidlarning jasorati tufayli Ozarboyjon xalqining ozodlik orzulari amalga oshdi. Qorabog‘ yerlari aynan ularning jon fido qilishi va to‘kilgan qoni evaziga ishg‘oldan ozod etildi. Bugun esa Ozarboyjonning davlat bayrog‘i mamlakatning har bir hududida katta g‘urur bilan hilpiramoqda.